Bosh prokuratura dahlsizlik huquqidan mahrum qilingan andijonlik deputat Shuhratbek Karimovning kompaniyasi harakatlari oqibatida bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilganini aytmoqda. Adliya vazirligi «deputatni tintuv qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniy» ekanligini ta’kidladi. Vazirlik deputatlar daxlsizligini buzganlarga chora ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Paralimpiya qo‘mitasi tashkil etilgani, ID kartasi bor haydovchilarning YPX xodimlariga ayrim hujjatlarni taqdim etmasligi, O‘zbekistonga keltirilgan 500 ming doza vaksina, yangi tez yordam mashinalari va SamDUning Kattaqo‘rg‘on filiali — «Gazeta.uz»ning 19 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Noqonuniy ravishda yer uchastkalari ajratish va shahar hokimining qarorlariga qarshi chiqib kelayotgan Andijon shahar kengashi deputati Shuhratbek Karimov prokuror taklifi bilan daxlsizlik huquqidan mahrum etildi. Bunga ushbu deputat ta’sischi bo‘lgan kompaniyaga qarshi jinoiy ish sabab bo‘lgan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va jamoatchilik deputatni qo‘llab-quvvatladilar. Senat komissiyasi vaziyatni o‘rganmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jahon banki delegatsiyasi yangi besh yillik hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib oldilar. Hamkorlik kun tartibiga qashshoqlikni kamaytirishni qo‘llab-quvvatlash, jadallashtirilgan sanoatlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurash kabi yo‘nalishlar kiradi.
BMT Bosh assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. Bu tashabbus bilan O‘zbekiston prezidenti chiqqan edi.
Tibbiy sug‘urtani joriy qilish muhimligini ta’kidlagan prezident, Jahon banki va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi bitimlar, metroda ish soatlarining o‘zgarishi, hokimning mahfiy qarori sababli tovon puli ololmagan tadbirkor hamda poytaxt hokimining o‘rinbosari mahalla raisiga nisbatan kuch ishlatgani — «Gazeta.uz»ning 18 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Seshanba kungi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev tibbiy sug‘urta bo‘yicha Sirdaryo tajribasini tezroq butun respublikada hayotga tadbiq etish zarurligini qayd etdi. Bundan tashqari, jarrohlik amaliyotini talab etmaydigan yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari, teri kasalliklariga diagnoz qo‘yish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini tumanlarda amalga oshirish kerakligi aytildi.
1 avgustga qadar Sirdaryodagi, 1 noyabrgacha esa Toshkent shahridagi barcha poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Gulistondagi oilaviy poliklinikani tajriba doirasida xususiy sheriklikka berish ko‘zlanmoqda.
Prezident tibbiyot sohasiga bag‘ishlangan videoselektorda respublikadan ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri sarflanmayotganini tanqid qildi. «Bepul tibbiyot yo‘q, hammayoqda korrupsiya deyapti odamlar», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari sohada o‘zgarish qilish shart bo‘lgan 5 ta yo‘nalishni belgilab bergan.
Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrifida Andijon viloyatidan noyabr oyida davolanish uchun kelgan 11-sinf o‘quvchisi Roziya Bozorboyeva bilan uchrashdi. Prezident Roziyaning Andijon tibbiyot institutiga kirish orzusiga javoban “Andijon tibbiyot institutiga bugun kirdi!” deya ta’kidladi.
O‘zbekiston prezident Qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyat tiladi.
Prezident shu hafta Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashadi. Qolaversa, Qozog‘iston prezidenti bilan telefonda muloqot qilish hamda Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Anna Berde bilan uchrashuvlar ham rejada bor.
«Falastin va Isroildagi voqealar, Al-aqso masjidi atrofidagi harakatlar haqida gapirar ekanmiz, biz faqat tinchlik bo‘lishi tarafdorimiz. Albatta, har qanday masala bir stol atrofida o‘tirib, murosa qilinsagina hal bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident shuningdek, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqayotganidan kelib chiqib, ushbu mamlakatda tinchlikni saqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi yakunida hadli memorandumlar o‘rniga, aniq vazifalarni o‘zida mujassam etgan o‘zaro anglashuv kelishuvlari imzolanadi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifingda davlat rahbari mutasaddilarga bitimlarni moliyalashtirish manbalari, ijrochi va aniq muddatlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berganini ta’kidladi.
Prezidentning iyun oyining birinchi yarmida Tojikistonga tashrifi kutilmoqda. Qo‘shni davlat OAVlarining yozishicha, ikki mamlakat yetakchilari Xo‘jandda So‘g‘d va unga chegaradosh hududlar rahbarlari bilan birgalikda muzokaralar olib borishi reja qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalq artisti, atoqli rejissyor, Bahodir Yo‘ldoshevning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi. San’atkor 2009 yilda «Diydor» yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilib keldi. Ushbu studiya faoliyati orqali ko‘plab iqtidorli yoshlarni kashf etdi.
Dominika O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 137-mamlakat bo‘ldi. Nyu-Yorkda ikki mamlakat vakillari qo‘shma bayonotga imzo chekdi.
Toshkentda o‘tkaziladigan tajriba doirasida bo‘sh turgan binolarning egalariga penya joriy etish rejalashtirilmoqda. Gap olti oy mobaynida mol-mulkdan foydalanilmagan yoki ijaraga berilmagan taqdirda penya hisoblash haqida ketmoqda. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar kredit olganidan ko‘ra, ijaraga bino olib, o‘z faoliyatlarini boshlagani ma’qul deb hisoblaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya tajribasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Har bir hududga mobil mammograflar va pozitron-emission tomograflar yetkazib berilishi qayd etildi. Saraton kasalliklarini erta aniqlaydigan laboratoriyalar tashkil etilib, maxsus onkomarkerlar tekshiruvlari yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shma Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting