Mazkur 4 ta tumanga yangi hokimlar tayinlandi: Taxiatosh — Kamiljan Aytbayev, Mingbuloq — Axror Mansurov, Furqat — Elyorbek Asronkulov, Toshkent tumani — Sardorbek Ergashev.
Nurali Jo‘rayev Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahriga hokim etib tayinlandi. Avvalgi hokim prezident yig‘ilishida faoliyatidagi tizimli kamchiliklar uchun ishdan olingandi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini muddatidan avval yakunlaganini e’lon qildi. “Bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim”, — deb yozdi u. G‘aniyev ishini Vazirlar Mahkamasida davom ettiradi.
Qozog‘istonda o‘tayotgan “Zakovat” xalqaro intellektual o‘yinlari munosabati bilan Ostonaga borgan O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevani Qosim-Jomart Toqayev qabul qildi. Qozog‘iston rahbari ikki davlat prezident adminstratsiyalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev 10 kun davom etgan mehnat ta’tilidan qaytdi. Joriy haftada davlat rahbari Qozog‘istonda bo‘lishi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi sammitda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Hafta yakunida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.
World Justice Project xalqaro nodavlat tashkilotining 2023-yilgi Huquq ustuvorligi indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 142 ta davlat orasida 78-o‘rinni egalladi (2022-yilda ham shunday natija bo‘lgan).
O‘zbekiston prezidenti huzurida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bo‘yicha davlat rahbari huzuridagi yuqori maslahat organi — Iqlim kengashi tuziladi.
Nishon, Shahrisabz, G‘uzor va Muborak tumanlari hokimlari 19 ta holatda qonunga zid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilgani aniqlandi. Hujjatlar tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitilishiga olib kelishi mumkin deb topilgan.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi va qaytayotib, Toshkentga qisqa muddatga to‘xtab o‘tdi. U bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov uchrashdi.
Prezident 7−8-avgust kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi. 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.
Xalqaro islom akademiyasi professori Matluba Qahhorova Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.
BMT Taraqqiyot dasturi tizimida 25 yildan ortiq tajribaga ega Akiko Fujii BMTTDning O‘zbekistondagi yangi doimiy vakili etib tayinlandi. U avval Maldiv orollaridagi doimiy vakil hamda Vetnam va Fijidagi ko‘p davlat idorasida doimiy vakil o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Yaqinda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli bo‘lgan Yusup Kabuljanov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. U Primorsk o‘lkasi ombudsmani va IIV vakillari bilan uchrashdi, ular bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlarini muhokama qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-iyuldan qisqa muddatli ta’tilga chiqdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov kompaniyasi 2024-yil 26-iyulidan boshlanishini e’lon qildi.
Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni 67 yoshga to‘ldi. Davlat rahbari matbuot kotibining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, prezident bu kunni ish joyida, kechqurun esa oilasi davrasida o‘tkazadi.
Bungacha Shvetsiyadagi elchi lavozimida ishlab kelgan Nodir Ganiyev O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi bo‘ldi.
O‘zbekistonda shaharsozlik talablarini buzgani uchun jazolanganlar soni yildan yilga o‘sib bormoqda. Shu sababli Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ushbu sohada qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Germaniyaning yangi tayinlangan elchisi Manfred Hutererdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Yaqinda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lgan Sherzod Ibragimov fuqarolarga murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifalar ta’lim muassasalari oldi, piyodalar o‘tish joylarida xavfsiz tizim yaratish, ashaddiy huquqbuzarlarga qarshi “murosasiz kurashish” va boshqalardan iborat bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting