Andre Karstens Niderlandiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi (qarorgohi Ostona shahrida) etib tayinlandi. TIVda uning ishonch yorliqlari qabul qilindi.
Savid Imatov Sirdaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Qoraqalpog‘iston prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Shavkat Mirziyoyev Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi «Termiz» dala o‘quv maydonida qo‘shinlarning brigada taktik o‘quvini kuzatdi. Ularning jangovar tayyorgarligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqib o‘tkazilgani qayd etildi.
Ahmed Faruq Pokistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. TIVda undan ishonch yorliqlari nusxalari qabul qilib olindi.
O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Parkent tumanlari hokimlari dehqon xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha 100 gektardan yer maydoni ajratib bermagani uchun tushuntirish xati yozadi. Qibray, Yangiyo‘l, Chinoz hokimlari o‘rinbosarlariga esa hayfsan berildi.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining sobiq rahbari Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston Hisob palatasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2017−2020 yillarda mazkur tashkilotda birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan.
2022 yil dekabrdan beri Surxondaryo viloyatini vaqtincha boshqarib kelayotgan Ulug‘bek Qosimov viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Shavkat Mirziyoyev «katta davlatlar» O‘zbekistondan qaror qabul qilib, taraf tanlashni so‘rayotgani haqida gapirdi. Gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi mojarosi haqida ketmoqda. «Bir tomonman. Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», — dedi prezident.
Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topdi. Qonun loyihasida referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar aniqlanmagan.
13 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyuradi. Davlat rahbari xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etadi, sanoat va qishloq xo‘jaligi bilan tanishadi, harbiy maskanlarda ham bo‘ladi.
Prezident farmoni bilan Muzaffar Egamberdiyev Majburiy ijro byurosi direktori lavozimiga tayinlandi. U shu paytga qadar Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Bosh vazir matbuot kotibi lavozimiga avval hukumatning Ommaviy kommunikatsiyalar va axborot ochiqligini ta’minlash masalalari shu’basi mudiri lavozimida ishlagan Bekzod Shukurov tayinlandi.
O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi Qonunchilik palatasining Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini ko‘rib chiqishga kirishdi. Hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha yig‘ilish 13 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Qonunning o‘zini ko‘rib chiqish haqida esa sudga murojaat qilinmagan.
Jamoatchilik e’tirozidan so‘ng yangi Konstitutsiya loyihasidan «xalq sog‘lig‘i va ma’naviyatini» himoya qilish maqsadida axborotni tarqatish cheklanishi haqidagi norma chiqarib tashlandi. Uning o‘rniga «aholining sog‘lig‘i, ijtimoiy axloq» jumlalari kiritildi. Bunga faollar turlicha munosabat bildirdi.
Qonunchilik palatasi Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha umumxalq referendumini — 30 aprel, yakshanba kuni o‘tkazishni ma’qulladi. Tegishli qarorni 134 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 2 nafari betaraf qoldi, 1 nafari esa ovoz bermadi. Avvalgi referendum bundan 21 yil avval bo‘lib o‘tgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni qabul qildi, keyinchalik u referendumga qo‘yiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qildi, deya ma’lum qildi O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida parlamentdagi senatorlar soni 100 tadan 65 taga qisqartirilishi ma’lum qilindi. Bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanadi. Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytiriladi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ayni bir shaxsning surunkasiga 2 muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid qoida kiritilmoqda. Bu lavozimlarga prezident, Senat raisi, hokimlar, bosh prokuror va boshqalar kiradi.
Mo‘g‘uliston 2023 yilda O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Batmunx Batsetseg uchrashuvida ushbu masala muhokama qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting