Ulug‘bek Muhammadiyev Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori etib tayinlandi.
O‘zbekiston bosh davlat sanitar inspektori Nurmat Otabekovning koronavirusga chalingani tasdiqlandi.
Turli yillarda Intellektual mulk agentligi, Milliy kutubxona, prezident matbuot xizmatiga rahbarlik qilgan Asadjon Xodjayev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlandi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborildi. So‘rovda UzAuto Motors tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilinishini tekshirish, avtomobillarga asosli narxlar qo‘yilishini nazorat qilish talabi qo‘yilgan.
Yarim yil ichida elchixonalarning bevosita yordami bilan 513 mln dollarlik 492 ta yangi eksport shartnomasi imzolandi. Viloyat hokimliklari bilan 814 mln dollarlik 106 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda — Senat TIVning iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyati natijalari bilan tanishdi.
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Buxoro, Farg‘ona, Samarqand va boshqa viloyatlarda pnevmoniya holatlari ko‘paygani ta’kidlandi. Respublika maxsus komissiyasiga malakali mutaxassislardan iborat guruhlar tuzib, har bir hududga yuborish hamda bemorlarni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlarga «Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi»ni berish amaliyoti joriy qilinadi. Belgilar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalar bo‘yicha 12 oy muddatgacha beriladi. Bunda «yashil» belgiga ega tadbirkorning faoliyati Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan o‘rganilishi va tekshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan shaxslar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga jalb qilinadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi faoliyati tugatilib, uning o‘rniga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etildi. Xizmatga tibbiy majburlov chorasi qo‘llash huquqi berildi va uning vakolatlari barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshirilishi belgilandi.
Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi Bobur Bekmurodov «Yuksalish» umummilliy harakati raisi etib saylandi.
Prezident farmoni bilan 1 yanvardan viloyatlardagi sudlar negizida umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Tuman va shahar ma’muriy sudlari tugatiladi, ma’muriy sudlarni ko‘rib chiqish vakolati esa jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga beriladi. Sud tizimiga dastlabki eshituv instituti va «bir sud — bir instansiya» tamoyilini joriy etiladi, shuningdek, prokurorlarning sud ishlarini ko‘rib chiqishdagi ishtiroki tartiblari qayta ko‘rib chiqiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti bayramini 31 iyul, juma kuni nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda bayramning karantin talablariga rioya qilgan holda o‘tishi uchun zarur choralar ko‘rish topshirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiyani jilovlashda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh shifokorlar, IIV, FVV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari va boshqalarni faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi.
Prezident koronavirus yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirishga rozilik bildirdi.
Deputat Rasul Kusherbayev monopolistlar inqiroz davrida «katta-katta mablag‘larga ega bo‘layotganligi»ga e’tibor qaratdi. Energetika vazirligi deputatning gaplariga e’tiroz bildirib, iste’mol bo‘yicha to‘lovlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangach, davlat tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lar byudjetga qaytarilishini ma’lum qildi.
Muhammadzokir Mamatxonov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi o‘n kunda 16 nafar rahbar ishdan bo‘shatilgan, «talon-torojlik va korrupsiya avj olgan» kadastr sohasiga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari tizimga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors kompaniyasini Damas larni «ot narxlarida» sotishda va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq og‘ir ahvolga e’tibor bermaslikda aybladi. «O‘zavtosanoat» ning ta’kidlashicha, kompaniya xayriya maqsadida 37 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratgan. Lekin kompaniya deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan «Xayriya to‘g‘risida» gi qonun sababli xayriyaga undan ko‘proq sarflay olmasligini aytmoqda.
«Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov Isroil tajribasiga suyangan holda xorijdan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirishni taklif qildi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda qolgan barchani qaytarishga va’da bergan edi.
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev bir vaqtning o‘zida Portugaliyada ham elchi etib tayinlandi. 20 iyul kuni u Portugaliya prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting