Nurobod tumanida 5 yoshli bola elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari” faoliyati yuzasidan tekshiruv tayinlandi.
Surxondaryoda Denov tuman sudi raisi YTHga uchragani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda u jarohat olib, mashinadagi sherigi vafot etgan. Xizmat tekshiruvida sud raisi Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgan deb topilgan va vakolati muddatidan avval tugatilgan. Buning tergovga daxli yo‘qligi aytilmoqda.
Yomg‘irli va salqin o‘tgan dam olish kunlaridan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab chorshanbagacha quruq ob-havo hukm suradi, harorat 24−29 darajagacha isiydi. Payshanbadan boshlab ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ib, momaqaldiroq bo‘ladi.
Sud 2023-yil oxirida Toshkentda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” reydlari doirasida ushlangan yana ikki shaxsga nisbatan hukm o‘qidi. Alibek Fayziyev 12 yilga va Olimjon Amonov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ular giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topildi.
Pastdarg‘om tumanida 15 yoshli bola 6-sinf qizga sevishini aytgani uchun qizning akasi tomonidan “samosud” qilindi. Yigit bolaning sochi va qoshini qaychi bilan qirqqan va tan jarohati yetkazgan. Samarqand viloyati IIB holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
Senatning tegishli qarori bilan 7 nafar sudya Oliy sud sudyasi etib saylandi.
Tarmoqlarda Angren tumanida yuk poyezdining 7 ta vagoni relsdan chiqib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ holat xususiy kompaniyaga qarashli temiryo‘lda, yuk tushirish qoidalariga amal qilinmagani oqibatida sodir bo‘lganini bildirdi.
Toshkentning 6 ta tumanidagi ayrim joylarda 20-may soat 09:00 dan 21-may soat 21:00 gacha ichimlik suvi bo‘lmaydi. Bu paytda rejali profilaktika ishlari amalga oshiriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qonun Prezident administratsiyasida muhokamada, daromadlar deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi esa jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. “Jarayon to‘xtab qolgani yo‘q, masala dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q”, — dedi Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Burxanov.
Yashnobod tumanida Gentra avtomashinasi TAPOiCh ko‘prigidan pastga qulab tushdi. Hodisa oqibatida haydovchi va 2 nafar yo‘lovchi shifoxonaga olib ketildi. Poytaxt YHXBning ma’lum qilishicha, Gentra Monza avtomobili bilan ham to‘qnashgan.
Toshkent tumanida 5 yoshli bola nazoratdan chetda qolgani sabab suv krani uchun o‘rnatilgan o‘raga tushib qoldi. FVB xodimlari uni sog‘ holda chiqarib, yaqinlariga topshirdi.
Muzrabot tumanida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Sobalt haydovchisi 2 nafar bolani urib yubordi. Oqibatda ulardan biri shifoxonada vafot etdi.
Uzbekistan Airways Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasidan ikkita Airbus A330 samolyotini ekipajlar bilan ijaraga oldi. Bitim bir yil muddatga imzolandi.
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravarida boj belgilanmoqda. Shuningdek, endilikda Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki ularni pora evaziga og‘dirib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Senat tegishli qonunni ma’qulladi.
2023-yil dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qo‘lga olingan Bahodir Sultonov va Niyoz Ibodovga sud hukmi o‘qildi. Ular juda ko‘p miqdorda tovlamachilik qilganlikda aybdor deb topilgan.
Qoraqalpog‘iston va 5 ta viloyatda 66 ming 750 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtinchalik uzildi. Bunga joylarda kuzatilayotgan kuchli yomg‘ir va shamol oqibatida 6−10 kVli 190 ta fider 274 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chib qolishi sabab bo‘lgan.
Senatorlar Soliq kodeksining 227−1-moddasini o‘zgartirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Bu modda yuzasidan jarima chorakdagi sof daromadning 100 foizidan 2 foizigacha kamayadi. Ma’lum bo‘lishicha, modda bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq tadbirkor jarimaga tortilgan va 735 mlrd so‘m jarima solingan.
Zoom orqali o‘tkazilgan majlisda xodimlarini haqorat qilgan Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapovga hayfsan berildi. U yig‘ilish davomida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilish vaqtida asablarini jilovlay olmagan.
Markaziy Osiyoning tashqi dushmanlari haqida gapirgan Toqayev, Toshkentga kelgan Malayziya bosh vaziri, Ai-80 benzini ishlab chiqarishni to‘xtatadigan BNQIZ, bir yil avvalgidan ko‘proq Shengen viza olgan o‘zbekistonliklar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting