Shavkat Mirziyoyev kinoijodkorlar bilan uchrashuvda oxirgi yillarda yaratilgan kinolar soni kam bo‘lsa ham, ma’nosi borligini ta’kidladi. U o‘zbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektrostansiyasining har ikki energobloki avariyaviy to‘xtadi. Natijada vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga elektr energiyasini yetkazib berish cheklandi.
Besh kishi Toshkent viloyatida harakatlanib ketayotgan, ko‘mir ortilgan vagonlarni o‘marmoqchi bo‘lishdi. Ularni ushlashning imkoni bo‘lmadi, hozirda qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 790 ta murojaat kelib tushgan. Yil boshidan o‘tkazilgan monitoring davomida 107 ta majburiy mehnatga jalb qilinganlik holatlari qayd etilgan.
Kanalizatsiya tizimiga chiqarilgan chiqindilar hajmi yil sayin ortib bormoqda, deb xabar beradi «O‘zsuvtaminot» kompaniyasi. Shu sababli kollektor blokirovkalari va kanalizatsiya tizimidagi baxtsiz hodisalar tez-tez uchramoqda. Toshkentning oqava suvlarida oziq-ovqat qoldiqlari, butilkalar, kiyim-kechaklar, tagliklar va hattoki sanoat chiqindilari topiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi texnoparkga tashrif buyurib, u yerdagi yangi inshootlarni ko‘zdan kechirdi. 2021 yilda bu yerda yana turli xil mahsulotlar ishlab chiqaradigan to‘qqizta korxona ishga tushirilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi etib Komiljon Tojiboyev saylandi.
Sovuq ob-havo tufayli elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi ta’minotda uzilishlarga olib keladi, deya ma’lum qildi Energetika vazirligi. Shu bilan birga, qisqa muddatli uzilishlar tizimdagi katta avariyalarning oldini olishga imkon berishi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova 82 yoshida vafot etdi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishda Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan mablag‘ ajratish va sarflashning qonuniyligini tekshirish to‘g‘risida so‘rov yubordi. Bundan tashqari, Moliya vazirligi mansabdor shaxslari, jumladan, vazir o‘rinbosari Abdimuxtor Ergashevning qonunbuzilish holatlarda aloqadorligini tekshirish kutilmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalari noyabr oyining oxiriga qadar ochiladi. Ish faoliyatini boshlash va bolalarni qabul qilish huquqi faqat SESdan ruxsat olgan MTMlarga beriladi. Lekin, qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan, xodimlari orasida koronavirus aniqlangan MTMlar faoliyati tiklanmaydi.
19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalqaro veb-forumda Ziroat Mirziyoyeva nogiron bolalarning ta’limi, ularga inklyuziv muhitni yaratish va bunda paydo bo‘layotgan to‘sqinliklar haqida nutq so‘zladi. «Zamin» Xalqaro fondi Vasiylik kengashi raisi nogironligi bo‘lgan bolalar ta’limi masalasi hanuzgacha juda achinarli ahvolda ekanligini ta’kidlagan.
Chorshanba kuni kechqurungacha O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlaridagi qor qoplamining balandligi 6−14 sm ni tashkil etdi. Shuningdek, yo‘llarni ko‘ra olish imkoniyati kamaydi, yo‘llar muzladi. Kun davomida havo harorati 5−3 darajadan oshmadi. Noyabr oyida bunday sovuq kunlar kamdan-kam uchraydi, deya izoh berdi sinoptiklar.
Rishton tumanida Qirg‘izistondan arzon temir mahsulotlarini olib kelishi uchun tanishiga $30 ming AQSH dollarini bergan fuqaro aldanib qoldi. Uning ishonchiga kirgan shaxs pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o‘g‘li “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi vazifasiga tayinlandi.
23 noyabrdan boshlab Toshkentdan Sianga parvozlar to‘xtatilib, 4 hafta davomida reyslar bo‘lmaydi. Parvozlar bekor qilinishining sababi 5 noyabr kuni 11 ta yo‘lovchilarda koronavirus infeksiyasi aniqlanishi bo‘lgan.
Prezident qarori bilan 2021−2022 o‘quv yilidan O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etiladi. Rossiya va boshqa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
2020 yilda Global ochlik indeksida eng yaxshi deb topilgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini yaxshilab, 30 o‘rinni egalladi. Belarus, Bosniya va Gersegovina, Braziliya davlatlari reytingda eng yuqori pog‘onada bo‘lsa, eng kichik ko‘rsatkichlar Madagaskar, Timor Leste va Chad mamlakatlarida kuzatilmoqda.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida 20 nafar yo‘lovchisi bor avtobus yo‘l sirpanchiqligi oqibatida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Ikki nafar yo‘lovchi tan jarohati olib, tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Davlat ekologiya qo‘mitasining xabar berishicha, Toshkentning Gagarin ko‘chasida oltita daraxt qonuniy ravishda kesilgan, chunki ular qurib, kasallangan deb topilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan chinor noqonuniy ravishda kesilgan, buning zarari esa 43 mln so‘mga teng.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting