Shanba, yakshanba kunlari O‘zbekistonda havo bulutli bo‘ladi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, harorat kechalari +12, kunduzi +23 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tanishlari yordamida 16 va 10 ming dollar evaziga AQShga ishlash uchun yuborishni va’da qilganlar qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyatida Cobalt avtomobilidan Iphone 15 Pro, Iphone 15 Pro Max, Samsung Galaxy S23 Ultra kabi 550 ga yaqin smartfon topildi. Ularning taxminiy qiymati salkam 5,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Sentabr oxirida Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada yuz bergan portlash oqibatida 1370 ta xonadon (ilgari 600 ga yaqin ekani aytilgandi) va 246 ta uy (25) zarar ko‘rgan. Hukumat komissiyasi yetkazilgan zarar 14,5 mlrd so‘mni tashkil etganini bildirdi. Maktab va bolalar bog‘chasi ham zarar ko‘rgan.
Asaka tumani hokimi Begzod Ummatov vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Nasibillo Mo‘minov tayinlandi.
Sergelidagi portlash yuz bergan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar saqlangani aniqlandi, deya ma’lum qildi hukumat komissiyasi. Portlash oqibatida jami 14,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 4 kishiga “qamoqqa olish”, yana bir nafariga “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
20−25-oktabr kunlari Toshkentdagi Bobur ko‘chasining yarmi aeroportdan Nukus ko‘chasigacha yopiladi. Shuningdek, 20−22-oktabr kunlari Botir Zokirov ko‘chasining Alisher Navoiy va Islom Karimov shoh ko‘chalari oralig‘idagi yarmi ham yopiladi.
Qashqadaryo viloyatida fermer 13 yil davomida noqonuniy ravishda dalasini ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgani aniqlandi. Yetkazilgan zarar miqdori 282,7 mln so‘mni tashkil etdi. U 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, davlatga yetkazilgan zararni ham qoplaydi.
Qozog‘istonda g‘isht zavodlarida mehnat qulligida saqlangan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq holat Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. Ushbu fuqarolar vatanga qaytarilishi, zarur yordamlar ko‘rsatilib, O‘zbekistonda ish bilan ta’minlanishi bildirildi.
Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi joyini almashtirish uchun vagon kuzatuvchisiga 100 ming so‘m bergani haqida video tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” holatni o‘rgandi, biroq aybdor xodimni aniqlay olmaganini ma’lum qildi.
Navoiydagi Sentob qishlog‘i UNWTO`ning eng yaxshi turizm qishloqlari ro‘yxatiga kiritildi. Nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistondan yana 4 ta turizm qishlog‘i ham kiritilgandi.
Samarqand shahridagi 20 ta maktabda turizm soatlari yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Ular tajriba tariqasida maktabdan tashqari ta’lim sifatida joriy qilinadi. Keyinchalik soatlar Buxoro, Xiva va Shahrisabzda o‘quv dasturlariga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘shko‘pir tumanida 19-maktab o‘quvchilarini sholi o‘rimiga jalb qilgan fermer sud qarori bilan 3,3 mln so‘m jarimaga tortildi. Avvalroq bolalarni maktab direktori majburiy mehnatga jalb qilgani aytilgandi, biroq holat o‘z tasdig‘ini topmagan.
Xorazm viloyatida 3-noyabrdan sovuq suv va oqova xizmatlari narxi oshadi. Yil oxirigacha viloyat aholisini markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan qamrab olishni 90 foizga yetkazish, mavjud suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish rejalashtirilgan.
Qozog‘istonda 60 dan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qulligidan qutqarilib, vaqtinchalik saqlash markazi va hostelga joylashtirildi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari ular bilan uchrashdi. Fuqarolar pasporti qaytarib berilsa, vatanga qaytishi va ish beruvchiga e’tirozi yo‘qligini bildirdi, deyiladi xabarda.
Sergeli tumani “Quruvchilar” mavzesidagi portlashda xonadonlarga shikast yetgan ko‘plab fuqarolarga zarar haligacha to‘liq qoplab berilgani yo‘q. “Gazeta.uz” aholi, jumladan, portlashda halok bo‘lgan bolaning yaqinlari bilan suhbatlashdi. Tuman hokimligi keltirilgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 15-oktabrdan parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, muhtoj aholi murojaatlarini ko‘rib chiqadigan “ishonch telefoni” ishga tushiriladi.
Asialuxe Travel milliy turoperatori maktab ta’tili payitida Dubayda unutilmas tarzda sayoxat qilish va yangi ufqlarni kashf etishga yordam beradi. Bundan tashqari u yerga Toshkent va Farg‘onadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar orqali borish mumkin.
Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan Oltinko‘l tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2021-yilda O‘zbekistonga olib kelingan asal ta’mli “Dok-1 Maks” siropi tarkibida ham zaharli etilenglikol moddasi bo‘lgan. Bu Marion Biotech dorilarini qabul qilgan kamida 65 bolaning o‘limi bo‘yicha sud majlisida ma’lum qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting