Hukumat poytaxtda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurishni rejalashtirmoqda. Buning uchun maxsus davlat muassasasi tashkil etiladi va unga yer maydonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratiladi. Dastlab transportlar ko‘p to‘planuvchi 4 ta manzilda turargoh barpo etiladi. Ular onlayn auksionda tadbirkorlarga sotiladi.
Sergeli va Yunusobod tumanlarida ro‘y bergan 2 YTHda jami 5 kishi jarohat oldi. Mashinalardan biri yonib ketdi. Holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtga kelgan xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash uchun yordamchi sifatida ko‘ngillilarni jalb qilmoqda. Bunda volontyorlar bir nechta talablarga javob berishi kerak bo‘ladi.
Toshkent shahrida 1 apreldan jamoat transportida yo‘l haqi to‘lashning moslashuvchan tizimi (1 soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar) joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Elektron to‘lovlar uchun chegirmalar qo‘llanadi.
Poytaxtning qator markaziy ko‘chalari 19 fevral kuni «Men g‘olib» ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazilishi munosabati bilan yopiladi.
Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus olib kelinadi. 18 metrli transportning qayrilish darajasi yo‘l parametrlariga to‘g‘ri kelishi uchun uning o‘rtasi “garmoshkali” tarzda bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi sudyasi (erkak) 4000 dollar olganlikda gumonlanmoqda. Sudyalar oliy kengashi bosh prokuror taqdimnomasiga ko‘ra uni javobgarlikka tortishga rozilik berdi va sudyalik vakolatini tugatdi. Oliy sud roziligi bilan sudya qamoqqa olindi.
Toshkentdagi Talabalar shaharchasida 5 ta avtomobil to‘qnashdi. Jabrlanganlar yo‘q.
Toshkentdagi Milavitsa ichki kiyimlar do‘koni modellar suratini vitrinaga qaytarib, ularning bir qismini almashtirdi. Suratlar internetdagi tanqid va tuman hokimligi bilan o‘tkazilgan «tushuntirish suhbati»dan so‘ng olib tashlangandi. Hokimlik esa do‘konni suratlarni olib tashlashga majburlamaganini bildirdi.
Yerusti metrosi qurilishidagi ishlar sababli Sergeli va Yangihayot tumanlarining ayrim joylarida suv ta’minoti 13 fevral kuni soat 20:00 gacha to‘xtatildi. Bu hududlarga suv maxsus texnikalarda yetkazib beriladi.
Kuchli qor yog‘ishi va qattiq sovuqdan so‘ng Toshkentdagi yangi beton trotuarlar va veloyo‘laklar buzila boshladi. Hokimlik ularni ta’mirlash bo‘yicha reja ishlab chiqilgani, ob-havo yaxshilanishi bilan ish boshlanishini bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti Toshkentda chiqindilarni qayta ishlash hajmini kamida 50 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozirda bu ko‘rsatkich 18 foizni tashkil etadi.
Daraxtlarga osilgan yoki yerda yotgan elektr kabellarini ko‘rgan Toshkent shahri aholisidan Xalq nazorati portali orqali xabar berishlari so‘ralmoqda. Hokimlik anomal sovuq paytida tezroq elektr uzatib berish uchun simlar shu tarzda o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Toshkentda bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qizning murdasi 1 fevralga o‘tar kechasi o‘zi yashagan uy oldidan topilgandi. Qizni qidirish ishlarida uni o‘ldirishda gumon qilinayotgan qo‘shni yigitning o‘zi ham qatnashgan. Qizning onasi prezidentga murojaat qilib, aybdorga «eng oliy jazo» tayinlanishini so‘radi.
3 fevral holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 35 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati qayta tiklandi.
Shayxontohur tumani Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida to‘xtab turgan Captiva yonib ketdi. Oqibatda bir nafar fuqaro kuyish jarohati bilan shifoxonaga olib ketildi. Hozirda yong‘in yuzaga kelishining sabablariga aniqlik kiritilmoqda.
Chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida Toshkentning 73 ta asosiy ko‘chasida avtobuslar uchun alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, jamoat transporti ustuvorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
DXXning poytaxt va Toshkent viloyatida olib borgan tadbirlari natijasida fuqarolardan noqonuniy sotilayotgan 20 ming donaga yaqin giyohvand moddalar olib qo‘yildi. Barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘izistondan olib kirilgan.
Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari uchun ishdan olindi. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar imom-xatibning harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib bormoqda.
Yakkasaroy tumanida Mercedes-Benz motor qismida nosozliklar yuzaga kelgani uchun yo‘lovchilarni tushirib, avtosaroyga qaytayotgan vaqtda dvigatelda yong‘in kelib chiqdi. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting