Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu siyosatchiga olti oy ichida chiqarilgan ikkinchi hukm sanaladi: o‘tgan yozda sud uni korrupsiyada aybdor deb topgandi.
O‘zbekiston Transparency International tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksida 180 mamlakat ichida 121-o‘rinni egalladi. Yil davomida mamlakat besh pog‘onaga ko‘tarildi. Tashkilot ekspertlari korrupsiyaga qarshi yanada samarali kurashish uchun “keng qamrovli islohotlar” zarurligini ta’kidladi.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili 2021-yildan beri egallab kelgan lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qildi. U hukmron partiyani 2024-yil kuzida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga tayyorlash uchun boshqaradi.
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Yevroparlamentning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarida qatnashishdan bosh tortdi, u o‘z lavozimida qolishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mishel lavozimidan ertaroq ketish haqidagi qaroriga bo‘lgan “keskin munosabat” sababli rejalarini qayta ko‘rib chiqqan.
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlar BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA)ni moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi. Bunga tashkilot xodimlari HAMASning Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblagani sabab bo‘ldi. BMT rahbari tergov boshlanganini e’lon qildi.
Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi ishi bo‘yicha o‘zining birinchi qarorini chiqarib, Isroil hukumatiga G‘azo sektorida genotsidga olib keladigan xatti-harakatlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurdi. Sud zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmadi.
Yevropa Ittifoqida qazib olinadigan yoqilg‘idan chiqadigan karbonat angidrid (CO2) emissiyasi o‘tgan yili so‘nggi 60 yildagi eng past darajaga tushdi. Bu natijaga asosan “yashil” energiyadan foydalanish hisobiga erishildi.
Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi hujjat Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan imzolandi. Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish arizasini ratifikatsiya qilmagan faqatgina Vengriya qoldi.
Yaponiya sudi 2019-yilda Kyoto Animation anime studiyasiga o‘t qo‘yishda ayblangan shaxsni o‘limga hukm qildi. Yong‘in oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangandi. Voqea mamlakatdagi eng dahshatli qirg‘inlardan biriga aylangan. Sudlanuvchi studiya uning ishini o‘g‘irlagan deb hisoblagan.
Bir necha yil ichida Afrika tez kengayib borayotgan terrorizmning global markaziga aylanib qoldi, dedi BMT rahbari. U xalqaro hamjamiyatni bu “jahannamga qarshi u nazorat ostidan chiqib ketmay turib, hozir kurashishga” chaqirdi.
Saudiya Arabistonida uzoq yillardan beri ilk bor spirtli ichimliklar do‘koni ochiladi. U yerda musulmon bo‘lmagan davlatlarning diplomatlari ichimlik sotib olishi mumkin bo‘ladi. Shu orqali rasmiylar diplomatik vakolatxonalar pochta orqali keladigan spirtli ichimliklarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashmoqchi.
Belgorod viloyatida Rossiyaning Il-76 harbiy samolyoti qulab tushdi. Uning bortidagi 74 kishi, xususan, almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya holatni terakt deb atadi va bunda Ukrainani ayblamoqda. Zelenskiy esa xalqaro tergov o‘tkazishni talab qildi.
Isroil va HAMAS garovga olingan isroilliklar va falastinlik asirlarni ozod qilish evaziga G‘azoda bir oy davomida o‘t ochishni to‘xtatishga prinsipial jihatdan kelishib oldi. Bitimga tomonlar o‘rtasidagi urushni qanday tugatish bo‘yicha kelishmovchiliklar to‘sqinlik qilmoqda, deb yozdi Reuters.
Qirg‘iziston hukumati tomonlarning yarashuvi tufayli zo‘rlash bilan bog‘liq sud ishlarini yopishni taqiqladi. Jinoyatlarning da’vo muddati va garov evaziga ozod qilish imkoniyati ham bekor qilindi.
Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida qizamiq bilan kasallanishning “tashvishli o‘sishi” kuzatilmoqda. JSST shoshilinch emlash ishlarini olib borishga chaqirmoqda. O‘zbekistonda o‘tgan yili qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 1026 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda ko‘rsatkich atigi sakkiztani tashkil etgan.
Kecha tunda Xitoyda kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Uning kuchi Olmaotada 5 ballni tashkil qildi. Shahar aholisi vahima ichida ko‘chalarga yugurib chiqdi, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi. Olmaotaliklar tunda qanday omon qolgani — “Gazeta.uz” materialida. Biz voqea guvohi bilan suhbatlashdik.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat qarzi, suv taqchilligi, Qambarota-1 GES va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi masalalari haqida intervyu berdi. “Oqim manbaida turibmiz va suv bermaymiz, deb bahslashish — bema’nilik”, — deya ta’kidladi u.
Rossiya qo‘shinlarining Ukraina shaharlari, jumladan, Kiyev va Xarkovga bergan yirik raketa zarbalari tufayli kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin kishi jarohatlandi.
O‘zbekiston ombudsmani Yekaterinburgda o‘rdaksimon yurishga majburlangan mehnat migrantlarining kamsitilgani yuzasidan Rossiya ombudsmaniga murojaat qildi. Ulardan qanchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. Qirg‘iziston TIV esa “Rossiya federal organlari darajasida” ish qo‘zg‘atgan.
Yevropa Ittifoqi Isroil G‘azo bo‘yicha Bryussel taklif qilgan tinchlik rejasidan bosh tortishda davom etsa, buning oqibatlarini aniqlashtirib olmoqchi. Reja mustaqil Falastin davlatini tuzishni nazarda tutadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting