AQSh Ukrainaga 500 mln dollarlik yordam paketini ajratdi. 73-yordam paketiga HIMARS uchun o‘q-dorilar, artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi tizimlar, biologik himoya uskunalari va dronlar kiradi.
Rossiya “yaqin kunlarda” Ukrainaga zarba berish uchun o‘rta masofali “Oreshnik” eksperimental ballistik raketasini yana ishlatishi mumkin, deb ogohlantirdi AQSh razvedkasi.
AQShga ikkinchi marta prezident etib saylangan Donald Tramp Time jurnali tomonidan 2024-yil uchun yil odami deb topildi. U oldin ham — 2016-yilda ilk bor prezident bo‘lganida bu nomga ega chiqqandi.
Yevropa Ittifoqi Kengashi 2025-yil 1-yanvardan Bolgariya va Ruminiya bilan quruqlikdagi chegaralarda nazoratni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu ikki davlat YeIga qo‘shilganidan 17 yil o‘tgach, Shengen zonasining to‘laqonli a’zosiga aylanmoqda.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat joriy etish qarori “davlat ishlarini normallashtirish” uchun to‘g‘ri va zarur bo‘lganini aytdi. U isyon ko‘tarishda ayblanish va iste’foga chiqishga da’vatlarni rad etib, oxirigacha kurashishga va’da berdi.
Ilon Mask, Bloomberg talqiniga ko‘ra, boyligi 400 mlrd dollardan oshgan birinchi odamga aylandi. Bunga erishishda SpaceX aksiyalarining sotilishi muhim omil bo‘ldi. Forbes esa hozircha Maskning boyligini 367,5 mlrd dollarga baholamoqda.
Futbol bo‘yicha 2030-yilgi Jahon chempionati uch qit’ada o‘tkaziladi. Ko‘pgina o‘yinlar Ispaniya, Portugaliya va Marokashda, yana uchta o‘yin — Paragvay, Urugvay va Argentinada bo‘lib o‘tadi. 2034-yilgi o‘yinlar esa yagona nomzod Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi.
“Tolibon” hukumatining qochqinlar ishlari bo‘yicha vaziri v.b. Halil Rahmon Haqqoniy va yana olti kishi Kobulda sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘ldi. “Tolibon” hukumati matbuot kotibi Haqqoniy “Islomga da’vo qiladigan xorijiylar” tomonidan o‘ldirilganini bildirdi.
Bashar Asad rejimi qulagandan so‘ng Isroil armiyasi butun Suriya bo‘ylab bir necha yuzlab zarbalar berib, “strategik qurol zaxiralarining katta qismi” yo‘q qilinganini e’lon qildi. 50 yil ichida birinchi marta Isroil Golan tepaliklari yaqinidagi va undan tashqaridagi bufer zonasida ham qo‘shinlarini joylashtirdi.
Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyon Seuldagi o‘zi ushlab turilgan hibsxona hammomida joniga qasd qilishga urindi, hozirda uning sog‘lig‘i barqaror holatda. Avvalroq u harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq barcha hodisalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi.
Rossiya Davlat dumasi “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish imkonini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Avvalroq hukumat mazkur qonun loyihasiga ijobiy sharh tayyorlagandi.
AQSh Ukrainaga 20 mlrd dollarlik kredit ajratdi, bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan qoplanadi. Mablag‘ G7 mamlakatlari tomonidan kelishilgan 50 mlrd dollarlik kreditning bir qismidir. AQSh moliya vazirining aytishicha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh milliy manfaatlari uchun ham muhim.
Suriyaning o‘tish davri hukumatiga Muhammad al-Bashir rahbar bo‘ldi. U 2025-yil 1-martgacha bosh vazir vazifasini bajaradi. U avval Suriya muxolifati tomonidan tuzilgan muqobil Najot hukumatini boshqargan.
Rossiya Davlat dumasi migrantlarning rus tilini bilmaydigan farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Hujjat uzil-kesil tasdiqlansa, chet elliklarning farzandlari o‘qishga qabul qilinishi uchun test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Yaponiya poytaxti Tokioda 2025-yil apreldan ishchi onalarga yordam ko‘rsatish va tug‘ilish darajasini oshirish uchun 4 kunlik ish haftasi joriy qilinadi. 2023-yilda 727,2 mingta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, bir ayolga to‘g‘ri keladigan bola soni 1,2 tagacha pasayib ketgan.
Janubiy Koreya parlamenti prezident Yun Sok Yolga qarshi ayblovlarni tergov qilish uchun maxsus prokuror tayinlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Shuningdek, prezident davlatga xiyonat va o‘z vakolatini suiiste’mol qilish ishi bo‘yicha gumon qilinmoqda va mamlakatni tark etishi taqiqlangan.
Isroil Suriyadagi eng muhim 250 dan ortiq harbiy obyektga, jumladan, Rossiya bazalari joylashgan Latakiyaga havo hujumlarni uyushtirdi. Avvaroq Isroil harbiylari 50 yil ichida birinchi marta Suriya hududiga kirgandi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Sukunat to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat aholini me’yordan ortiq tovush bosimi va shovqinning zararli ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan. Ish kunlari soat 22:00 dan 07:00 gacha, dam olish kunlarida 22:00 dan 09:00 gacha shovqin solish taqiqlanadi.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatdan chiqishi taqiqlandi. Bundan tashqari, u davlatga xiyonatda va hokimiyatni suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda. Politsiya uni so‘roq qilishi mumkinligini istisno etmadi.
AQSh Bashar Asad rejimi qulagach, “terrorchilar yana paydo bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun” IShIDning Suriyadagi 75 dan ortiq nishoniga zarbalar berdi. Bayden hokimiyatni o‘tkazish jarayonida Oq uyning Suriyadagi barcha guruhlar bilan hamkorlik qilishini ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting