Istanbul prokuraturasi Turkiyaga 600 mln dollardan ortiq qalbaki dollarlar kirib kelgani haqidagi xabarlar yuzasidan tergov boshladi. O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi fuqarolarni dollarni faqat rasmiy banklar yoki litsenziyali valyuta ayirboshlash nuqtalaridan olishga chaqirdi.
Seul va uning atrofidagi hududlarda so‘nggi 117 yil ichida noyabr oyidagi eng kuchli qor yog‘di. Yog‘ingarchilik tufayli transport faoliyati izdan chiqdi, aviaqatnovlar bekor qilindi. Besh kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
28-noyabr kuni ertalab Rossiya Ukraina energetika obyektlariga 90 dan ortiq raketa va 100 ga yaqin dron yordamida ommaviy hujum uyushtirdi. Butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar joriy etildi.
Bayden ma’muriyati Ukraina uchun 725 mln dollarlik qurol-yarog‘ paketini tayyorlamoqda. Unga piyodalarga qarshi minalar, dronlar, raketalar va HIMARS raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar kiradi.
1-dekabrdan boshlab Rossiyada eksperiment tarzida xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakatga kirishda biometrik ma’lumotlarini taqdim eta boshlaydi. Birinchi bosqichda yig‘ish Moskva va Moskva viloyati aeroportlarida, shuningdek, Orenburg viloyatidagi “Mashtakovo” nazorat punktida amalga oshiriladi.
O‘tgan hafta Rossiya tomonidan Ukrainaning Dnepr daryosi bo‘ylab uchirilgan “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasida portlovchi moddalar bo‘lmagan va “sezilarsiz” zarar yetkazgan, deb xabar berdi Reuters.
Isroil va “Hizbulloh” Livan-Isroil chegarasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga kelishib oldi. Endi Isroil 60 kun ichida Livandan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi kerak bo‘ladi. Netanyahu agar “Hizbulloh” kelishuvning biror qismini buzsa, Isroil zarba berishda ikkilanmasligini aytdi.
BMTning Afg‘onistondagi missiyasi “Tolibon” uch yil avval hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon jurnalistlarni o‘zboshimchalik bilan 256 marta hibsga olganini ma’lum qildi. Shuningdek, u yerdagi rasmiylarni ommaviy axborot vositalarini himoya qilishga chaqirdi.
Ukraina razvedkasi Rossiya Zaporoje shahriga hujum qilishga tayyorlanyapti, deb hisoblamoqda, bu uchun 130 ming rossiyalik askar jalb etilishi mumkin, deb yozdi Economist.
AQSh maxsus prokurori Jek Smit saylangan prezident Donald Trampdan 2020-yilgi saylovlarga aralashish va maxfiy hujjatlar bilan tegishlicha muomala qilmaslik bo‘yicha barcha ayblovlarni olib tashlashni so‘radi. Chunki Adliya vazirligi mamlakatning amaldagi rahbarini sudda ta’qib etishni taqiqlaydi.
Donald Tramp lavozimga kirishishi bilan Meksika, Kanada (25%) va Xitoydan (10%) kelayotgan tovarlar uchun tariflarni oshirishni va’da qildi. Tramp buni noqonuniy immigrantlar, “jinoyat va giyohvand moddalar” uchun qasos bo‘lishini ta’kidladi. Ammo buning oqibati AQSh iqtisodiyoti uchun salbiy bo‘lishi mumkin.
Parij va London Ukrainadagi koalitsiya yetakchiligini o‘z zimmalariga olishlarini istisno etmaydi, deb yozmoqda Le Monde. Shu maqsadda ular Ukrainaga qo‘shinlar yuborish bo‘yicha maxfiy muzokaralarni qayta tiklagani aytiladi. Bu Trampning Oq uyga qaytgach, Kiyevga AQSh yordami uzilib qolishi ehtimoli bilan bog‘liq.
Isroil “Hizbulloh” bilan Livanda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni dastlabki tarzda ma’qulladi. Loyiha 60 kunlik davrni o‘z ichiga oladi, bunda Isroil harbiylari Livan janubini tark etishi, “Hizbulloh” o‘z og‘ir qurollarini Litani daryosining shimoliga o‘tkazishi kerak.
BAA Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvinni o‘ldirishda gumon qilinib, BAAda hibsga olingan uch nafar gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarolari ekanini ma’lum qildi. Ulardan ikkitasi 28 yoshda, uchinchisi 33 yoshda.
Har kuni dunyo bo‘ylab 140 nafar, har 10 daqiqada o‘rtacha 1 nafar ayol yoki qiz yaqin insoni qo‘lidan halok bo‘lmoqda. BMT Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kunida (25-noyabr) shu kabi ma’lumotlarni e’lon qildi.
BAAda o‘tgan hafta bedarak yo‘qolgan ravvin Zvi Kogan o‘lik holda topildi. Isroil uni Eron bilan aloqador O‘zbekiston fuqarolari o‘ldirgan deb gumon qilmoqda. BAA Ichki ishlar vazirligi gumonlanuvchilar hibsga olingani haqida xabar berdi, ammo ular haqidagi tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Ruminiyada prezidentlik saylovining birinchi turida o‘ta o‘ng, YeI va NATOni tanqid qilgan mustaqil nomzod Kelin Jeorjesku kutilmaganda yetakchiga aylandi. Keyingi o‘rinni amaldagi bosh vazir Marchel Cholaku egalladi. Ikkinchi tur 8-dekabrga belgilangan.
Bokuda o‘tgan COP29 iqlim sammitida rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda yordam sifatida yiliga 300 mlrd dollar ajratishga kelishildi. Ammo qatnashchilarning ayrimlari tashabbusni tanqid qilib, bu miqdor muammo ko‘lami uchun yetarli emas, demoqda.
Isroilning Iordaniyadagi elchixonasi yaqinida otishma sodir bo‘ldi. Uch politsiyachi yaralandi, hujum qilgan shaxsning o‘zi o‘ldirildi. Hududda mahalliy aholining G‘azodagi harakatlarga qarshi norozilik namoyishlari tez-tez bo‘lib turadi.
Qirg‘iziston prezidenti mamlakatga elektron sigaretlarni olib kirish, sotish va chekishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 2025-yil 1-iyuldan kuchga kiradi. Tartibni buzish jismoniy shaxslar uchun 115 dollar (joriy kurs) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting