Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakat “zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanini anglagan holda” “Tolibon"ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarganini aytdi.
Gruziya parlamenti spikeri ommaviy noroziliklarga qaramay, prezident Salome Zurabishvili veto qo‘ygan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi bahsli qonunni imzoladi. Hujjat imzolangandan keyin darhol kuchga kiradi.
Sloveniya hukumati Falastinning mustaqilligi va suverenitetini tan olmoqchi. “Falastinni tan olish ikki davlat va xalqning tinch-totuv yashashi uchun yagona yo‘ldir”, — dedi Sloveniya tashqi ishlar vaziri. Bir necha kun avval Yevropaning uchta davlati ham Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgandi.
Xitoy yirik pandalarni Vashington hayvonot bog‘iga qaytaradi — yil oxirigacha u yerga pandalar juftligi yetkaziladi: Bao Li va Sin Bao. AQShning birinchi xonimi buni tarixiy lahza deb atadi. AQSh OAV Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi taranglikni inobatga olib, bu kutilmagan yangilik bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Nyu-York hakamlar hay’ati Donald Trampni pornoaktrisaga to‘langan pulni yashirish uchun hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi. Shu tariqa, u jinoiy ishda aybdor deb topilgan birinchi AQSh prezidenti bo‘ldi. Hukm 11-iyul kuni e’lon qilinadi.
Dunyo aholisining deyarli 80 foizi 2023-yilda kamida 31 kun davomida anomal issiqlikni boshdan kechirdi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, antropogen omillar ta’sirida yuzaga kelgan iqlim inqirozi bo‘lmaganda, bu kunlar ancha kam bo‘lar edi.
AQSh va Ukraina iyun oyida Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti doirasida xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzolashi kutilmoqda. Bu Kiyevning NATO davlatlari bilan tuzgan ikki tomonlama kelishuvlari ichida eng muhimiga aylanadi, deb yozmoqda Financial Times.
Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga plastik butilkalardan tortib go‘nggacha bo‘lgan turli xil axlatlarga to‘ldirilgan 200 dan ortiq sharni uchirdi. KXDR buni janubiy koreyalik faollar tomonidan Pxenyanga qarshi qaratilgan varaqalarga javob deya atadi.
Gruziya parlamenti mamlakat prezidenti Salome Zurabishvilining “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi rezonansli qonunga qo‘ygan vetosini chetlab o‘tdi. Hukmron partiya ommaviy noroziliklarga qaramay, hujjatni qabul qildi. Yevropa Ittifoqi bundan “chuqur afsusdaligini” bildirdi.
Tailand 1-iyundan mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar sonini 57 dan 93 taga oshirmoqda, ular orasida O‘zbekiston ham bor. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarning qolish muddati 60 kungacha uzaytirilmoqda.
Isroil tanklari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri markaziga kirib bordi, shahar bo‘ylab havo hujumlari ham uyushtirilmoqda. BMT Xalqaro sudi mamlakatga hujumni zudlik bilan to‘xtatishni buyurganiga qaramay, Isroil Rafahdagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Isroilga qarshi sanksiyalar va ularning oqibatlari birinchi marta “jiddiy muhokama qilindi”, dedi Irlandiya tashqi ishlar vaziri. Avvalroq Isroilning Rafahga hujumi oqibatida 45 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Isroilning Rafahdagi chodirlar lageriga havo hujumi oqibatda kamida 45 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohat oldi. Hujum BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi. Netanyaxu zarbani “fojiali baxtsiz hodisa” deb atadi, lekin maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emasligini ma’lum qildi.
Papua-Yangi Gvineya shimolidagi ko‘chki oqibatida 2000 dan ortiq odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda mamlakat rasmiylari. Hududdagi og‘ir sharoit va telekommunikatsiyalar yetishmovchiligi sababli ofat ko‘lamini aniqlash qiyin kechmoqda.
Litvada o‘tgan saylovda 74,43 foiz ovoz to‘plagan Gitanas Nauseda mamlakat prezidenti sifatida qayta saylandi.
BMT Xalqaro sudi Isroilga Rafahdagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. Sud, shuningdek, Isroildan gumanitar yordam uchun chegara punktini ochish va tergovchilarga G‘azoga kirishga ruxsat berishni talab qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirgi front chizig‘ini saqlab qoluvchi sulh tuzish orqali Ukrainadagi urushni to‘xtatishga tayyor, deb yozdi Reuters. Agar Ukraina va G‘arb bunga rozi bo‘lmasa, Putin urushni davom ettirishga ham tayyor.
AQSh Davlat departamenti bahslarga sabab bo‘lgan “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunga javoban Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor bo‘lganlarga nisbatan viza cheklovlarini joriy qilmoqda. Gruziyadagi muxolifat va mahalliy OAV bu hujjat Rossiya qonunchiligiga o‘xshash ekanidan norozi.
Xitoy Tayvanning yangi prezidenti Lay Sinde lavozimiga kirishganidan bir necha kun o‘tib “separatistik harakatlar” uchun “qattiq jazo” sifatida Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar boshladi.
Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2023-yilda Osiyoda iqlim o‘zgarishi tezlashgan. Mintaqada o‘rtacha global haroratdan tezroq isish kuzatilmoqda. Bu qurg‘oqchilik va issiqlik to‘lqinlaridan suv toshqini va bo‘ronlargacha bo‘lgan ekstremal ob-havo sharoitlariga olib keladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting