Isroil harbiy rahbariyati snaryadlar taqchilligi sharoitida, hatto HAMAS hozircha hokimiyatda qolsa ham, G‘azoda sulh tuzish tarafdori, deb yozdi New York Times. Bu, harbiylarga ko‘ra, guruh qo‘lidagi garovga olinganlarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi.
AQSh Oliy sudi sobiq prezidentlarning jinoiy javobgarlikka tortilishdan qisman daxlsizligi haqida qaror chiqardi. Sud bu qarorni Donald Trampning Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligi haqidagi ish bilan bog‘liq da’vosi bo‘yicha qabul qildi.
Parranda grippi tarqalishini kuzatayotgan olimlar H5N1 pandemiyasi “sekinlik bilan rivojlanmoqda” deb qo‘rqmoqda, deb yozdi Reuters. JSST avvalroq sutemizuvchilarda virus bilan kasallanish jiddiy muammo ekanini tan olgan edi.
Fransiya parlamenti saylovlarining birinchi turida Marin Le Penning “Milliy birlashuv” partiyasi yetakchilik qildi. Bu o‘ta o‘nglar uchun tarixiy rekord. Agar partiya ikkinchi turda ko‘pchilik ovozni qo‘lga kirita olsa, bosh vazirlik lavozimini Le Penning protejesi — 28 yoshli Jordan Bardella egallashi mumkin.
Qozog‘istonda endi Toncoin kriptovalyutasi bilan tegishli litsenziyaga ega platformalarda erkin savdo qilish mumkin. Qaror Pavel Durovning mamlakatga tashrifi chog‘ida qabul qilindi.
AQShda Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi ilk saylovoldi debati bo‘lib o‘tdi. Nomzodlar iqtisod, Ukrainadagi urushni muhokama qilishdi va bir-birlarini “eng yomon prezidentlar” deb atashdi. Tomoshabinlar respublikachini tanlashini bildirdi, Baydenning “tushunarsiz” nutqi demokratlar orasida vahima uyg‘otdi.
YI mamlakatlari liderlari ittifoq rahbarligiga nomzodlarni ma’qulladi. Ursula fon der Lyayenni Yevrokomissiya prezidenti lavozimida saqlab qolish taklif etildi. Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Koshta Yevropa kengashi rahbari etib saylandi. Estoniya bosh vaziri Kai Kallas YeI diplomatiyasi rahbari bo‘lmoqda.
Gruziyaning YeIga kirish jarayoni mamlakatda qabul qilingan “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun tufayli amalda to‘xtatildi. Yevropa Ittifoqi yetakchilari Gruziya hukumatini mamlakatning ittifoqqa kirishiga tahdid solayotgan harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga chaqirdi.
Qirg‘iziston parlamenti elektron sigaretalarni olib kirish, sotish va foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Qonunbuzarlik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
NATO hozircha Ukrainaga a’zolikni taklif qilmaydi, biroq mamlakatga harbiy yordam yetkazib berish, ukrainalik askarlarni tayyorlash va ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlari realizatsiyasini muvofiqlashtiruvchi missiya tuzadi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2024-yilning kuzida mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini ma’lum qildi. Aniq sana hukumat tomonidan belgilanadi.
Rossiya hukumati Rossiya fuqaroligini olgan 30 mingdan ortiq odamni “ovlab”, harbiy ro‘yxatga olgan va ularning 10 mingga yaqini allaqachon Ukrainadagi urushga jo‘natilgan, dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin.
Ostona apellyatsiya sudi rafiqasi Saltanat Nukenovani qiynoqqa solib o‘ldirganlikda ayblanib, 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Qozog‘iston sobiq iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi.
Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte NATOning yangi bosh kotibi bo‘ladi. Siyosatchi Yevropa Ittifoqining nufuzli yetakchilaridan biri sanaladi. U Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlaydi, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan til topisha oladi va nizolardan qocha olish qobiliyati uchun “Teflon Mark” laqabini olgan.
Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu, tomonlar ta’kidlaganidek, hamkorlikni kengaytirish uchun “yangi huquqiy asos” bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldovaning ittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshladi. “Oldindagi yo‘l oson bo‘lmaydi. Ammo u ulkan imkoniyatlarga ham to‘la”, — dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov va mamlakat sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguni hibsga olishga order berdi. Ular harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumonlanmoqda. Order uchun Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga berilgan zarbalar asos bo‘lgan.
WikiLeaks asoschisi Julian Assanj so‘nggi 5 yilini o‘tkazgan Britaniya qamoqxonasidan garov evaziga ozod qilindi. AQSh rasmiylari bilan kelishuv doirasida u josuslik ayblovlaridan biri bo‘yicha aybini tan oldi. Buning evaziga u Britaniyadagi qamoqda o‘tagan vaqtga teng muddatga qamaladi va ozod qilinadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS bilan G‘azodagi shiddatli janglar yakunlanayotganini aytdi, biroq guruh yo‘q qilinmaguncha urushni davom ettirishga va’da berdi. Isroil qo‘shinlarining bir qismini “Hizbulloh” bilan tez-tez janglar sodir bo‘layotgan Livan bilan chegaraga yuborishni rejalashtirmoqda.
Janubiy Koreyaning Xvason shahridagi litiy batareyalar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 22 kishi, asosan, xorijliklar halok bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting