Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 4,76 so‘mga ko‘tarilib, 157,52 so‘mga teng bo‘ldi. Rublning ushbu kursi o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi. Dollar rasmiy kursi ketma-ket oltinchi kun pasayib, 11 161,96 so‘mni tashkil qildi. Yevro kursi esa ko‘tarildi.
9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalidagi asirlarga 15 mln so‘mdan to‘lanadi.
3−5 may kunlari to‘qqizta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin xavfi e’lon qilindi. FVV sel xavfi bo‘lganda zarur harakatlar bo‘yicha tavsiyalar berdi.
2022-yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining real daromadlari o‘sishi 3,3 foizgacha sekinlashdi. Ushbu ko‘rsatkich 2021-yilda 7,7 foizga teng bo‘lgandi. Aholining daromadlar tarkibida pul o‘tkazmalarining ulushi kamaydi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga umumiy daromad 3,2 mln so‘mgacha ko‘tarildi.
Samarqandda jamoat transportini rivojlantirish uchun 2023 yil oxirigacha 40 ta yangi, jumladan, 5 ta ekspress yo‘nalish ochish, markaziy ko‘chalarda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratish, 180 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilmoqda. 1 iyuldan boshlab shahar jamoat transporti viloyat budjeti hisobidan subsidiyalanadi. Ikki tumanni Samarqand bilan elektropoyezd orqali ulash taklif qilinmoqda. «Yo‘llarni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal qilib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustuvor ahamiyat berish kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev
Senat raisi Tanzila Narbayevaning fikricha, tijorat banklarida amalga oshirilayotgan korrupsion holatlar islohotlarga soya solmoqda. Shuningdek, u bitta bankda jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi.
Prezident farmoni bilan 1 maydan boshlab pensiya va nafaqalar 12%ga oshiriladi. Shuningdek, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan hamda boquvchisini yo‘qotganlar uchun oylik nafaqa miqdori 500 ming so‘m etib belgilandi.
BMT bosh kotibi Ukraina prezidenti bilan uchrashuvda BMT Xavfsizlik kengashi Ukrainadagi urushning oldini olish yoki to‘xtata olmaganini katta umidsizlik deb atadi. Antoniu Guterrish Rossiyaning bostirib kirishi Ukraina hududiy yaxlitligi va BMT Nizomini buzish ekanini yana bir bor ta’kidladi. BMT rahbari Kiyevda bo‘lgan vaqtida shaharga ikkita raketa hujumi uyushtirildi.
Qirg‘iziston 1-maydan boshlab barcha turdagi transport vositalarida davlat chegarasini kesib o‘tuvchilardan manfiy PZR testi yoki kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikati mavjudligi haqidagi talabni bekor qilmoqda.
Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatovning ma’lum qilishicha, «Ichan-Qal’a» tarixiy yodgorlik majmuidagi 33 ta tarixiy obidaning yog‘och o‘ymakorligi ishlanmalariga termitlar jiddiy darajada zarar yetkazmoqda.
«Toshshahartransxizmat» tomonidan 2 may kuni Ramazon hayiti bayramida Toshkentda 98 ta masjidga borib-kelish uchun avtobuslar yo‘nalishi tashkil qilindi. Avtobuslar 03:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanadi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga sovg‘a sifatida va hukumatning sahroga aylanayotgan yerlarni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil oxirigacha Orol dengizining qurigan tubiga 27 ming tup daraxt ekish niyatida. YeI elchilari tomonidan daraxtlarning birinchi partiyasi 28 aprel kuni ekildi.
21-maydan boshlab Uzbekistan Airways Toshkentdan Batumiga haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshiradi
Aprel oyi oxirlarida havo harorati o‘zgaruvchan bo‘ladi. O‘zgidromet xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda may oyi Erondan keladigan issiq havo oqimi hisobiga juda issiq ob-havo bilan boshlanadi. Harorat janubda +39 darajagacha ko‘tariladi. 3−4 mayga kelib esa havo biroz salqinlashadi va qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridan oqib o‘tgan Janubiy Mirzacho‘l kanalida 17 yoshli o‘smir cho‘kib ketdi. Qutqaruvchilar qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
O‘zbekistondagi 30 ta oliygoh Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar ta’sirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingidan joy oldi. Toshkent davlat agrar universiteti ushbu reytingda mingtalikka kirgan.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi o‘z joniga qasd qildi. “Gazeta.uz” manbasining ma’lum qilishicha, u o‘zini 4-qavatdan tashlagan.
Jahonda salmonellyoz kasalligi avj olishi fonida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyot choralarini kuchaytirib, davlatga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklar qatori Kinder shokoladlari xavfsizligini ham nazoratdan o‘tkazmoqda.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov aholini milliy g‘oya sifatida qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirish, buni eng avvalo, davlat organlari faoliyatida ta’minlash zarur, deb hisoblaydi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining huquqiy tafakkurini isloh qilish, samosud va firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida gapirdi. Adliya vazirligi jinoyatlardan yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan mahkumlarni shartli ravishda ozod etishni bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Senatorlar «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Soliq kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruvchi tashkilotlar va uy-joy boshqaruvchilari uchun soliq imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi ko‘p kvartirali uylardan foydalanish va ularni boshqarish qoidalarini buzish sohasidagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishlar ro‘yxati to‘liq bo‘lmasligi mumkin — qonun matni e’lon qilinganicha yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting