Pokiston prezidenti Orif Alviy bosh vazir Imron Xon taklifiga binoan mamlakat parlamentini tarqatib yuborgandi. Shundan so‘ng, bosh vazirning o‘zi ham lavozimidan ozod qilindi. Imron Xon muvaqqat bosh vazir tayinlangunga qadar mazkur lavozimda qoladi. Mamlakatda parlament saylovlari 90 kundan so‘ng o‘tkazilishi kutilmoqda.
Yangibozor tumanida fuqarolar o‘z xonadonida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelayotgani aniqlandi. Natijada elektr tarmoqlari korxonalari manfaatiga umumiy hisobda 235,1 mln so‘m zarar yetgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
«Tolibon» harakati butun Afg‘oniston bo‘ylab fermerlarga ko‘knori yetishtirishni taqiqladi. Aniqlangan hosillar yo‘q qilinadi, qoidabuzarlar esa shariat qonunlariga asosan jazolanadi.
Prezident qarori bilan Navoiy davlat konchilik instituti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti etib qayta tashkil etildi. Samarqandda esa veterinariya meditsinasi instituti negizida yangi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti ochildi.
Zuhriddin Qodirov BAAda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati finalida germaniyalik raqibini mag‘lub etdi. U O‘zbekiston qilichbozlari o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi bo‘ldi. JCHda Zaynab Dayibekova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Nur-Sulton shahrida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) kontrrazvedkasi mamlakat prezidentiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotganlikda gumon qilingan «xorijiy razvedka agenti»ni qo‘lga oldi. Shuningdek, ushbu agent Qozog‘istonda Rossiyaga qarshi tashviqot olib borish va jamiyatda rusofobik qarashlarni shakllantirish vazifalarini olgani ma’lum qilindi.
Qirg‘izistonning Botken viloyati Marg‘un qishlog‘ida O‘zbekiston tomonidan qurib bitkazilgan 3,5 mln dollarlik 330 o‘rinli maktab foydalanishga topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston ko‘magida Samarqandek qishlog‘ida ham maktab qurilmoqda, Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek musiqali-drama teatri rekonstruksiya qilinmoqda.
DXX Andijonda katta miqdorda qalbaki pullarni ishlab chiqarayotgan shaxslarni qo‘lga oldi. Jinoiy guruhning shu vaqtgacha 300 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgani aytilmoqda.
O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i yillik iste’molining taxminan teng yarmi import hisobidan qoplanadi. Bunday sharoitda global bozorda yuz berayotgan har qanday tebranishlar ichki bozordagi narxga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Dunyo bo‘yicha jami o‘simlik yog‘i eksportining 64% ini ta’minlovchi Ukraina va Rossiyadagi siyosiy-iqtisodiy vaziyat jahon bozorida, shu jumladan, O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxlarining keskin o‘sishiga olib kelishi mumkin, deydi iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev.
Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi, deya ma’lum qildi Qozog‘iston PA rahbarining birinchi o‘rinbosari Timur Suleymenov. Uning qayd etishicha, Qozog‘iston ziddiyatda qaysidir tarafni «na harbiy, na siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydi», biroq Ukrainaga insonparvarlik yordamini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun vosita bo‘lmaydi hamda Rossiya va Belarusga qo‘yilgan cheklovlarga rioya qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarning Mariupol metallurgiya kombinatida ushlab turilgani haqidagi murojaati tarqaldi. O‘zbekiston TIV ular harbiy harakatlar hududidan evakuatsiya qilingani va vatanga qaytayotganini ma’lum qildi.
Madina Berdiyeva — dunyoning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri Shell`da tizimli arxitektor sifatida faoliyat yuritadi. “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida u Niderlandiyaga ko‘chib o‘tish, yosh qizlar chet elga o‘qishga ketish uchun ota-onalarini qanday ko‘ndirishlari mumkinligi va nima uchun bugungi kunda xorijiy tillarni bilish ko‘nikma hisoblanmasligi haqida so‘zladi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tovar aylanmasi hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirayapti. Ikki davlat bosh vazirlari O‘shda chegaradosh viloyatlar hokimlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi. Energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, transchegaraviy savdo va boshqa sohalardagi loyihalar muhokama qilindi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot instituti universitet sifatida qayta tashkil etildi. OTMda bakalavriat bitiruvchilari uchun poliklinikalarda 6 oylik malakaviy amaliyot ko‘rinishidagi subordinatura joriy etiladi. Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari universitetga biriktiriladi.
24 fevraldan 1 aprelga qadar Ukrainadagi urush oqibatida 1276 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, yana 1981 kishi yaralandi. Bu BMT tomonidan tasdiqlangan raqamlar, asl holat bundanda ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ukraina bosh prokurori juma kuni soat 8:00 holatiga jami 153 nafar bola halok bo‘lgani va 245 nafar bola jarohat olganini qayd etdi.
Fitch Ratings agentligi 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati prognozini 3,1% gacha pasaytirdi. Prognozlarga ko‘ra, mamlakatda inflyatsiya darajasi 2022-yilda o‘rtacha 12,7% ni, 2023-yilda o‘rtacha 11,6% ni tashkil qilishi kutilmoqda. Agentlik O‘zbekiston suveren kredit reytingini BB- (barqaror kutilma) darajada baholagan.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli bolalar bog‘chasida zaharlangan 25 nafar tarbiyalanuvchi voqeasi bo‘yicha 6 kishiga nisbatan uchta modda doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Fransiya hukumati sanksiyalar ostida bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita vertolyotning foydalanish huquqini muzlatib qo‘ydi, deb xabar qildi Forbes. Ularning narxi 26 mln dollarga baholanmoqda. Tadbirkorning vakili Usmonov o‘z mulkining katta qismini, shu jumladan ushbu vertolyotlarni qaytarib bo‘lmaydigan trastlarga berib yuborganini ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan O‘zbekiston aprel-iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qiladi. Ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, yana 500 ming tonna bug‘doy xarid qilish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston budjetiga soliq tushumlari miqdori birinchi chorakda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga oshdi. Shunga qaramasdan, soliq organlaridagi ishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 13 ta DSI boshlig‘i ishdan bo‘shatildi, 40 dan ortiq rahbar xodimga intizomiy choralar ko‘rildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting