Samarqand viloyatida uch oyda 1477 ta holatda ekologiyaga oid qonun hujjatlari talablarini buzish holati aniqlandi. Bu bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli bayonnomalar tuzilib, 748,4 mln so‘m jarima va 279,9 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyati aholisi rasmiylarning Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydonni O‘zbekistonga berish rejalariga qarshi chiqishmoqda. Ular bilan uchrashgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev yana muzokaralar uchun Toshkentga borishga va’da berdi.
Toshkent shahrining «Vodnik» dahasidagi bolalar maydonchasida 8 yoshli bolaning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mahkamlanmagan arg‘imchoq ustuni bolaning ustiga qulab tushgan. Otasining ta’kidlashicha, obodonlashtirish xizmati xodimlari obodonlashtirish ishlari paytida maydonni tegishli me’yorlar asosida to‘sishmagan.
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi transformatsiya qilinib, xizmatning gibrid modeliga o‘tkaziladi. Xarajatlarni kamaytirish uchun shtatlar qisqartiriladi, xorijdagi samarasiz 20 ta vakolatxona yopiladi. May oyidan 9 ta norentabel reyslar (Parij, Rim, Milan, Tokio, Bangkok va boshqa shaharlarga) bekor qilinadi. Arzon reyslar ochilishi va ichki reyslar soni haftasiga 17 dan 49 gacha ko‘payishi kutilmoqda.
Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlariga elektr energiyasi, issiqlik va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqini beruvchi qonun loyihasini rad etdi. Deputatlarning fikriga ko‘ra, bu uchastka nozirlari asosiy ishidan tashqari ularning ish ko‘lami ortishiga, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsion holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Turizm va sport vazirining ta’kidlashicha, «Samarqand turizm salohiyatining ko‘pi bilan 5 foizidan foydalanayapmiz». Buning uchun yangi aeroport qurilayotgani va yiliga 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi aytildi. Aziz Abduhakimov Uzbekistan Airways`ning qimmat parvozlari muammosi Samarqand xalqaro aeroportiga ochiq osmon maqomi berilishi bilan hal qilinishini ta’kidladi. «Samarqand xalqaro aeroporti ochilsa, narxlar tushadi», — dedi u.
Prezident qarori bilan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, Akademiyaning Nukus filiali tashkil etilmoqda.
Toshkent metropolitenida jamoat tartibini buzgan holda to‘y qilib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxslarga BHMning 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Toshkent viloyatida 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘qituvchi va o‘quvchilari orasida koronavirus yuqtirish holatlari aniqlandi. Shu sababdan tumanlardagi bir qator maktablarda o‘quv jarayonlari masofaviy shaklga o‘tkazildi.
Poytaxtning Olmazor tumanida Nexia-3 qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, Matiz bilan to‘qnashdi. Ikki kishi vafot etdi.
Toshkent viloyatida o‘zini Bosh prokuratura Departamentida ishlashini qayd etib, Toshkent viloyati hududida 1,5 gektar yer maydoni ajratilishida tegishli qaror chiqartirib berishni va’da qilgan va hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga katta miqdorda pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.
«Har bir rayonni 4 ta rahbari vijdoni bo‘lsa, viloyat hokimiga kelib aytishi kerak „35−40 foiz oyligimni davlatga to‘layman“, deb. Nimaga desangiz har bir mahalla, tumanda 15, 20, 30 foiz fuqaro chet elda yuribdi», — dedi davlat rahbari. Ma’lumotga ko‘ra, Samarqandda 220 ming nafar fuqaro chet elda, 174 mingi esa ishsiz.
Ilhom Saparov Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Bolalarni ommaviy degelmintizatsiya kilish Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlandi. Tadbir doirasida 6,5 mln bola qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.
Bolalar yomon sharoitda yashayotgan, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o‘zgargani va chirigani, beton poldan iborat xonalar zaxligi aniqlangan Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi mehribonlik uyi viloyat ta’lim boshqarmasi tomonidan o‘rganildi. Muassasa direktori va ombor mudiri ishdan olindi.
4 ta A320 samolyotida loukoster tashkil etish, uzoq masofali yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun 3 ta A321 NEO LR samolyotini lizingga olish, mahalliy aviaqatnovlar sonini oshirish rejalashtirilmoqda. Prezident «Uzbekistan airways» va «Uzbekistan airports» kompaniyalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.
Chexiyada Rossiya elchixonasining 18 nafar xodimi mamlakatdan chiqarib yuborilgani, Moldova prezidentining fitnatda ayblanayotganligi, SpaceX’ning Oyga astronavtlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritgani va boshqa yangiliklar — “Gazeta.uz"ning jahon yangiliklari dayjestida.
Jizzaxda O‘zbekiston prezidentini internetda haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi. Baxmallik fuqaro V.K. YouTube va Facebook tarmoqlarida prezidentni haqoratlab, davlat rahbarining obro‘siga putur yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatganlikda ayblanmoqda.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida COVID-19`ga chalinish holatlari aniqlandi. Muassasalarda o‘quv jarayoni masofaviy ta’limga o‘tkazildi.
Samarqand shahrida Nexia-3 rusumli avtomobil velosipedchini urib yubordi. Velosipedchi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting