Senat raisi Tanzila Narbayeva xorijdagi migrant ayollar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘yish kerak emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, xorijdagi ayollarni oilasiga qaytarish hamda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak. «Rossiya, Qozog‘iston, Koreyada, bilmayman yana qayerda yuribdi ayollar», — dedi rais. Bundan tashqari, u mamlakatdagi mardikor ayollar haqida: «ular ko‘chada o‘z ishchi kuchini taklif qilib turishi juda xunuk holat», dedi u.
Dollarning rasmi kursi 12 so‘mga arzonladi va jami 10 523 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz pasaydi.
Koronavirusga chalinish holatlari soni oshgani munosabati bilan karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzayotgani uchun jarimaga tortilayotganlar soni oshdi. Shu vaqtgacha kunlik 200−300 kishiga chora ko‘rilgan bo‘lsa, 16 mart kuni ular soni 400 nafarga yetdi. Karantin choralari joriy etilgan vaqtdan buyon esa qariyb 900 ming kishiga chora ko‘rildi.
Toshkentda 660 ming dozali AstraZeneca vaksinasini O‘zbekistonga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ommaviy emlash Navro‘zdan keyin boshlanadi. JSST vakili AstraZeneca’ning COVID-19 ni oldini olishdagi afzalligi uni nojo‘ya ta’sirlaridan ko‘proq ekanligini ma’lum qildi.
AQSHning Moderna kompaniyasi 6 oylikdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarda koronavirusga qarshi vaksina sinovlarini boshlagani haqida e’lon qildi. Sinovlarda AQSH va Kanada bo‘ylab 6750 nafar bolalar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari — “Yoshlik” shaharchasi hokimi lavozimiga Ziyodullo Sa’dullayev tayinlandi. U bunga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqida bir qator lavozimlarda ishlagan.
Navoiyda fuqaro boshqa bir tadbirkorga tegishli yerni $150 mingga sotishga urindi. U kelishilgan puldan 70 ming dollarini olganida ushlandi. Unga nisbatan JKning firibgarlikka oid moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.
Avaz O‘rinboyev Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasiga tayinlandi. Bundan avval u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasida faoliyat yuritgan.
Toshkentda katta hajmli suv quvurlarida rejali profilaktika-ta’mirlash ishlari o‘tkazilishi munosabati bilan 29 martdan 8 iyungacha bosqichma-bosqich ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ o‘chirilish vaqtlari va joylar ro‘yxatini e’lon qildi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi direktori lavozimida ishlagan Shoxruh Shoahmedov Shoraximovich Parkent tumaniga hokim etib tayinlandi.
Qozog‘istonning Olmaota shahri va viloyatida karantin choralari kuchaytirilmoqda. Viloyat dam olish kunlari to‘liq karantinga olinadi. Hududda koronavirus holatlari darajasi 0,6 foizga o‘sgan, kuniga 99 holat qayd etilgan.
Gaz tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 17 mart kuni Toshkentning Yashnobod va Sergeli tumanlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.
Qo‘qon davlat pedagogika universitetida talabalar haqida ma’lumot olib, ularning manzillarini xaritada ko‘rsatib beradigan mobil ilova yaratildi.
So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 kishi ustidan davom etayotgan sud jarayonida barcha sudlanuvchilarning oxirgi so‘zi eshitildi.
Adliya vazirligi mutaxassisi qoidabuzar haydovchilarni tasvirga olib, pul ishlayotganlarni vatanni ham sotishga tayyorlikda ayblagan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning mulohazalariga javob qaytardi. «Huquqbuzarlikning oldini oluvchilarga „sotqin“ deya tamg‘a bosiladigan bo‘lsa, men ularga qarshi „sotqin“ bo‘lishga tayyorman va bundan g‘ururlanaman», — dedi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Shoxidaxon Yuldasheva
Toshkent viloyatida aholi gavjum bo‘ladigan bozor va savdo majmualari, jamoat joylari va jamoat transportlarida karantin qoidalariga rioya qilish ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Janubiy Koreya rahbarining davlat xodimlari bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi uchun uzr so‘ragani, Ukrainada Qrimni deokkupatsiya qilish strategiyasining tayyorlangani, Xitoy hukumatining Alibaba’dan media aktivlar portfelini qisqartirishni talab qilgani va boshqa yangiliklar — “Gazeta.uz"ning jahon yangiliklari dayjestida.
Prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston siyosiy beqarorlik natijasida zavod-fabrikalar qura olmagan bir paytda O‘zbekiston 40−50 yil oldinga ilgarilab ketganini ta’kidladi. U tomonlarda chegara masalasida jiddiy kelishmovchiliklar yo‘qligini ham qayd etib o‘tdi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi rahbari Malika Qudratxo‘jayeva «uchta tumanda karantin qoidalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashish kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan» dedi. U karantin talablarini buzganligi to‘g‘risida misollar keltirdi va Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida ko‘rsatilmagan bemorlardan birining o‘limi haqida xabar berdi.
O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari so‘nggi kunlarda sezilarda ravishda oshdi. Jumladan, 14 mart kuni jami 111 ta, 15 mart kuni 65 ta yangi holat qayd etilgan. Shu sabab cheklovlar qisman qayta tiklana boshladi. Twitter tarmog‘i foydalanuvchilari esa bunga o‘z munosabatini bildirdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev «erta-indin 650 mingta vaksina kelishini» aytgan bo‘lsa, boshqa bir foydalanuvchi buni «vaksinani sotishga tayyorgarlik shekilli», deya hazilga yo‘ygan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting