16 martdan Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi maktablar onlayn o‘qish rejimiga o‘tkaziladi. Bunga o‘quvchi va o‘qituvchilar orasida koronavirus infeksiyasiga chalinish holatining keskin oshgani sabab bo‘lgan. O‘qish jarayonlari bir martalik karantin muddatiga masofaviy tarzda amalga oshiriladi.
Tolibonlarning AQSH tinchlik rejasini rad etishgani, Xitoyning Gongkong to‘g‘risidagi bayonoti uchun G7 davlatlariga norozilik bildirgani, Yevropa Komissiyasining Buyuk Britaniya ustidan Breksit bitimini bajarmaganligi uchun yuridik jarayonini boshlagani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
AQSHda «Gremmi» musiqiy sovrinining turli xil nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari e’lon qilindi. Yilning eng yaxshi audioyozuvi (record — zapis) deb Billi Aylishning «Everything I Wanted» qo‘shig‘i, eng yaxshi albom deb esa Teylor Sviftning «Folklore» plastinkasi topildi. Qozog‘istonlik didjey Imanbek Zeykenov SAINt JHN’ning «Roses» qo‘shig‘i uchun yaratgan remiksi uchun yilning eng yaxshi remiksi sovrinini qo‘lga kiritdi.
Qurilish vazirligi Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda qurilayotgan binolar haqida ma’lum qildi. Qurilayotgan binolarda hududiy inspeksiyani xabardor qilmaslik, texnik ijro hujjatlari yuritilmaganligi holatlari aniqlangan.
Sanitariya va epidemiologiya Toshkent shahar boshqarmasi rahbari poytaxtda koronavirus bilan kasallanish soni, ayniqsa maktab o‘quvchilari, talabalar, tashkilot va muassasalar xodimlari orasida ko‘payganligini ma’lum qildi. Tuman bo‘limlariga pandemiya boshlanganidan buyon 106 o‘quvchida aniqlangan maktablarda karantin talablariga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Samarqandda o‘z tanishining uyiga o‘g‘rilikka tushgan fuqaro xonadon egasining ikki nafar farzandini o‘ldirib qo‘ydi. U bolalarni aldab, o‘z uyiga oborgan va belkurak bilan bosh qismlariga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng, ularning jasadlarini yoqib yuborgani aytilmoqda. Unga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dollarning rasmi kursi 9 so‘mga qimmatladi va jami 10 528 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz ko‘tarildi.
14 mart kuni bo‘lib o‘tgan «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvi bosh hakami Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi. Shuningdek, maxsus inspeksiya tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘rganib chiqish ishlari boshlandi.
Bahorgi ta’til 20 dan-28 martgacha davom etadi. 29 martdan o‘quv yilining 4-choragi boshlanadi.
O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning «Kyongnam banki» vakolatxonasi Markaziy bank tomonidan akkreditatsiya qilindi.
Anjey Malinovskiy Beeline Uzbekistan bosh direktori bo‘ladi. Oldinroq Artashes Davtyan ushbu lavozimni egallashi haqida xabar berilgan edi, ammo kompaniya uni ishga olish jarayonini yakunlay olmadi.
Toshkent viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Nizamov Sayfiddin Xatirchi tumaniga hokim etib tayinlandi.
O‘zbekiston Superligasida «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘yinning 52-daqiqasida bahsli holat yuzaga keldi va ushbu holat xaqida o‘yindan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Turon» bosh murabbiyi futboldagi korrupsiya haqida va adolatsizlik haqida gapirdi.
Haftaning ikkinchi yarmi boshidan Eron hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi va havo harorati keskin ko‘tariladi.
O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun yiliga 21 960 dollardan ko‘proq mablag‘ topishlari kerak. Baxt uchun eng kam pul «talab qilinadigan» mamlakatlar deb Surinam (6 799 dollar), Argentina (8 788 dollar), Angola (8 921 dollar) va Qirg‘iziston (8 997 dollar) topildi.
Asaka tumanida sobiq fermer hokimlik zaxirasidagi 50 sotix yerni tanishlari orqali issiqxona qurish va sholichilik uchun ajratib berishini va’da qilgan. U buning uchun 10 ming dollar talab qilgan. Keshilgan pulning 5 ming dollarini olayotgani vaqtida Bosh prokuratura va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Toshkent shahar hokimligi poytaxtda karantin talablariga rioya qilish qat’iy nazoratga olinishini ma’lum qildi. «Toshshahartransxizmat» jamoat transportida yo‘lovchilarga tibbiy niqob taqish talab etilishi haqida xabar berdi.
«ILGA Europe» xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda besoqolbozlikni taqiqlovchi qonun normalarini chiqarib tashlash taklifini bildirdi. Bunga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirar ekan, «agar bu inson huquqlariga zid, deyishsa tupurdim bunday huquqiga», deya ta’kidladi. Deputat «bu kabi mantiqsiz, aksiltabiiy taklifni berganlar bizga asli kim ekani va maqsadi nima ekanligini tushunib olavering», deya qo‘shimcha qildi.
«Hududgaz Poytaxt» ning xabar berishicha, Sergeli va Olmazor tumanlarining gaz tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli ayrim hududlarda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
14 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar (tasdiqlanganlari) soni 111 tani tashkil qildi va 24 dekabrdan beri birinchi bor bu ko‘rsatkich 100 tadan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xavotirga sabab yo‘qligini aytib, Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarining to‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting