Yangi qurilayotgan Sergeli yer usti metro yo‘nalishida test rejimida poyezd harakati amalga oshirildi. Metroning yil oxirigacha to‘liq foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Chinoz tumanidagi «Paxta Neftbazasi»da 5 ming tonna sig‘imli yoqilg‘i sisternasi yonib ketdi. Yong‘in sodir bo‘lgan joyga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Jabrlanganlar yo‘q.
Baxtiyor Ahmedov Navoiy viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. U bundan avval Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Rossiya Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampirlarda tobamovirus aniqlangani uchun sabzavotlarni o‘z hududiga kiritilishiga taqiq qo‘ydi. Ushbu virusni yuqtirgan sabzavot boshqa o‘simliklarning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Germaniyaning federal kansleri Angela Merkel 25 noyabr kuni Germaniyada koronavirus tufayli kiritilgan cheklovlar yanvargacha uzaytirilishini ma’lum qildi. Cheklovlar 20 dekabrga qadar amal qiladi.
Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 60,4 mln ga yetdi. COVID-19 dan tuzalganlar soni 38,7 mln dan oshgan bo‘lib, vafot etganlar soni esa 1,4 mln dan ko‘proqni tashqil qilmoqda. Eng ko‘p zararlanganlar AQSH, Hindiston va Braziliya mamlakatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Yaqin kunlarda havo harorati pasayib, yomg‘ir va qor yog‘ishi, tungi sovuqlar va shamol kuchayishi kutilmoqda. Havoning o‘rtacha kunlik harorati me’yordan 10−12 daraja past bo‘ladi.
2020 yilning 10 oyi davomida avtoraqamlarni sotib olish 2,6 barobarga ko‘paygan bo‘lib, avtoraqam.uzex.uz onlayn-auksioni orqali jami 218,8 mlrd so‘m qiymatda 80,5 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar xarid qilingan.
Polsha hukumati koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga insonparvarlik yordami yubordi. U shaxsiy himoya vositalari, antiseptik va dezinfeksiyalovchi vositalar, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlardan iborat.
Toshkentning ikkita tumanida hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Xo‘jaakbar Fayzullaxo‘jayev va Azizbek Yunusov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Energetika vaziri Alisher Sultonov gaz va elektr ta’minoti ortidan jamoasi bilan iste’foga chiqish masalasida fikr bildirdi. «To‘g‘ri, kamchiliklar juda ham ko‘p. Lekin hozir hamma iste’foga chiqib ketadigan bo‘lsa, ishni kim qiladi? Mutaxassislar o‘zi qolmayapti. Siz o‘ylamang, hech kim o‘zini joyini ushlab olgani yo‘q, lekin qanday qiyin bo‘lmasin, hamma o‘zini ishini qilishi kerak», — dedi vazir.
Energetika vaziri Alisher Sultonov ta’kidlashicha, O‘zbekiston hech qachon “Lukoyl"dan qarz bo‘lmagan. U qarzdor “O‘zbekneftegaz” bo‘lganini, hozirgi paytda “O‘ztransgaz” gaz olganini aytdi. “O‘shaning uchun bu ikkita xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi munosabat” — dedi vazir. Uning o‘rinbosari Behzot Normatov O‘zbekiston “Lukoyl” loyihalarida qancha daromad qilganini ma’lum qildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Gazeta.uz»ni COVID-kasalxonalari bemorlari statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqqoslangan yangilikni e’lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirdi. Biz ogohlantirish xatiga tahririyatni «noqulay» savollar berishdan to‘xtashga majbur qilishga urinishni eslatadigan keskin javob deb qaraymiz.
2021 yilda O‘zbekiston Moliya vazirligi 5 trln so‘mlik g‘aznachilik obligatsiyalarini, shuningdek 700 mln dollarga xalqaro yevrobondlarni chiqarishni rejalashtirmoqda, dedi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov. Shuningdek, u so‘nggi yevrobondlar sarmoyadorlari geografiyasi haqidagi ma’lumotlarni va bundan tushadigan mablag‘lar qanday maqsadlarga yo‘naltirilishi haqida ma’lum qildi.
Noma’lum shaxs o‘z mashinasida Angela Merkelning Berlindagi idorasi darvozasiga urilgani, SpaceX Starlink loyihasi doirasidagi o‘n oltinchi parvoz, Forbes Ilon Maskni dunyoning ikkinchi eng boy odami deb tan olmagani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Argentinalik futbol afsonasi Diyego Maradona 60 yoshida olamdan o‘tdi.
FIFA 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi, darvozaboni va murabbiysi sovrinlariga nomzodlarni e’lon qildi. FIFA.com sayti orqali ommaviy ovoz berish 9 dekabr 23:59 gacha qabul qilinadi. Sovrindorlar 17 dekabr kuni taqdirlanadi.
Shu kungacha «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MCHJ (UzCard) direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Farrux Ziyayev jamiyat bosh direktori lavozimiga tayinlandi.
Qozog‘istondagi bir qator kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyor. Salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi GALANZ Bottlers o‘z zavodini qurishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, IC Group tozalash kompaniyasi autsorsing xizmatlarini taklif qilmoqda, Timus Development kompaniyasi jamoat transportida bepul Wi-Fi va turizm, tibbiyot sohalariga oid IT ishlanmalarini joriy etishga hozir.
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi maktablarning 73,4 sotix yer maydonlari asossiz ravishda tadbirkorlik sub’ektlariga berib yuborilayotgani aniqlandi. Tuman prokuraturasi tuman hokimining qaroriga protest kiritdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting