O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 11,1 foizni tashkil etib, yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 2,1 foizga kamaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, mamlakatda mehnat resurslari soni 19,1 mln kishini, respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1,9 mln kishini tashkil etgan. O‘zbekistonda ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,6 mln kishidan oshgan.
16 noyabr kuni an’anaviy ta’lim shakliga barcha talabalar yoki barcha kurslar jalb qilinmaydi va OTMlar imkoniyatidan kelib chiqib, barcha kurslarni navbat bilan an’anaviy ta’limga jalb etiladi. Shuningdek, talabalarning imkoniyatlari agar mavjud bo‘lmasa, o‘z xohishi bilan masofaviy ta’limda davom ettirishi mumkinligi ma’lum qilindi.
16 noyabrdan qayta tiklanadigan an’anaviy shakldagi o‘quv jarayonida, auditoriyalarga belgilangan sig‘imning 50 foizigacha talabalar kiritiladi. Ya’ni, 30 kishilik auditoriyada bo‘lib o‘tadigan darslarga 15 nafar talaba qatnashadi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qilishdi. Sadir Japarov «Qirg‘iziston uchun qiyin davrda» ko‘rsatgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.
Prezident qaroriga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini aniqlash bo‘yicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston «Nation Brands 2020» reytingida 61-o‘rinni egalladi. Bu natija o‘tgan yilgidan 9 pog‘ona yuqoriroqdir. Markaziy Osiyoda eng yaxshi ko‘rsatkich Qozog‘istonda (44-o‘rin), MDH davlatlar orasida esa Rossiyada (14-o‘rin).
Sovuq havoda tayyorlanishi shart bo‘lgan sho‘rvalar retseptlarini Zira.uz tayyorlab qo‘ygan ro‘yxatdan topishingiz mumkin.
Eng yirik erkin savdo shartnomasining tuzilishi, Qorabog‘ aholisi o‘z uylarini yoqib yuborishi, Peruda yangi prezidentga qarshi namoyishlar va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Navoiy xalqaro aeroporti xodimlari avvalgi direktor v.b. Alisher Klichevni o‘z lavozimiga qaytarishni so‘rashmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, garchi uning qo‘l ostida aeroport o‘z mavqeini yaxshilagan va daromad keltirgan bo‘lsa-da, u hech qanday sababsiz ishdan bo‘shatilgan. Uzbekistan Airports bundan oldin Klichev «ishidagi qo‘pol xatoliklari» va «ishchilarni yollashda xalqaro me’yorlarga rioya qilmaganligi» uchun ogohlantirilganini aytgan edi.
Yaqin oylarda AQSHdan 16 nafar ingliz tili o‘qituvchilari hamda yetakchi universitetlarining professorlari O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Ular xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda yordamlashadi. Bundan tashqari, Qarshi shahrida «Amerika oynasi» («American window») kutubxonasining ochilishi ustida ish olib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli audio tarqaldi. Unda hokim Marhamat tumanida uch nafar ayolni «prezident vakiliga sassiq gapirgani» uchun qamab qo‘yganini aytadi. Bundan tashqari, jurnalistlarga qarata, — «Agar qitig‘imga tegsang, men qo‘yvoraman», — degan. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu audioyozuv ikki yil oldin yozilganligini aytmoqda.
2021 yil Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish yili deb e’lon qilindi. Viloyatda 2021−2022 yillarda umumiy qiymati 28 trln so‘m bo‘lgan 950 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu loyihalar natijasida 15 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Senat raisi Tanzila Narbayeva jinsiy tarbiyani yoshlikdan boshlash zarurligini ta’kidladi. Jumladan, maktabgacha ta’limda yoshga mos qilib, yuqori sinflar va oliy ta’limda yigit-qizlarni oilaga tayyorlash, reproduktiv salomatlikka o‘qitish kerakligi aytildi. «Biz yopganimiz sari internet ochiq. U salbiy oqibatlarga olib kelayapti», — dedi yuqori palata raisi.
Yangi milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, endilikda nazariya va amaliyot teng taqsimlanadi. Fanlar soni va o‘quv yuklamalari o‘quvchilar qiziqishiga qarab belgilanib, spiralsimon tarzda o‘qitiladi.
Dam olish kunlari respublika hududiga Ural tomondan sovuq havo kirishi kutilmoqda. Shanba kuni Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida, yakshanba kuni esa Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar kuzatiladi. Shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha yetishi mumkin.
Pensilvaniya apellyatsiya sudi pochta orqali yuborilgan ovozlarni hisoblash bo‘yicha amaldagi prezident Donald Trampning da’vosini qabul qildi. Unga ko‘ra, Pensilvaniya shtatida o‘n minglab saylov byulletenlarida keltirilgan saylovchilar o‘zlarini tasdiqlamaganlari sababli byulletenlar rad etildi.
Mansabdor shaxslarning davlat hisobidan qimmatbaho avtotransportlar xarid qilishining oldini olish maqsadida prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Endilikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlariga xizmat avtoransportlar klassiga qarab biriktirish belgilanib, cheklovlar qo‘yiladi.
Qashqadaryoda noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida yerlarning 45 foizi sho‘rlangan, aholining atigi 50 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan, viloyatning 88 maktabida «smena» ko‘rsatkichi yuqori, lekin bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgan, sog‘liqni saqlash tizimida 1000 dan ortiq shifokorlar yetishmaydi. Davlat rahbari viloyatning muammolarini sanab o‘tdi.
10 oy mobaynida qariyb 8,5 ming xotin-qiz davlat himoyasiga olindi. Ular orasida oilada otasi yoki onasi tomonidan zo‘ravonlikka duch kelgan qizlar ham bor. Shuningdek, himoya orderi olinishi natijasida 418 ta oila ajrashib ketdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalarida ochiq muloqot qildi. Suhbat chog‘ida viloyat bo‘ylab 26 mingdan ortiq yoshlar ishsiz ekani va tadbirkorlik rivoji darajasi ancha pastligi qayd etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting