Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saraton kasalligiga chalindi. Davolanish davrida u ommaviy tadbirlarda kamroq qatnashadi. Bukingem saroyining ta’kidlashicha, qirol yaxshi kayfiyatda va tez orada davlat vazifalariga qaytishga umid qilmoqda.
Turizm qo‘mitasi Umra xizmatlarini litsenziyasiz ko‘rsatgan kompaniyalarning ma’lumotlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotganini bildirdi. Shuningdek, xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tdi.
2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘ldi. Oltin bo‘yicha sof savdo 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchilikni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkichni qayd etdi. Shuningdek, mamlakat dekabr oyida 9 tonna oltin xarid qildi.
Ramazon Ashrapov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i bo‘ldi. U shu paytga qadar Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Navoiy shahridagi 18-sonli maktabda rus tili o‘qituvchisi (erkak) 2 nafar o‘quvchini kaltakladi. Hozirda holat bolalar ombudsmani kuzatuvida va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi qo‘lga olindi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.
2020-yilning iyunidan beri Toshkent viloyati Ohangaron shahriga hokimlik qilib kelgan Akrom Eshonqulov lavozimini tark etgani haqida e’lon berdi. “Ish jarayonida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchalaringizdan uzr so‘rayman. Xayr jonajon shahrim”, — deb yozdi u.
Prezident mutasaddilarga 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimini ishga tushirish, dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.
Gurlan tumanida fermer xo‘jaligi rahbari 81 tup biologik sog‘lom turong‘il daraxtini noqonuniy kesgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 618,1 mln so‘mlik zarar etkazilgan. Xo‘jalik rahbariga jinoyat ishi ochildi.
O‘zbekiston TIVning boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Ayubxon Yunusov mamlakatning Kuvaytdagi elchisi etib tayinlandi. 50 yoshli diplomat 2016−2022-yillarda elchi bo‘lib ishlagan Bahromjon Aloyev o‘rnini egalladi.
Vengriyaning hukmron partiyasi a’zolari Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan parlament yig‘ilishini boykot qildi. Vengriya Yevropa Ittifoqidagi hali arizani ma’qullamagan so‘nggi davlat hisoblanadi.
Parijliklar yo‘ltanlamaslar uchun avtoturargohlar narxini uch barobar oshirish tartibini qo‘llab-quvvatladi. Fransiya poytaxti rasmiylari shu yo‘l bilan ushbu turdagi avtomobillarning havoni ifloslantirishiga qarshi kurashib, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashni istamoqda.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Dok-1 Maks” siropi ishida ota-onalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Undan foydalanish oqibatida O‘zbekistonda kamida 69 bola halok bo‘lgandi.
Sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlarni tanqid qilib, ayrimlarini UJJ — “uyushgan jinoiy jurnalistlar” deb atadi. U ulardan “sal pastroqqa tushishni” va o‘zlarini “butun jamoatchilik” deb hisoblamaslikni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular xorijiy OAV bilan raqobatga dosh bera olmaydi.
KPI bo‘yicha ishlaydigan vazirlar, ozodlikka chiqqan Otabek Sattoriy, o‘zbekistonlik migrantlarni ishga chaqirayotgan Isroil, dorilar sotuvi bilan bog‘liq “o‘yinlar” haqida gapirgan prezident va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Tennischi Denis Istomin Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston-Polsha uchrashuvidan so‘ng professional sportdagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. U uch marta Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan, 2018-yilgi Osiyo o‘yinlarida oltin, Guanjou-2010 da 2 ta kumush va Incheon-2014 da bronza medalini qo‘lga kiritgan.
O‘zbekistonda jinsiy tarbiya “bolaning tarbiyasi va axloqiy fazilatlariga qandaydir tarzda tahdid soladi”, degan fikr keng tarqalgan, dedi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida. “Undan olabo‘ji yasamaslik kerak. Ma’rifat tahdid solishi mumkin emas”, — dedi u.
Isroil G‘azo sektoridagi mojaroning kuchayishi ortidan ishchi kuchi tanqisligiga duch keldi. Rasmiylar qurilish sohasidagi falastinliklar o‘rnini O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lanka migrantlari hisobiga to‘ldirishni rejalashtirmoqda. Uchta davlatdan umumiy hisobda 65 ming ishchi kelishi kutilmoqda.
Toshkent viloyati Chinoz tumaniga Sherzod Salixov hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rishni tayinladi. “Bu yilgi yutuqlarni Tokiodagi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Natija tarixda eng yaxshisi bo‘lishi uchun hozirdan chora ko‘rish kerak”, dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting