2024-yilda jismoniy shaxslar banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi (2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p) chet el valyutasini sotdi. Shuningdek, yil davomida aholi 9,4 mlrd dollar miqdorida valyuta sotib oldi (+3 foiz). Mamlakat bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni yil davomida 20 foizga ko‘paydi.
Malayziyaning Five Petroleum kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratishni ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya, shuningdek, hududlarida transport-logistika infratuzilmasini qurish masalasini ham o‘rganmoqda.
Toshkent viloyati va shahrida atmosferaga zarar yetkazayotgan 46 ta issiqxonaning faoliyati to‘xtatildi. Bundan tashqari, 426 ta issiqxona egalari chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish zarurligi, shuningdek, chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlangani haqida ogohlantirildi.
2024-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2023-yilga nisbatan 3,4 mlrd dollar (30 foiz)ga ko‘payib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan kelib tushdi. Buyuk Britaniyadan o‘tkazmalar 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQShdan 35 foizga hamda YeIdan 32 foizga oshdi.
Qozog‘iston hukumati kartoshka eksportini olti oyga chekladi. Qaror bu mahsulotning, xususan, O‘zbekistonga eksport hajmi oshishi va narxi keskin ko‘tarilishi fonida qabul qilindi. 11 oy ichida O‘zbekiston import qilgan kartoshkaning deyarli 75 foizi Qozog‘istondan olib kelingan.
Bandlik vazirligi 2024-yilda Kanada 5 mingta bo‘sh ish o‘rni taklif etayotganini e’lon qilgandi. Migratsiya agentligiga ko‘ra, shundan so‘ng ishlash uchun 35 ming o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan. Ulardan 100 nafar nomzodning ma’lumotlari Kanada tomoniga taqdim etilgan. Ammo nomzodlarning barchasi rad qilingan.
Oliy ta’lim kengashi xususiy oliygohlarning kontraktdan tushadigan pullariga 4 foizli “soliq solish” fikridan qaytmadi. Avvalroq deputat Dilmurod Artiqov bu to‘lovning qaysi asos bilan joriy etilayotganini so‘rab, bosh prokurorga so‘rov yuborgan, tashabbus esa ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchragandi.
Bir yil ichida mamlakatdagi eng yirik marketpleys Uzum Market’ning topshirish punktlari soni 3 barobar oshdi, ularning deyarli yarmi aholisi 30 ming nafardan kam bo‘lgan yashash punktlarida tashkil etildi.
Yuklatilgan talabni bajarmagach, TikTok AQShda bloklandi va App Store hamda Google Play`dan olib tashlandi. Biroq Trampning platformani saqlab qolish haqidagi bayonotidan so‘ng kompaniya ishini qayta tikladi. Foydalanuvchilarga esa “Trampning harakatlari tufayli TikTok AQShga qaytdi!” degan xabar yo‘llandi.
10-yanvarda Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazildi. Ammo 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan tanlov natijalari ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Migratsiya agentligi bunga texnik muammolarni sabab qilib ko‘rsatdi. Angliya kompaniyasi esa jarayonga uchinchi shaxslar aralashganini ta’kidlamoqda.
Raqobat qo‘mitasi reklamalarda bo‘rttiruvchi ma’no ifodalangani uchun Ucell (COSCOM) kompaniyasini jarimaga tortdi.
Nisbatan iliq dushanbadan keyin seshanba kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Shimolda payshanba va juma kuniga o‘tar kechasi harorat −8…−13 darajagacha pasayadi. Jumadan boshlab harorat yana ko‘tariladi.
BBC Travel global media portali O‘zbekistonni 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi manzillar ro‘yxatiga kiritdi. “Mamlakat sayyohlarni jalb qilish maqsadida yangi poyezd yo‘nalishlari, ichki reyslar va madaniy obyektlarga investitsiya kiritmoqda”, — deyiladi hisobotda.
Chilonzor tumanidagi avtoturargohda turgan Nexia butunlay yonib ketdi. Yong‘in oqibatida jarohat olganlar bo‘lmagan. Yong‘in sababi hozircha aniq emas.
Navoiy shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet avtomobilining 16 yoshli haydovchisi to‘xtash ishorasiga amal qilmay, YPX inspektorini urib yubordi. Bola voqea joyidan qochib ketgan, inspektor esa o‘sha yerda halok bo‘lgan.
Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS esa isroillik uch ayolni topshirdi. Kelishuvning birinchi bosqichida HAMAS 97 nafar isroillikning 33 nafarini, Isroil mingdan ortiq falastinlik mahbusni ozod qilmoqchi.
O‘zbekistondagi yuk mashinalari, avtobus va lokomotiv haydovchilari Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda. Ular O‘zbekistonda nemis tili va malaka kurslarida o‘qitiladi. Oylik maosh oyiga 2400 — 2600 yevroni tashkil qiladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan alohida dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, dorilarni tadqiqotsiz ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror SSV huzuridagi ekspertlar kengashi tomonidan chiqariladi.
Samarqand shahrida 10-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi Spark piyodani urib yubordi. Oqibatda 51 yoshli erkak vafot etdi.
O‘zbekistonda joriy ish haftasi beqaror bo‘ladi. Avvaliga nam, lekin iliq, keyin yomg‘irning qorga aylanishi, payshanba-juma kunlariga kelib haroratining keskin pasayishi kutiladi (ammo butun mamlakat bir xilda sovib ketmaydi). Dam olish kunlari esa quruq keladi va haroratning tez ko‘tarilishi ro‘y beradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting