Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 10,11,12-may kunlari Samarqand — Toshkent — Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yiladi. Avvalroq poytaxtdan Qarshiga ham 8, 9-mayda qo‘shimcha poyezdlar qatnovi bo‘lishi xabar qilingandi.
Qoraqalpog‘istonda fevral oyi oxirida ochilgan Amudaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik 7−9-may kunlari yopilishi rejalashtirilgan edi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” ko‘prik yopilmasligini ma’lum qildi.
Fransiyaning Alstom kompaniyasi vitse-prezidenti Sasha Parne “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Toshkentda tramvay liniyalarini qurish bo‘yicha loyiha haqida gapirdi. Uning aytishicha, rasmiylar 2030-yilgacha davlat organlari ham ko‘chib o‘tishi reja qilingan Yangi Toshkentni ustuvor yo‘nalish sifatida tanlagan.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Superbet Rapid & Blitz Poland 2024 — mukofot jamg‘armasi 175 ming dollar bo‘lgan Grand Chess Tour’ning birinchi bosqichida ishtirok etadi. Turnirda Magnus Karlsen, Dommaraju Gukesh va boshqa shaxmatchilar ham ishtirok etadi.
Toshkentdagi “Kamolon osh” asoschisi Sa’dullo Saidov vafot etdi. Uning Tailandga qilgan safari chog‘ida cho‘kib ketgani aytilmoqda. Osh markazi 3 kunga faoliyatini to‘xtatdi.
Sherobod tumanida sel oqizib ketishi oqibatida 360 bosh qo‘y nobud bo‘ldi. Qo‘ylar jasadi Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi tomonidan har xil kasalliklar tarqamasligi uchun dezinfeksiya qilinib ko‘mildi.
Vladimir Putinning prezidentlik lavozimiga kirishishi munosabati bilan Rossiya hukumati iste’foga chiqdi. Yaqin kunlarda Putin Davlat dumasiga yangi bosh vazir nomzodini taqdim etadi. Ungacha avvalgi hukumat o‘z vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi.
Vengriya, Eron, Chexiya, O‘mon va Jazoir elchilari O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi. “O‘zbekiston jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurauf Qorjovov 68 yoshda vafot etdi. U MTRK tizimida 27 yil davomida ishlagan, shuningdek, so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston” gazetasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishi va moslashuv masalalariga bag‘ishlangan anjumanda milliy moslashuv rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi. Bunday rejaga ega bo‘lish Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga sodiq bo‘lgan har bir davlat uchun majburiydir.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari Farg‘onada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashni muhokama qildi. Shuningdek, qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz chegaralarini demarkatsiyalash jarayonlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazishni dekriminalizatsiya qilib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazilishi kutilmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini qabul qildi.
Ichki ishlar vazirligi rahbari avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun avvalgi 10 foizlik BHM stavkasini qaytardi, bir oy oldin bu ko‘rsatkich 68 barobar oshirilgandi. Ammo oshirilgan ro‘yxatga olish to‘lovlari (oddiy avtomobillar uchun 6,84 BHM va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarishsiz qoldi.
O‘tkirbek Xolmirzayev va Zayniddin Shamsidinov oilaviy zo‘ravonlikka doir 10 462 ish asosida o‘tkazgan tadqiqot O‘zbekistonda ayollar himoyasi uchun qabul qilingan qonun ularni jazolashga ham xizmat qilayotganini ko‘rsatdi. “Bu paradoks dunyoning hech bir huquqiy tizimi amaliyotida uchramagan”, deydi tadqiqotchilar.
Kadastrlar palatasining Yangihayot tumani filiali boshlig‘i 25 ming dollar pora olgani aytilmoqda. Shuningdek, DXX Farg‘onada prokuror o‘rinbosari, Namanganda hokim o‘rinbosari, Toshkent viloyatida esa elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘ini qo‘lga oldi.
O‘zbekiston Oliy sudi 1930−1938-yillarda qatag‘on qilingan 205 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmini chiqardi. Ushbu shaxslarning aksariyati konslagerga jo‘natilgan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki otuvga hukm qilingan.
Endilikda OTMlarda davlat granti butun o‘qish davri uchun bir talabaga berilmay, har yili yuqori baholar olgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. “Grantga kirgan talaba keyingi o‘quv yilida ham grant uchun kurashishi kerak”, — dedi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” direktori Adham Xudoyqulov.
Sardoba tumanidagi 5-maktabda o‘quvchilar Massa`ning “Dumba” klipini tomosha qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida nazoratsiz qoldirgani uchun sinf rahbari, direktor va uning o‘rinbosari ishdan olinganini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushining barcha qatnashchilari va nogironlariga 20 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moldovaning yangi elchisi Valeriu Kiverdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting