Bryansk (Rossiya) shahrida 8-sinfda o‘quvchi qiz gimnaziyadagi sinfdoshlariga qarata o‘t ochdi. Besh kishi yaralandi, ikki qiz halok bo‘ldi, jumladan, hujum qilgan qiz o‘z joniga qasd qildi.
Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘zining “Mening hayotim. Qaramlikdan ozodlikka” nomli memuari nusxasini sovg‘a qildi.
Qoraqalpog‘istondagi gaz to‘ldirish shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida — soat 06:00 dan 15:00 gacha amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Toshkent shahri kengashi deputatlari gul ko‘chatlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 5 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.
Dam olish kunlarida O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Harorat kechasi +5…−10 daraja, kunduzi +10…-5 daraja atrofida bo‘ladi.
S&P “O‘zbekneftgaz” kredit reytingini past natijalar, yuqori qarz yuki va Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani sababli nisbatan riskli bo‘lgan “B+” darajasiga tushirdi. Majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli prognoz “salbiy”ga o‘zgargan.
“Dolzarb 40 kunlik” maxsus reydlari davomida Toshkent viloyatida 34 nafar jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olindi, 64 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Andijonda o‘zidan “yetakchi” yasab olgan 4 kishi, Buxoroda esa kriminogen vaziyatga ta’sir qiluvchi 38 nafar shaxs qamoqqa olindi.
2022-yil boshida 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ozodlikka chiqdi.
Amerikalik xonanda Teylor Svift Time jurnali tomonidan “Yil odami” deb topildi. Jurnal xonandaning besh qit’ada 151 ta shouni o‘z ichiga olgan va qo‘shiqchini milliarderga aylantirgan Eras Tour dasturiga ishora qilib, “Hozir sayyorada hech kim buncha ko‘p odamning hislarini uyg‘ota olmaydi”, deya qayd etdi.
Sud ko‘chada 8 yoshli qizni o‘pib, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan 63 yoshli erkakka 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Yandex Go xizmati O‘zbekistonga to‘laydigan QQS sabab taksoparklar uchun komissiya miqdorini oshirganini tasdiqladi. Shu bilan birga, xizmat vakillarining ta’kidlashicha, taksoparklar o‘z komissiyasining kamaytirishini kutish mumkin. Ayrim taksoparklar buni tasdiqladi.
8−13-dekabr kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Shuningdek, 10−12-dekabr kunlari Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda mudofaa sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston seminari o‘tkazildi. Unda mudofaa sanoat majmuasi korxonalari ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Sud Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limining sobiq boshlig‘i, ikki nafar tergovchi va profilaktika inspektorini 6 yildan 8,5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Xodimlar kasalxonada vafot etgan gumonlanuvchini qiynoqqa solishda aybdor deb topildi, biroq ular buni rad etdi.
Konstitutsiyaviy sud bolalarni zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqlari buzilishiga “mutlaqo toqatsiz munosabat”ini shakllantirish muhim, deb hisoblaydi. Sudlarning kengashlarga hisobot berish amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.
Samarqand viloyatida 47 kishi jinoiy guruhga a’zolikda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularning 6 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 25 nafari ma’muriy tartibda qamaldi. Ushbu shaxslardan psixotrop vositalar va sovuq qurollar olib qo‘yildi, deya xabar berdi DXX.
Prezident chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar mahkumni afv etdi. Ularning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayollar, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashganlar tashkil etadi.
Toshkentda jinoyat sodir etganlikda gumonlangan yana 6 kishi ushlandi. Ular orasida avvalroq poytaxtning “kriminal avtoritet” nomiga da’vogarlik qilgan va ikki yilga qamalib chiqqan Abbosxon Xodjayev ham bor.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasi kiritildi. Loyiha Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari bilan birgalikda takomiliga yetkazilmoqda.
Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va bezorilikda gumonlanib 19 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting