Andijon viloyatidagi profilaktik tadbirlarda jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, “o‘zidan yetakchi yasab olganlar” hamda ularga yaqin bo‘lgan shaxslar qo‘lga olinmoqda. Xususan, bezorilik, tovlamachilik va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib 3 nafar shaxs hibsga olindi.
Jizzax shahrida “VAZ-2107” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan 5 ta avtomobilga borib urildi. Oqibatda uch kishi jarohatlandi.
Noyabr oyi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda 1,1 foizlik inflyatsiya qayd etildi, yillik inflyatsiya 8,8 foizdan pasaydi — bu so‘nggi 7 yildagi eng past ko‘rsatkich. O‘tgan oyda tuxum va shakar narxi oshgan, mol go‘shti, un va sariyog‘ esa arzonlashgan. Benzin va propan narxi oshib bormoqda, poyezd chiptalari ham qimmatladi.
Urganch-Xiva-Urganch yo‘nalishidagi trolleybus harakati tiklandi. Qatnov yuqori kuchlanishli elektr simlari va transformatorlarida ta’mirlash ishlari olib borilgani hamda elektr energiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar sababli 20-noyabrda to‘xtatilgandi.
4-dekabr kuni ertalab Urganchni qalin tuman qopladi. Bunday ob-havo tufayli ikkita aviareys kechiktirildi. Soat 10 ga kelib, tuman tarqadi. Fotograf Azamat Matkarimov tongda tumanli shaharni aylandi.
Uchko‘prik tumanida davlatga 2,8 mlrd so‘mdan ziyod zarar keltirgan mayning ferma faoliyati to‘xtatildi.
S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi suveren kredit reytingini barqaror prognoz bilan “BB-” darajasida tasdiqladi. Agentlik 2023-yil oxirigacha O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishini 5,6 foiz darajasida prognoz qilmoqda.
Toshkentning Yangihayot, Bektemir, Yashnobod tumanlaridagi ba’zi mahalla va ko‘chalarda 5−6-dekabr kunlari tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Davlat OTMlarida 1-kurs va o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 25-dekabrga qadar uzaytirildi. Yuqori bosqichdagilarning kontraktni to‘lash muddati esa oliygoh rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
4-dekabrdan Andijon viloyatidagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz jadvalga muvofiq — soat 06:00 dan 15:00 gacha berila boshladi. Gaz bilan, birinchi navbatda, turar joy binolari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar va ijtimoiy soha obyektlari ta’minlanadi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan juda ko‘p miqdorda tovlamachilik moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jinoiy faoliyatda gumonlangan yana 10 kishi qo‘lga olindi. “Ular tahdid va kuch ishlatish yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Doston Xalilovni Qirg‘izistonga qochishga uringan vaqtda qo‘lga oldi. Uning Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”) bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan.
2024-yil yanvaridan UzAuto Motors Gentra/Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi. Gentra uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvati yangi modellarga yo‘naltiriladi, deya ta’kidladi kompaniya.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-dekabrdan qisqa muddatli ta’tilga chiqdi.
Milliy marketpleys Uzum Market kuz faslining uch oyi sarhisoblar bilan o‘rtoqlashdi. Unga ko‘ra, platformada 11 mln mahsulot rasmilashtirildi, O‘zbekistonning 10 ta shahrida 100 ta yangi tarqatish punkti ochildi.
O‘zbekistonda mavsumiy kasalliklar sabab o‘quv muassasalarini vaqtincha yopishga asos yo‘q, dedi Sanepidqo‘m raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov. Tarmoqlarda vaziyatni yaxshilash uchun muassasalarni yopish taklif qilingandi. Mutaxassis yangi pandemiya va epidemiya boshlangani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.
18−64 yoshdagilar orasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi semiz hisoblanadi. 46 foizining qonida esa xolesterin miqdori oshgan.
Marg‘ilon shahrida qora rangdagi o‘nlab Gentra mashinalari haydovchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Bu aynan shu rangdagi Gentra avtomobillarining davlat raqami belgisini yechib harakatlanish ko‘paygani bilan izohlandi. Farg‘ona viloyati IIB jarayon profilaktik ishlarning bir qismi ekanini ta’kidladi.
Sergeli tumanidagi maktab hovlisidan 44 yoshli ayolning jasadi topildi. Bosh prokuratura uning o‘limiga yurak kasalligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi va alkogoldan o‘tkir zaharlanish kabilar sabab bo‘lganini bildirdi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari dastlab Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”)ni ma’muriy javobgarlik uchun hibsga olgan, bu haqda sud qarorida qayd etilgan. U 15 sutkaga hibsga olingan, shundan so‘ng poytaxt IIBB jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting