O‘zbekistonda dam olish kunlari kuzatilgan salqin ob-havo juma kungacha davom etadi. Harorat +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta o‘rtasiga borib kunlar biroz isishi mumkin. Ayrim joylarda qisqa yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov “Aziya Invest Favorit” MCHJga pul to‘lab, uylarini ololmayotgan fuqarolar bilan uchrashdi. 14 marta sudlangan kompaniya rahbari Hayrulla Xatamov va uning oila a’zolariga tegishli 200 mlrd so‘mlik mulk xatlandi. Hukumat muammoni hal qilish yuzasidan o‘z taklifini bildirdi.
O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari daromadlaridan 29 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) ko‘proq bo‘ldi. 2023-yilda profitsit prognoz qilinganiga qaramay defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi. Bu ma’lumotlarni e’lon qilayotib Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “defitsit” so‘zini ishlatmadi.
Tijorat banklari 7-avgust kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 600−11 660 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 700−11 735 so‘m.
O‘zbekistondagi ikkita yirik to‘lov xizmati o‘z faoliyatidagi uzilishlar haqida xabar berdi. Oson Uzcard va Humo kartalari tizimdan vaqtincha uzilganini ma’lum qildi. Payme`da ham Uzcard va Humo orqali pul o‘tkazmalari ishlamayapti.
Vengriyada o‘tgan Masters turnirida o‘zbekistonlik dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. So‘nggi bor bu turnirda terma jamoadan oltin medalni 2011-yilda Rishod Sobirov yutgandi. Bu yilgi turnirni O‘zbekiston 1 ta oltin va 2 ta bronza bilan yakunladi.
Yakshanba kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in sodir bo‘ldi. Uni o‘chirish jarayonida 20 nafar fuqaro xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmadi.
O‘zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchisi Abbos Fayzullayev “Paxtakor” jamoasidan Rossiyaning SSKA klubiga o‘tdi. 19 yoshli yarim himoyachi bilan 3 yillik shartnoma imzolandi va ushbu muddat uzayishi mumkin.
Tarmoqlarda Andijonda nogironligi bo‘lgan abituriyentni yelkasida ko‘targancha imtihon joyiga olib borgan ichki ishlar xodimi surati tarqaldi. Uni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov taqdirladi. “Andijonimizning IIB xodimi qanaqa ekanligini mana shu bolam ko‘rsatib qo‘ydi”, — dedi hokimlik rahbari.
Forish tumanidagi qishloqlardan birida bolalar bog‘chasi mudirasi mahalladoshi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Iyun oyi boshida Misrda YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosi ikki oylik davolanishdan so‘ng vataniga qaytarildi. Unga O‘zbekiston elchixonasi, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi va Uzbekistan Airways kompaniyasi tomonidan yordam ko‘rsatildi.
UzAuto Motors shartnoma tuzish qayta ochilganidan bir kun o‘tib Cobalt, Lacetti va Damas avtomashinalarining sotuvini to‘xtatdi. Ko‘pgina avtosalonlarda ushbu mashinalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun uzun navbatlar paydo bo‘ldi.
Yakshanba kuni tongda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonning 9 ta hududida sezildi. Uning kuchi 3−4 ballni tashkil etdi.
Birorta ham saylangan amaldor qolmagan, mamlakatning aksariyat hududi qurolli to‘dalar nazorati ostida, millionlab aholiga esa ochlik xavf solyapti. Karib havzasida joylashgan Gaiti davlat sifatida o‘zining mavjudligini tahdid ostida qoldirgan eng jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqda.
1−2-iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukus voqealarini bartaraf etishda noqonuniy xatti-harakatlar qilgan 3 nafar ichki ishlar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Ularning ikki nafari qiynoqqa solishda ayblanib 7 yilga, yana bir nafari o‘layotgan odamga yordam ko‘rsatmagani va yolg‘on guvohlik bergani uchun 3 yilga qamaldi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan Ibrat Farzandlari — xorijiy tillarni bepul o‘rgatishga mo‘ljallangan loyiha doirasida Ibrat Academy ilovasi ishlab chiqildi.
Bosh prokuraturaning qayd etishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Qattiq rejimdagi koloniyada 9 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilindi. Uning aytishicha, u umrbod qamoq jazosini o‘tayotganini juda yaxshi tushunadi va 19 raqami esa ruslarni qo‘rqitish uchun mo‘ljallangan.
Islom dini mavzusiga ixtisoslashgan Azon.uz sayti o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda loyiha asoschisi Mubashshir Ahmad ma’lum qildi. Nashrning ijtimoiy tarmoqlardagi veb-sayti va sahifalari ochilmay qoldi. Azon TV YouTube sahifalaridan diniy videolar olib tashlandi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan FVV davlat yong‘in nazorati organlariga obyektlarda bir yilda ko‘pi bilan bir martadan tekshiruv o‘tkazish vakolati berildi. Shuningdek, 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan obyektlarda har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting