Sud rossiyalik sayyohning dronini davlat foydasiga musodara qilish va O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga topshirish haqida qaror chiqardi. Uskunaning narxi 2000 dollarga baholanmoqda.
Oliy ta’lim vazirligi talabalarning qariyb 41 foizi yotoqxona bilan ta’minlanganini ma’lum qildi. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 28 foizni tashkil qilgan. 2 qavatli karavotlar, turar joylarni optimallashtirish, yangi yotoqxonalar hisobiga o‘rinlar soni ko‘paytirildi.
O‘zbekistonda yil boshidan buyon Suriyadagi «Islom davlati» va «Tavxid va jihod katibasi» terrorchilik tashkilotlarga aloqador 4 ta yashirin, 10 ta «virtual» guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ular faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent shahrining yashil maydoni (butalar va maysalar ham kiradi) qariyb 30%ni (hokimiyat o‘lchovi bo‘yicha — 26,84%) tashkil etadi. 3 foizlik ko‘rsatkichni O‘zgidromet vakili texnik xato tufayli e’lon qildi, deyiladi markaz xabarida. Hokimiyat yashillik ko‘rsatkichi qanday aniqlanishini tushuntirdi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, 10 gektardan kam bo‘lmagan paxta va don ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Ariza tuman hokimligida qabul qilinadi, subsidiyalar Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari tomonidan to‘lab beriladi.
Import oziq-ovqatlar, jumladan kartoshka, go‘sht, yog‘, un va shakar «birinchi qo‘l» tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz bozorga chiqarilmoqda, dedi Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i Dilshod Rahimov. Yil boshidan beri narxlarni manipulyatsiya qilgan 187 nafar shaxsga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
BMTTD, Islom taraqqiyot banki va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi Orolbo‘yida yangi loyihani ishga tushirdi — arxitektura-loyiha institutlari hamda hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalari vakillari ekologik toza muhandislik loyihalari va bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘qitiladi.
Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida hibsga olindi. Seshanba kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov protsessual tartibda ushlangani ma’lum bo‘lgandi.
Eron sharqida sodir bo‘lgan poyezd falokati oqibatida 17 nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohatlandi. Taxminan Tabas shahri yaqinida poyezdning ekskavator bilan to‘qnashib ketishi natijasida yetti vagondan to‘rttasi ag‘darilib ketgan.
DXX Andijon va Samarqandda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘ydi. Andijondagi holatda fuqarolar 1 ga yerni $180 mingga sotishga urindi. Samarqanddagi to‘rtta holatda esa 3 ga yerni 180 mln so‘mga, 50 sotix yerni $100 mingga, 70 sotix yerni $65 mingga va 5 ga yerni $50 mingga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi.
2022 yilda erkin iqtisodiy va sanoat zonalariga elektr, gaz va suv kommunikatsiyalarini o‘tkazish dasturi tasdiqlandi. Avvalroq Shavkat Mirziyoyev sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, ularning uchdan birida elektr, gaz, suv va kanalizatsiya yo‘qligini tanqid qilgandi.
Avstriyaning «UniCredit Bank Austria AG» banki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalar transferini moliyalashtirish uchun 7,9 mln yevro ajratdi. Ushbu imtiyozli mablag‘lar «Bauer GmbH» kompaniyasining yomg‘irli sug‘orish uchun innovatsion texnologiyalarini xarid qilishga sarflanadi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti dekan o‘rinbosari va yana ikki shaxs talabaning Qozog‘istondagi o‘qishini ko‘chirib berish evaziga 12 ming dollar olgani aytilmoqda. Gumonlanuvchilar pulni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborib, uning o‘rniga Spark mashinasini fuqaroga topshirgan vaqtida qo‘lga olindi.
Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga 55 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan Yutong yo‘lovchi avtobusi To‘rtko‘l tumanidan o‘tgan avtomagistralda yonib ketdi. Voqea tunda sodir bo‘lgan, taxminan yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi U-23 Osiyo kubogi 3-turi doirasida Eron jamoasi bilan durang o‘ynadi. Guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqqan o‘zbekistonliklar chorak finalda Iroqqa qarshi maydonga tushadi.
CIES Football Observatory yozgi transferlar oynasi arafasida eng qimmat 100 futbolchi reytingini taqdim etdi. Kuchli o‘nlikda Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Erling Xaaland yetakchilik qilmoqda. Tashkilot o‘yinchilarning narxini belgilashda yoshi, klub va terma jamoadagi mavqeini inobatga olgan.
Antimonopoliya qo‘mitasi narxlarni asossiz oshirgan va raqobat qonunchiligini buzgan monopol tashkilot — «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi»ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Buning natijasida narxlarni sun’iy oshirish holatiga chek qo‘yildi. Qolaversa, kompaniyaga narxlarni deklaratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Urganchda kunduzi gavjum ko‘chada avtomobil haydovchisi shafqatsizlarcha o‘ldirib ketildi. Bir kishi qasddan odam o‘ldirishda, yana biri bezorilikda ayblanib hibsga olindi, bezorilikda ayblangan yana olti nafar shaxs tilxat asosida ozod qilindi.
Samarqand viloyati FVB Narpay tumanidagi oziq-ovqat do‘konlarida yuz bergan yong‘in oqibatida jami 16 ta do‘konning 240 kv.m. maydoniga zarar yetganini ma’lum qildi. Avvalroq, uchta do‘konning shift, tom qismi va oziq-ovqat mahsulotlari zararlangani aytilgandi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka sertifikati 5 yilga beriladi. Sertifikat DXM va YAIDXP orqali taqdim etiladi, buning uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting