Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun «Mehrli maktab» davlat ta’lim muassasasi tashkil etildi. Muassasada 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim hamda 1−11-sinflar uchun umumiy o‘rta ta’lim beriladi.
XTV maktablar, maktab-internatlari va Mehribonlik uylarida ovqatlanishni autsorsingga topshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Autsorsing kompaniyalari foydalanadigan maktab o‘quvchilarining kunlik ratsional ovqatlanish normalari SSV tomonidan tasdiqlanadi.
Moliya vazirligi O‘zbekistondagi 10 ta eng yirik soliq to‘lovchi tashkilot bo‘yicha prognoz ma’lumotlarini e’lon qildi. Unda Navoiy (20,2%) va Olmaliq (11%) kon-metallurgiya kombinati eng yuqori o‘rinlarni egalladi.
Kuchli yomg‘ir tufayli suv ostida qolgan Toshkent ko‘chalari, poytaxt aeroportida bagaj bo‘linmasi ishini efirga uzatish boshlangani, Sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bo‘yicha o‘qilgan sud hukmi, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga beriladigan mukofot, madaniy meros obyektiga aylantiriladigan Chorsudagi 7 gumbaz va boshqalar — 5 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qarshida sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. 26 nafar ayblanuvchi orasida uch nafar voyaga yetmagan bola va uch nafar ichki ishlar organlari xodimi ham bor. Ulardan 19 nafari 3 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ayblanuvchilar moddiy va ma’naviy zararni ham qoplashlari shart.
«Toshkent» xalqaro aeroportiga yetib kelgan yo‘lovchilar o‘z yuklarini endi kameralar orqali kuzatishlari mumkin. Bu yukchilarni intizomga chaqirishi va kutish vaqtini qisqartirishga xizmat qilishi kerak. Ilgari yo‘lovchilar chamadonlarning shikastlangani haqida ko‘p shikoyat qilishardi.
Madaniy meros agentligi Chorsu bozoridagi markaziy gumbazga hamohang tarzda qurilgan 7 ta kichik gumbaz davlat muhofazasiga olinganini ma’lum qildi. Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyevning so‘zlariga ko‘ra, gumbazlar Toshkentning yuzi hisoblanadi. Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimovning fikricha, Eski-Juva makonini arxeologik yodgorlik sifatida saqlab qolish kerak. Agentlik Chorsu bozorini Eski shaharning tarixiy hududi sifatida ro‘yxatga olishni rejalashtirayapti.
Tashkent City`dagi Nest One osmono‘par binosi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi, jabrlanganlar yo‘q.
Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning o‘zida viloyatlardan tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha 50 mingdan ortiq shikoyat kelib tushganini tanqid qildi. «Sababi, sohada yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ya’ni tez tibbiy xizmatning uchta „xo‘jayini“ bor», — dedi prezident. Eng katta muammo — shoshilinch yordam bemorga yaqin shifoxonada emas, bakli faqatgina biriktirilgan shifoxonada ko‘rsatilishida ekanligi aytildi.
Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylar va boshqa mutaxassislar qo‘shimcha ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Andijonga Xitoydan konditsioner va kuzatuv kamerali 14 ta yangi avtobus keltirildi. Ular 70 yo‘lovchini tashish imkoniga ega.
O‘zbekistonda maynerlar uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish, elektr energiyasiga oshirilgan tariflar va boshqa talablar joriy etilmoqda. Faqatgina kompaniyalar mayning bilan shug‘ullanishi mumkin. To‘lov vositasi sifatida kriptovalyutadan foydalanish taqiqlanadi.
Hukumat qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, imtihonlar aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladi.
“Yuksalish” harakati O‘zbekistonda 9 may sanasini siyosiy tus bermasdan, vazmin hamda jamiyat qadriyatlaridan kelib chiqqan holda nishonlashni so‘radi. Harakat ushbu sana jamiyat uchun tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida qadriyatga aylanib qolganini eslatib o‘tdi.
O‘zbekistonning 2022 yildagi ShHT sammitiga raisligi doirasida 19−20 may kunlari Toshkentda tashkilotga a’zo davlatlarning turizm sohasi mutasaddilari ishtirokida turistik forum bo‘lib o‘tadi.
Qibray tumanida ikki kompaniya sug‘oriladigan ikkita yer maydonida noqonuniy qurilish ishlari olib bordi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yetkazilgan zarar 1,8 mlrd so‘mdan ortiq deb baholandi.
Chirchiqda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan «Dog biatlon» musobaqasi boshlandi. Unda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining otryadlari o‘z xizmat itlari bilan qatnashmoqda.
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov YeI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqoti davomida bir-birini Ramazon hayiti bilan tabriklab, ikki tomonlama hamkorlik va Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif qildi.
Chorshanba kuni kechqurun kuchli yomg‘ir tufayli Toshkent shimoli-sharqida ko‘cha va hovlilarni suv bosdi. Ma’lum qilinishicha, poytaxt hokimi va boshqa mutasaddilar toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlarini kuzatgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting