Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva O‘zbekistonda hozirgi kunga qadar vaksina tufayli birorta o‘lim holati kuzatilmaganligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, vaksinadan so‘ng kuzatiladigan o‘lim holati vaksina olgandan keyingi 1 soat oralig‘ida anafilaktik shok oqibatida kuzatilishi mumkin.
Panjsher qarshilik kuchlari tog‘larga chekinmoqda va Afg‘onistondagi partizanlar urushiga kirishmoqda, deya ma’lum qildi ularning vakili.
Dollarning rasmiy kursi 14,07 so‘mga ko‘tarilib, 1 AQSh dollari 7 sentyabrdan 10 671,00 so‘mga teng bo‘ladi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarilishda davom etmoqda.
Xorazmning Urganch tumanida 3 nafar erkak uylardan chiqqan kanalizatsiya suvlarini haydab chiqarish uchun mo‘ljallangan kanalizatsiya kamerasiga tushib, zaharlanish oqibatida vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 27,5 millionga, aholining mobil aloqa bilan ta’minlanganlik darajasi qariyb 79 foizga yetgan.
Samarqand yaqinidagi “Meros” qog‘oz fabrikasi ustalari qadimiy usuldan foydalangan holda tut daraxtidan qog‘oz ishlab chiqarishadi. Yorqinligi, yumshoqligi va ishlatilgan xom ashyo sababli ushbu mahsulotni ipak qog‘oz deyishadi. Ushbu qog‘ozning tayyorlanish jarayoni haqida Kira Karapetovaning foto-hikoyasida.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi «Chirchikstroy» mehmonxonasi binosi buzilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Shahar hokimligi ushbu xabarlarni «feyk» deb atab, obyektni buzish yoki qayta qurish yuzasidan hozirgi kunga qadar hech qanday rasmiy hujjat qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu hududda zamonaviy boks maktabiga asos solinadi.
Inkuzart ko‘cha rassomi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliya hamda mashina olish uchun uzun navbatlarni aks ettirgan yangi graffiti chizdi. Surat to‘liqligicha bo‘yab tashlandi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashi yig‘ilishida umumiy qiymati 280 mln dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzolandi.
Afg‘onistonning Panjsher provinsiyasida bir necha kundan buyon «Tolibon» va qarshilik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Toliblar hududda ustunlikni qo‘lga kiritishganini e’lon qilishmoqda, biroq karshilik kuchlari buni rad etdi. Harakat vakillari Panjsherdagi qarshilik kuchlarining matbuot kotibini o‘ldirgan.
8 sentyabrda O‘zbekiston shimoliga antitsiklon kirib kelib, Volga bo‘yi hududlaridan salqin havoni olib keladi. 9−10 sentyabrda salqin havo massasi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati +23…+28 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Boyovut tumani hokimligi tuman hokimining o‘rinbosari Saodat Mirzayeva 51 yoshida vafot etdi. U mazkur lavozimda 2020 yil 26 iyundan beri ishlab kelayotgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ishtirok etadi. Shuningdek, davlat rahbari Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari bilan uchrashishi ham mo‘ljallanmoqda.
Kecha kun davomida O‘zbekistonda 640 kishida koronavirus infeksiya qayd etildi. 8 nafar COVID-19 bemori vafot etdi. Shuningdek, yakshanba kuni 123 kishida pnevmoniya qayd etildi, 3 nafar pnevmoniya bemori vafot etdi.
Hukumat qarori bilan poytaxtdagi istirohat bog‘lariga tunu kun faoliyat yuritishiga ruxsat berildi. 2023 yilgacha poytaxtning ko‘kalamzorlashtirilishi darajasini 30 foizga yetkazish belgilanmoqda. 2022 yildan sinov tariqasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish vazifalari autsorsing asosida tadbirkorlarga beriladi.
Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 16-o‘rinni egallashdi.
O‘zbekistondagi lagerda bo‘lib turgan afg‘on uchuvchilari va boshqalar vatanga qaytishdan xavfsiramoqda, deb yozmoqda Reuters. «Bizni qaytarishsa, 100 foiz aminmanki, bizni o‘ldirishadi», — deya ma’lum qildi uchuvchilardan biri. Reuters lager tasvirlarini ham e’lon qilib, afg‘onlar O‘zbekistonga uchib kelgan samolyot va vertolyotlar modellari haqida xabar berdi.
6 sentyabr kuni O‘zbekistonga ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 3 mln dozasi olib kelindi. Shunday qilib, jami vaksina zaxirasi 22 mln 446 ming 540 dozani tashkil qilmoqda.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Shvetsiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu bahsda shvetsiyaliklar 2:1 hisobida g‘alabaga erishishdi.
1-kursga qabul qilingan talabalar uchun 6 sentyabrdan dastlabki tanishtiruv haftaligi, 13 sentyabrdan e’tiboran o‘quv rejaga muvofiq dars mashg‘ulotlari boshlanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting