Dunyoning turli shaharlarida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Rossiyada 100 dan ortiq odam piketlarda qatnashgani uchun hibsga olindi.
Poytaxtda Yutong elektrobusi, Malibu 2 va Lacetti ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Haydovchilardan biri shifoxonaga yotqizildi.
Xivadagi XIX asrga oid Toshhovli saroyini konservatsiya qilish loyihasi yakunlandi. Ob-havo va noto‘g‘ri olib borilgan restavratsiya ishlari tufayli uning bezakli koshinlari va g‘ishtlari parchalangandi. Loyiha uchun mablag‘ AQSh tomonidan ajratildi.
Nasafnews.uz internet nashri rasman faoliyatini tugatayotganini e’lon qildi. Uning ortidan esa blogerlar Umid Karimov (Nasafnews.uz rahbari), Otabek Artikov va Maqsud Muzaffarov ham ortiq faoliyat yuritmasligini ma’lum qildi. “Gazeta.uz” ular bilan bog‘lanib, bunday qarorga kelish sabablarini so‘radi.
O‘zbekiston bozorlari unikalligi va o‘ziga xos muhitini saqlab qolgan holda zamonaviylashtirilsa, jahon bozorida raqobatlasha oladigan bozorlarga aylanishi mumkin. Bu haqda Atlas konsalting kompaniyasining hududiy rivojlantirish sohasidagi tadqiqotida so‘z borgan.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan tasdiqlangan to‘rt nafar nomzodni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga oldi. Saylovoldi tashviqotlari esa 7-iyundan boshlanishi belgilandi.
Yangiyo‘l shahrida 16 yoshli maktab o‘quvchisi Jo‘n kanaliga cho‘kib ketdi. Uning jasadi oradan bir kun o‘tib topildi.
O‘zbekistonda ish haftasi davomida haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi. Kunduzi havo +40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42 darajagacha isiydi. Bu iyun oyining birinchi o‘n kunligi uchun me’yordan 4−6 daraja yuqori hisoblanadi.
Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida O‘zbekistonda “nol chiqindi” (zero waste) tamoyillari joriy etiladi. Barcha chiqindi poligonlarida chiqindilarni to‘liq qayta ishlash va kuydirishga bosqichma-bosqich erishish rejalashtirilgan.
Jo Bayden AQSh davlat qarzi chegarasini vaqtincha bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Bu AQSh tarixidagi birinchi defoltdan qutulib qolish imkonini beradi. Agar davlat qarzi chegarasi bekor qilinmaganida yoki oshirilmaganida, AQSh G‘aznachiligi hukumat faoliyatini moliyalashtirish imkoniyatini yo‘qotgan bo‘lardi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining hududlarda ipak qurti urug‘ini tayyorlovchi 7 ta yangi urug‘chilik korxonasi tashkil etildi. Shuningdek, yangi tutzorlar barpo qilish uchun 105 ming gektar yer doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi belgilandi.
25-may kuni Qo‘shtepa tumanida maktab bitiruvchisi Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgandi. Uning jasadi oradan 9 kun o‘tib kanalning Oltiariq tumanidan oqib o‘tuvchi qismidan topildi.
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Markaziy Osiyoning beshta davlati yetakchilarini ularning mamlakatlari Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni buzsa, Yevropa Ittifoqi sanksiyalar qo‘llamasligiga ishontirdi. Sanksiyalar faqat “Rossiya urush mashinasini qo‘llab-quvvatlaganlarga” nisbatan qo‘llanadi.
Tijorat banklari 5-iyun kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 360−11 425 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 445−11 485 so‘m.
Boku shahrida o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 4 ta medal: 1 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqdi. O‘tgan yilgi JCHda ham ular 4 ta medal olgandi.
Sergeli tumanining “Junariq” mahallasidagi 9 ta xonadonni suv bosdi. Toshqin Jun va Salar kanaliga to‘liq suv ochilgani bois yuzaga kelgan. Holat bartaraf etildi, hodisa oqibatida jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi xabarda.
Qamashi tumanida Damas daraga ag‘darilib ketishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, yana 3 kishi jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Voqeaga haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi sabab bo‘lgan.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5−6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrifning asosiy tadbirlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi.
Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyevning aytishicha, 2024-yilgi kuz-qish mavsumida mamlakat infratuzilmasi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun tayyor bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz hajmi hamda narxi bo‘yicha muzokaralar hamon davom etmoqda.
Jomboy tumanida 37 yoshli ayol ekin maydoniga qoramol tushgani uchun ferma ishchisi bo‘lgan qaynog‘asi tomonidan kaltaklandi. Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi uning ahvoli nisbatan qoniqarli ekanini ma’lum qildi. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting