ID kartalarni tan olish masalasini muhokama qilayotgan O‘zbekiston va Ozarbayjon, dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha alohida kengash, ma’muriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv instituti, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha takliflar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida
O‘zbekistonda kartoshka narxi oshganiga kuzda qayta ekilgan maydonlardan yetarlicha hosil olinmagani sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi. Noyabr-aprel uchun 1,7 mln tonna kartoshka zarur, amalda esa mavsumiy talabning 44 foizi yig‘ilgan. Vazirlik narx qachon pasayishi mumkinligini aytdi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vayshalidan Veyk-an-Zeye shahrida bo‘lib o‘tgan Tata Steel Chess turnirida o‘yin oldidan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgani uchun shaxsan uzr so‘radi. U shaxmatchi qizga gullar va shokoladlar berdi hamda omma oldida kechirim so‘radi.
Sun’iy intellekt rivojlanishi ulkan imkoniyatlarni ochadi, lekin bu axloq, regulyatsiya va ma’lumot himoyasi masalalarini hal qilishni talab qiladi, dedi bosh vazir Abdulla Aripov Digital Almaty 2025 forumida. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat 2025-yilda SI sohasiga axloqiy me’yorlarni integratsiya qilmoqchi.
Toshkent Botanika bog‘ida olmaxonlar shu qadar ko‘paydiki, endi fotosuratchilar ham — xuddi “Gazeta.uz” muxbiri Murod Yusuf kabi — ularni bemalol fotohikoya qahramonlariga aylantiryapti. Qizig‘i, olmaxonlar O‘zbekistonga xos tur emas, ularning ko‘payishi esa “yashash sharoitlarining yaxshilanishi” bilan bog‘liq.
Brinza va ismaloqli, tovuq va pomidorli, sabzavotli kish va boshqa fransuz piroglari retseptlari — Zira.uz jamlanmasida.
Nemolchi.uz loyihasi faoli Nigina Xudaybergenova Jinoyat kodeksiga 2023-yili kiritilgan maishiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi modda qanday qo‘llanilayotganiga aniqlik kiritish maqsadida sudlarning 400 dan ortiq qarorlarini o‘rganib chiqdi. Asosiy xulosa — ayollarni himoya qilish uchun bitta modda yetarli emas.
Janubiy Koreyaga ishga yuborilgan o‘zbekistonliklar orasida shartnomadagi ish joyini tashlab ketish holatlari ko‘p uchrayapti. Hozir u yerdagi O‘zbekiston fuqarolarining 9,6 foizi nolegal maqomida. Migratsiya agentligiga ko‘ra, “agar ko‘rsatkich 10 foizga yetsa, Koreya biz bilan migratsiya aloqalarini to‘xtatishi mumkin”.
MY5 telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurovaning o‘zgalar nomiga kredit olganlikda gumon qilinayotgan bank xodimasi haqidagi materiali muhokamalarga sabab bo‘ldi. Material sabab jurnalist IIBga chaqirtirilgan. Bank mansabdorlariga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. “Gazeta.uz” jarayon tafsilotlarini o‘rgandi.
Ukraina Adliya vazirligi 2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri Markaziy Osiyo davlatlarining 30 ga yaqin fuqarosi Ukraina tomonidan asirga olingani haqida xabar berdi.
Angren shahrida 31 yoshli telefon ustasi tuzatish uchun qoldirilgan telefondan 9 mln so‘m yechib oldi. Erkak pulni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yevropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga o‘tish o‘yinlari uchun qur’a tashlandi. “Manchester Siti” nimchorak final yo‘llanmasi uchun “Real” bilan o‘ynaydi. Bu juftlik g‘olibini esa keyingi bosqichda “Atletiko” yoki “Bayer” kutadi.
Qozog‘istonda “budjet inqirozi” fonida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 dan 20 foizgacha oshirish muhokama qilinmoqda. Ayni vaqtda ish beruvchilarning ijtimoiy solig‘i va majburiy pensiya to‘lovlarini bekor qilish taklif qilinmoqda. Qosim-Jomart Toqayev ham soliq islohotlari zarur ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda ma’muriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv instituti joriy etiladi. Ma’muriy sudga nizolarni hal etish jarayonida sudga hurmatsizlik qilinishi va ajrim bo‘yicha choralar ko‘rmaslikka oid huquqbuzarliklar aniqlanganda, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolati ham beriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi rais etib saylandi.
American Airlines yo‘lovchi samolyoti harbiy vertolyot bilan to‘qnashgan kuni Vashington aeroportida dispetcherlar yetishmagan, deb yozmoqda NYT. Bundan tashqari, vertolyot belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqib, me’yordan yuqori balandlikda uchgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
2024-yilda O‘zbekistonda 9364 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, shundan 3045 tasi (32,5%) yuk mashinalari va yo‘lovchi tashuvchi transportlar ishtirokida sodir bo‘ldi. YTHlarning deyarli yarmi Damas ishtirokida bo‘lgan. 351 ta YTHda haydovchilar rulda uxlab qolgan, oqibatda 189 kishi halok bo‘lgan.
O‘zbekistonda deputatlar fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilangan.
Donald Trampning nutqlarini qayd etib ulgurilmayotgani uchun Oq uy qo‘shimcha stenografistlarni yollashni reja qilmoqda. Tramp, xususan, lavozimining birinchi haftasida omma oldida salkam 8 soat gapirdi va 81,2 mingta so‘z ishlatdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting