Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2019 yilda madaniy meros obyektlarini xatlovdan o‘tkazishda hokimiyatlar yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolar haqida fikr bildirdi. “Hudud hokimiyatlari tomonidan ko‘r-ko‘rona ro‘yxat berishlar yoki 20 yil oldingi ro‘yxatini sandig‘idan olib, bizga shuni taqdim qilgan holatlar kelib chiqyapti”, — dedi vazir.
Farg‘ona viloyatida «Cobalt» rusumli avtomashina Farg‘ona kanali chekkasida o‘rnatilgan beton to‘siqqa urilib, kanal ichiga tushib ketdi. Haydovchi va ikki nafar yo‘lovchi vafot etgan.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari Sohib Saifnazarov quvurlarning 35 foizi eskirgani va bu suv yo‘qotilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Bunga yechim sifatida Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida loyihalar amalga oshirilayotganini aytdi.
Islomobod shahrida ikki mingga yaqin shifokorlar va talabalar ikki kun davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston universitetlari diplomlarini tan olishni talab qilib namoyishlar uyushtirishdi.
8 yanvar kuni Namangan viloyatida qulagan ko‘prik haqida rasmiy munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar va qurbon bo‘lganlar yo‘q. Ushbu inshootga davlat byudjetidagi mablag‘ ajratilmaganligi va u xususiy tadbirkor shaxsiy mablag‘i hisobiga qurilganligi aytilmoqda.
Toshkent shahrida 31 yoshli ayol mast holida tanishiga “karate” uslublarini ko‘rsatgani uchun pichoqlandi. Fuqaro olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan.
Ozodbek Nazarbekov mahalliy hokimiyatlar 32 ta madaniyat obyektini balansiga o‘tkazib, sotib yuborganini ma’lum qildi. Bu haqda esa Madaniyat vazirligiga xabar berilmagan.
Samarqand viloyatida bir kunda 20 nafar sovuqda boshpanasiz qolgan shaxslar reabilitatsiya markaziga olib kelindi. Samarqand IIB (66) 234−96−32 raqami orqali viloyatda boshpanasiz qolgan va ko‘chada sovqotayotgan odamlar haqida ma’lumot berish mumkinligini ma’lum qildi.
Dam olish kunlari sovuq antitsiklon chekinadi, kunduzgi harorat yakshanba kunigacha +10 ga ko‘tariladi. Ushbu kunlarda yog‘ingarchiliklar bo‘lmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
24 yanvardan boshlab Toshkentda ichimlik suvi va oqova suvi xizmati uchun uchun yangi tariflar amal qiladi. Ichimlik suvi uchun tariflar dekabrdagi rejadan pastroq miqdorga oshirilgan.
Tallimarjon IESdagi ikkita energobloklar to‘xtagani sababli Qashqadaryo viloyatining 7 ta tuman va 1 ta shahar elektr ta’minotida to‘liq uzilish qayd etildi. Viloyatning boshqa hududlarida ham uzilishlar kuzatilmoqda.
Surxondaryo viloyatida haydovchidan uzr so‘rab, o‘zaro kelishishni so‘ragan YPX xodimi o‘z vazifasidan ozod etildi.
Samarqand viloyatida ikki yoshli o‘g‘lini 2500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.
Donald Tramp saylovlar natijalarini qayta ko‘rib chiqilishiga erisha olmaganini tan oldi va asosiy e’tiborini hukumatni Jo Baydenga opshirishga qaratishini ta’kidladi. U Kongress binosiga hujum uyushtirganlarni qoralab, aybdorlar qonun oldida javob berishini ta’kidladi.
Prezident qaroriga asosan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha kengash hamda hududiy kengashlar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, 1-aprelgacha kasbiy standartlarning yagona ochiq portali ham yaratiladi.
O‘zbekistonda 23 foizdan ortiq erkaklar nosvoy iste’mol qiladi. Nosga ruju qo‘yish shilliq qavatlarda saraton kasalligi rivojlanishi va boshqa ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Nosni iste’mol qilish zararlari hamda uni ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun kerakligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov gapirdi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ayni damda issiqlik elektr stansiyalarining barqaror ishlash rejimi to‘liq tiklangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidan tortib, yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdor shaxslar daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirishni taklif etmoqda. Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan va hozirda tegishli organlar bilan kelishish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida ikki nafar fuqaro bir necha bankomatlarni o‘g‘irlaganlikda gumonlanmoqda. Mazkur shaxslar bankomatlarni ortib olib ketib, ularni buzgan va pullarni sarflab yuborgani aniqlandi.
Xitoy vaksinasi sinovining uchinchi bosqichida qatnashmoqchi bo‘lganlarning 30 foizida COVID-19ga antitanalar aniqlangan. Ular kasallikni alomatlarsiz o‘tkazgan. 7 yanvar holatiga ko‘ra, 1328 kishi emlangan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting