Rossiya-Ukraina mojarosi fonida rossiyaliklar O‘zbekiston yo‘nalishida bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, mart-aprel oylarida konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olgan.
Qarshi xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda: terminalning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravarga oshiriladi, yangi bagaj tasmalari hamda elektron tarozilar o‘rnatiladi, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratiladi.
Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) xorijiy kompaniyasi davlatdan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini 100 mln dollarga sotib oldi. Kompaniya shuningdek, 380 mln dollarga zavodni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bitim tafsilotlari.
Prezident farmoni bilan dorivor o‘simliklarni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi oilaviy tadbirkorlar va kichik biznes subyektlari uchun soliq va kredit imtiyozlari berildi. Besh yilda 36 ming gektarda dorivor o‘simliklarning yangi plantatsiyalari yaratiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar esa 2025 yilgacha bojxona bojidan ozod qilindi, QQSni kechiktirib to‘lashga ruxsat etilib, tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplanishi belgilandi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida O‘zbekistonda ilk bor «Yevro-6» toifasidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston hukumati davlat-xususiy sheriklikni iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va yalpi ichki mahsulot o‘sishi omillaridan biri deb hisoblaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. 2026-yilgacha DXSH loyihalariga 14 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb etish, 2030-yilga borib esa YaIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
1 may holatiga O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 745 mln dollarga ko‘payib, jami 35,9 mlrd dollarni, shu jumladan valyuta qismi 13,5 mlrd dollarni, oltin qismi esa 21,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Prezident huzuridagi taqdimotda geologiya sohasini rivojlantirish, foydali qazilmalar zaxiralari va yerosti suv resurslarini ko‘paytirish, uran, litiy, alyuminiy, magniy va boshqa noyob metallarni qazib olishga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Markaziy bank belgilaydigan AQSh dollari kursi mart oyi o‘rtalaridan beri ilk bor 11100 so‘mdan pastga tushdi. Oxirgi ikki oyda milliy valyuta barqaror ravishda mustahkamlanib bormoqda.
Germaniyaning tashkilotlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi SAP kompaniyasiga O‘zbekistonda o‘zining mintaqaviy ofisini ochish taklif etildi.
Afg‘oniston O‘zbekiston va Tojikistondan elektr energiyasi uchun $100 mlndan ortiq qarzi borligi ochiqlandi. Energetika va suv resurslari vazirligi qarzni to‘lashda ushbu mamlakatlarga pul o‘tkazishdagi qiyinchiliklar to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘oniston tomoni o‘tgan yil davomida elektr energiyasi uchun qarzni to‘liq to‘laganini ma’lum qildi.
Aprel oyida muomaladagi naqd pullar hajmi rekord darajada — 5,3 trln so‘mga oshdi. Markaziy bank avvalroq mart oyining ikkinchi yarmida boshlangan naqd pulga bo‘lgan talab keskin oshgani haqida xabar bergan edi.
Toshkent shahri va 7 ta hudud hokimiyatlari ochiq ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ravishda mahalliy budjetlarning ijrosi va birinchi chorakda mablag‘larni yo‘naltirish maqsadlari to‘g‘risidagi axborotlarni joylashtirmagan. Ular Antikorrupsiya agentligi tomonidan ogohlantirildi.
Jizzaxda moliyaviy piramida tashkilotchilari Telegram orqali mablag‘ jalb qilib, uning bir qismi avvalroq guruhga qo‘shilganlarga to‘lab kelgani aniqlandi. Jami 692,3 mln so‘m qo‘lga kiritilgan.
O‘zbekiston avtomobil bozori hajmi aprel oyida 15,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Buni ekspertlar yil boshidan avtomobillarni xarid qilish va olib kirish uchun yig‘im bekor qilingani bilan izohlamoqda. To‘rtinchi oydirki, xorijiy avtomobillarga qiziqish pasayib bormoqda.
«O‘ztransgaz» rahbari Behzot Normatov O‘zbekiston qazib olish hajmi kamayishi va ichki talab ortishi ortidan gazni import qila boshlaganini aytdi. «Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimiz to‘xtamasligini xohlasak, biz kafolatlangan energoresurslarni zaxirasi bilan birga ta’minlab berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u. 2021 yilda O‘zbekistonda gazni import qilish qiymat jihatidan 3 baravarga oshdi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari Shaxrux Sharaxmetov UzIMEI tizimi, radar o‘rnatish nuqtalarining auksionda sotilishi va haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi masalalari kun tartibida turgan «eng murakkab va dolzarblari» hisoblanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita raqobat nuqtai nazaridan bu kabi holatlarni nazorat qila oladimi, uning vakolatiga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala turibdi.
Antimonopoliya qo‘mitasi Toshkent shahri va viloyatidagi 178 ta laboratoriya Intermed Innovation kompaniyasiga o‘tkazilishiga oid ma’lumotlarni taqdim etmaganligi uchun SSVga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atdi. «Agar shu hafta berilmasa tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik bo‘yicha choralar ko‘riladi», — dedi qo‘mita vakili.
«O‘zbekkosmos» agentligi Buyuk Britaniyaning sun’iy yo‘ldoshli aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi OneWeb kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Tomonlar chekka hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash ustida ish olib borish niyatida.
Markaziy bank imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi pastligi va ushbu amaliyot samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammolardan biri ekanligini qayd etdi. 2019 yildan boshlab ularni bozor foizlariga yaqinlashtirish uchun stavkalar ko‘tarila boshladi, biroq, MB asosiy stavkasi o‘sishi bilan o‘rtadagi farq yana oshdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting