«Gazeta.uz» bojxona bojining pasaytirilishi O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillar narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini hisoblab chiqdi. Taqqoslash uchun jadval.
Shavkat Mirziyoyev avtomobillar importi uchun boj to‘lovlarini ikki baravar kamaytirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Dvigatel quvvati uchun qo‘shimcha koeffitsiyentlar miqdori ham kamaytiriladi. Tariflar ikki bosqichda pasaytiriladi (jadval).
Uzauto Motors avtomobillarini xarid qilishdagi navbatlar buzilishi dilerlar bergan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda sodir bo‘lmoqda, deya ma’lum qildi «O‘zavtosanoat» rahbari Shavkat Umurzoqov. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mashina olishdagi navbatlarni aylanib o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida savdo ma’lumotlar bazasini YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashni rejalashtirmoqda. Hozirda mashina sotib olish uchun navbat 52 mingtagacha kamaygan. Shuningdek, u ishlab chiqarish hajmi yetishmasligini mahalliylashtirish darajasining pastligi bilan izohladi
Yanvar oyida O‘zbekistonda 14 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 baravarga ko‘proq. Lekin 2021 yilning yanvarida avtomobil zavodida ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Shuningdek, yil boshida qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 122 ta elektromobil import qilindi.
2020 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgan. Biroq ushbu yig‘im bo‘yicha undirilgan to‘lovlar bo‘yicha so‘nggi 1,5 yil davomida ma’lumotlar berilmagan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, Uzauto Motors ushbu yig‘im bo‘yicha 2020 yil avgust-dekabr oylari uchun qariyb 2,5 trln so‘m, 2021 yil uchun esa kamida 5,3 trln so‘m to‘lashi kerak.
Markaziy bank 2021-yilda iste’molchilarning huquqlarini buzgan 16 ta tijorat banki va 8 ta mikrokredit tashkilotidan jami 1 mlrd 177 mln so‘m miqdorida jarimalar undirdi. Shundan 829 mln so‘mi qoidabuzarliklarga sababchi bo‘lgan 466 nafar bank xodimi hisobidan qoplangan. Qolaversa, yil davomida banklardan iste’molchilarga 25,4 mlrd so‘m qaytarib berilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1 feral holatida mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi 34,425 mlrd dollarni tashkil etib, yanvarga nisbatan 713,9 mln dollarga kamaydi. Bunda asosiy rolni xorijiy valyutadagi zaxiralarning 532,6 mln dollarga kamayishi o‘ynagan. Oltin zaxiralari miqdori o‘zgarmagan bo‘lsada, uning qiymati bu oyda 175,1 mln dollarga kamaydi.
Jurnalistlar Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisob raqamlari bo‘yicha sizdirilgan ma’lumotlarni o‘rgandi. Bank xizmat ko‘rsatgan mijozlar orasida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi, Tennis federatsiyasining sobiq rahbari Igor Shepelev, Timur Tillayevning qarindoshi va Alisher Usmonovning singlisi bor.
O‘zbekiston va Eron o‘rtasida Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda investitsiya, transport va logistika bo‘yicha qo‘shma qo‘mitalarni tashkil etishga kelishilgan. O‘zbekiston-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlarni qamragan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» qisqa muddatda ishlab chiqilishi va imzolanishi kutilmoqda.
Prezident 210 gektar maydonda barpo etiladigan «Yangihayot» texnoparki loyihasi bilan tanishar ekan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovga yer ajratishlar tanish-bilish orqali bo‘lmaydimi, deya savol berdi. «Faqat auksion orqali», deb javob berishdi ikkala rahbar ham bir ovozda.
Prezident avtomashinalar importiga bojxona to‘lovlari bosqichma-bosqich «nol bo‘lishi» kerakligini aytdi. Shavkat Mirziyoyev xaridorlar oldindan to‘lov amalga oshirilganiga qaramay, mashina uchun bir yil kutishga majbur bo‘lishini adolatsizlik deb atadi.
Namangan viloyatida antiradarlar aniqlay olmaydigan lazer tizimiga ega «aqlli» qurilmalar o‘rnatilmoqda. Turkiya kompaniyasi viloyatda «aqlli radar sistemalarini» ishlab chiqarish uchun 10 mln dollarlik investitsiya kiritdi.
DSQ Soliq ilovasida yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan xaridlardan qaytadigan 1 foizlik keshbek fevralning 21 − 25-sanalarida to‘lab berilishini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida 623 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Energetika vazirligi bu 35 ming xonadonning bir kunlik iste’moli uchun yetarli ekanini ta’kidladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,19 so‘mga pasayib, 10 841,22 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirishda gumonlanayotgan fuqaro qo‘lga olindi. Uning Telegram-akkaunti orqali Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Abu Saloh, Rashod Qori va boshqalarning ma’ruzalarini tanishlariga tarqatib kelgani aniqlangani ham ma’lum qilindi.
Jahon banki O‘zbekistonning milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik loyihaga 50 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratadi. Ushbu mablag‘lar qisman 2023−2024 yillarda o‘tkaziladigan aholini va uy-joy fondini hamda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlariga ham yo‘naltiriladi.
«O‘zavtosanoat» va Xitoyning yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD Auto Industry o‘rtasida O‘zbekistonda elektromobil va elektrobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. UzAuto rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov buni «elektromobillar kelajagi sari birinchi qadam» deb atadi.
Yanvar oyida O‘zbekiston aholisi 506,1 mln dollar miqdorida transchegaraviy pul o‘tkazmalarini qabul qildi. Shuningdek, bu davrda aholi chet elga 127,6 mln dollar hajmida pul o‘tkazmalarini yubordi. Bu oyda aholi banklardan 613,6 mln dollar (2021 yilning mos davriga nisbatan 61 foizga ko‘proq) xorij valyutasi xarid qildi, tijorat banklari esa 464,2 mln dollar miqdorida valyuta sotib oldi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 11,33 so‘mga ko‘tarilib, 10 856,41 so‘mni tashkil qildi. Yevro va rubl kurslari esa pasaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting