Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi fevral oyida 1,6 foizga oshib, kvadratiga 1140 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani — Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar oshdi, Bektemir va Uchtepa tumanlarida esa pasaydi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida.
Xitoylik investorlar Toshkentning Oqtepa massividagi eski ikki qavatli turar joylar o‘rnida ko‘p qavatli uylar quradigan renovatsiya dasturini amalga oshiradi. Buning uchun budjet mablag‘laridan foydalanmagan holda 360 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
Texnik nosozliklar sabab “Ochiq budjet” portalida ovoz berish jarayonlari vaqtincha to‘xtatiladi va 16-mart soat 00:00 dan boshlab davom ettiriladi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Ayni vaqtda mutaxassislar kamchiliklarni bartaraf etish ustida ishlamoqda.
“Navoiyuran” Xitoyning China Nuclear Uran kompaniyasi bilan birgalikda qora slanetsdan uran qazib olish niyatida. Xorijiy delegatsiya O‘zbekistondagi bir qancha uran konlarida o‘zlashtirish jarayonlari bilan tanishdi, konlardan namunalar olindi.
UzAuto Motors Damas, Labo va Cobalt narxlarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidladi. “Kontraktatsiya jarayoni olib borilmayotganini inobatga olib, chevrolet.uz saytidagi narxlar 2024-yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilgan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan mutaxassislar jalb etib, eksportchilar yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillari narxini 3,5−6,7 foiz oralig‘ida oshirdi. Kompaniya, shuningdek, bosqichma-bosqich dilerlarga keyinchalik sotish uchun avtomobil sotib olish imkonini beradigan “rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan sotuv tizimi”ni joriy qiladi.
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar, jumladan, Meta, Google, Apple, Netflix O‘zbekistondagi daromadlarini ikki barobarga oshirib, 635 mlrd so‘mga yetkazdi. 2023-yilda ular 2022-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p soliq to‘ladi.
Fevral oyida sezilgan inflyatsiya darajasi 12,7 foizga tushdi. Gaz tanqisligi tufayli metan “zapravka"lar yopilishi fonida MB o‘tkazgan so‘rovnomada benzin narxi va yo‘lkira xarajatlari keskin oshganini ta’kidlagan respondentlar ulushi ortdi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2,37 mlrd dollarga qisqarib, 32,2 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yil sentabridan beri eng kam ko‘rsatkich. Oltinning fizik hajmi o‘zgarmagan, ammo oltin va valyuta zaxiralarining qiymati pasaygan. Mablag‘lar hisobidan 500 mln dollarlik yevrobondlar so‘ndirilgan.
O‘zbekistonlik diplomatlari va Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Luis Kolvell o‘rtasidagi muzokaralarda Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qadamlarini olqishlab, bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.
2023-yili O‘zbekiston Rossiya tabiiy gazini 1000 kub metri uchun 160 dollardan sotib oldi, deya xabar bermoqda “Kommersant’”. Bu narx Turkiya va Xitoyga sotilayotgan Rossiya gazi o‘rtacha narxidan past.
Gazli Gas Storage kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik gaz ombori bo‘lgan “Gazli”ning operatori ta’sischilari o‘zgarganiga izoh berdi. “Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan keyin ham asosiy benefitsiar bo‘lib qolmoqda. Kompaniya hech qachon sanksiya ostidagi shaxslarga tegishli bo‘lmagan”, — deyiladi bayonotda.
Senat raisi boshchiligidagi maxsus komissiya xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha yil davomida “favqulodda holat” rejimida ishlaydi. SSP, Biznesni rivojlantirish banki va Mikrokreditbankda raisning ayollar tadbirkorligi bo‘yicha o‘rinbosarlari ish boshlaydi.
Veolia Energy Tashkent 1-apreldan issiqlik ta’minoti xizmatlari (va bir qator boshqa kommunal xizmatlar) uchun QQS bo‘yicha imtiyoz bekor qilinishini eslatib, bu abonentlarning avans to‘lovlariga qanday ta’sir qilishini tushuntirdi.
Prezident Toshkent viloyati tumanlari rahbarlarining sustkashligini, bu yerda savdo, yer-suv, transport-tranzit imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganini tanqid qildi. Yig‘ilishda viloyatdagi tuman va shaharlarning “o‘sish nuqtalari” belgilandi.
Bugun, 7-martdan mamlakatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi. Energetika vazirligi tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti hajmini 2026-yildan boshlab avvalroq rejalashtirilgan yiliga 3 mrld kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda “TASS”.
Toshkentda turar joy narxi yiliga 20 foizga oshmoqda. Aksariyat xaridorlarning fikricha, poytaxt ko‘chmas mulk bozorida pufak hosil bo‘lgan va u yorilish arafasida. O‘zi pufak qanday hosil bo‘ladi? U haqiqatan ham bormi? Uy sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak? Tahlilchi Denis Sokolov maqolasi shu haqda.
Raqobat qo‘mitasi benzin importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning yettita asosiy muammosini o‘rgandi. Ular orasida temir yo‘l logistikasining qimmatligi, kredit yuklamasining yuqoriligi, majburiy sertifikatlash talabi, katta hajmdagi benzinni saqlash uchun sig‘imlarning yo‘qligi va boshqalar bor.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting