Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, vazirlik O‘zbekistondagi gaz “zapravka”larini yopmagan, faqat ish vaqtini cheklagan. Avvalroq 630 dan ortiq gaz to‘ldirish shoxobchalari sovuq havo tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatgani xabar qilingan edi.
Markaziy bank Telegram`da regulyator nomidan soxta kanal ochilib, fuqarolarga kredit taklif etilayotgani va bank kartalariga oid ma’lumotlarni olish orqali pullar o‘zlashtirilayotganidan ogohlantirdi. Shuningdek, o‘zini MB xodimi sifatida tanishtirish holatlari ham kuzatilgan.
Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi bosqichma-bosqich kamayishi kuzatilmoqda, deyiladi Jahon banki hisobotida. O‘tkazmalar miqdoridagi kamayish Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni qisqargani, so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlangani va rubl inflyatsiyasi bilan izohlangan.
O‘zbekiston gaz, neft va gaz kondensatini qazib olishni qisqartirishda davom etmoqda. Noyabr oyida bu hajm 3,79 mlrd kub metrni tashkil etdi (2022-yil noyabriga nisbatan 10,2 foizga kam), yil boshidan buyon esa pasayish 4,5 mlrd kub metrdan oshdi. O‘tgan oyda benzin ishlab chiqarish ham kamaygan.
Elektr hisoblagichlar xarid qilishni tadbirkorlik subyektlari va aholi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklif qilinmoqda. Bunga moliyaviy imkoniyatlar yetishmayotgani sabab qilib ko‘rsatildi. 2024-yildan biznes uchun gaz va elektrga 100 foiz oldindan to‘lov tizimini qaytarish ham reja qilinmoqda.
2023-yilning 11 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 57,3 mlrd dollarga (+26,2 foiz) yetdi. Import eksportdan qariyb 11 mlrd dollarga oshdi. Oltin eksporti 2,3 baravar ko‘payib, rekord daraja — 8,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Samolyotlar, avtomobillar, neft va boshqa resurslar importi yuqoriladi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov nega O‘zbekiston oktabr oyida Rossiyadan ham gaz import qilishni boshlaganiga izoh berdi. “Asosiy sabab — ortib borayotgan talab, o‘sib borayotgan iste’mol”, — dedi energetika vaziri. U, shuningdek, Rossiyadan gaz olib kelish uchun tayyor infrastruktura bo‘lganini qayd etdi.
Prezident IT sohasiga doir yig‘ilishda mahalla qo‘mitalari xodimlari planshet va kompyuterlar bilan ta’minlansa ham, raqamli yechimlardan to‘liq foydalanilmayotganini tanqid qildi. “Raqamli mahalla” tizimini ishga tushirish, “Xalq nazorati” platformasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qurilish sohasida ish o‘rinlarini qonuniylashtirish uchun 1-apreldan ayrim obyektlarni qurish uchun zarur bo‘lgan ishchilar soni me’yorini joriy etish rejalashtirilmoqda, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. Unga ko‘ra, bu birinchi bosqichda davlat budjetidan moliyalashtiriladigan qurilishlarga qo‘llaniladi.
2024-yildan IT kompaniyalari bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi. 50 dan ortiq mutaxassisni ishli qilgan kompaniyalarning bir yillik ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab beriladi. Shavkat Mirziyoyev soha uchun 65 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida bormoqda.
Senatda O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 3 foizdan 5,5 foizga o‘zgartirish ko‘zda tutilgan qonun qabul qilindi.
Senatorlar davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. budjet daromadlari 375,0 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan budjet 52,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.
Prezident 2024-yilda temiryo‘l va aviatransport hajmini 20 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga erishish uchun Toshkent va viloyatlar markazlari o‘rtasida kamida ikkita, viloyatlar o‘rtasida haftasiga bitta reys yo‘lga qo‘yish, kamida 7 ta samolyot va 6 ta tezyurar poyezd olib kelish rejalashtirilmoqda.
Prezident oilaviy tadbirkorlik uchun garovsiz kreditning maksimal miqdori 33 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirilishini ma’lum qildi. U, shuningdek, “biznesga qadam qo‘yayotgan” yakka tartibdagi tadbirkorlarga kredit berish taklifini ma’qulladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi noyabr oyida avtomobillar sotuvi 147,5 mingtani tashkil etib, oktabr oyiga nisbatan 19 foizga pasayganini ma’lum qildi. Elektromobillar sotuvi ketma-ket uchinchi oy pasaydi.
O‘zbekistonda brendlar nomi ostida ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga qator imtiyoz va yengilliklar beriladi. Xususan, ularning xalqaro standartlarni joriy qilishdagi xarajatlari qoplab beriladi hamda xomashyolari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Savdo-sanoat palatasi prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi, unga ko‘ra tadbirkorlik subyektlariga “amnistiya” e’lon qilish va Soliq kodeksining 227−1-moddasiga asosan belgilangan 400 mlrd so‘mlik jarimani hisobdan chiqarish rejalashtirilgan. Moddada belgilangan jazoni yengillashtirish ham taklif etilmoqda.
Toshkent shahrida “pufak indeksi” uy-joy narxlari pufak xavfi chegarasiga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatmoqda, deyiladi MHTI hisobotida. Poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali kvartira sotib olish uchun kerak bo‘ladigan vaqt 10 yilgacha yetgan (o‘rtacha ish haqiga nisbatan).
Markaziy bank ko‘rsatmalarga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli bitta tijorat bankining ayrim operatsiyalarni amalga oshirishiga cheklovlar kiritdi. Shuningdek, regulyator 4 ta bank va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting