Markaziy bank ko‘rsatmalarga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli bitta tijorat bankining ayrim operatsiyalarni amalga oshirishiga cheklovlar kiritdi. Shuningdek, regulyator 4 ta bank va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi.
Huquq-tartibot idoralari Soliq qo‘mitasi markaziy apparatining ikki nafar mas’ul xodimi va Toshkent shahri Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar shu’basi sobiq rahbarini qo‘lga oldi. Ular noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini yashirganlikda gumon qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlari 2−3 kilometrdan 4−5 kilometr chuqurlikkacha tushirilgani qayd etildi. Endi ushbu qidiruv ishlarini 6−7 kilometrga oshirish rejalashtirilmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Vazirlikning viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Ularning vazifalari hamda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalari Savdo-sanoat palatasiga o‘tkaziladi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha tana massasi indeksi 1 kvadrat metrga 26,5 kg ni tashkil qilmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2060-yilga borib semizlik oqibatida iqtisodiyotga yetadigan zarar 21,6 mlrd dollargacha oshishi kutilmoqda, bu — YAIMning 4,7 foiziga teng.
Noyabr oyida Toshkentda uy ijarasining o‘rtacha narxi 2,1 foizga pasayib, kvadrat metri uchun 9,3 dollarni tashkil etdi, deya ma’lum qildi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi. Poytaxtning 10 ta tumanida ijara narxi tushgan, bunda eng arzon hududlar Sergeli va Bektemir bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda noyabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 12,7 foizni tashkil etib, oktabrga nisbatan 0,7 foizga pasaydi. Eng yuqori daraja pensionerlar va ta’lim sohasi vakillari tomonidan qayd etildi.
So‘mdagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 2020-yil may oyidan beri maksimal darajaga yetib, 23,8 foizni tashkil etdi. Muddati 1 yildan ortiq bo‘lgan barcha depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 10 yillik rekord — 20,7 foizgacha oshdi.
Rossiya hamkorligida Chirchiq va Jizzax viloyatida ochilgan texnoparklarni O‘zbekistonning yana uchta viloyatida qurish rejalashtirilmoqda, dedi Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov. O‘zbekiston o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda faollashtirishga tayyor, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
Humo Air aviakompaniyasi o‘zining ilk A320 samolyotida Toshkentdan Nukus, Qarshi, Samarqand va Urganchga ilk parvozlarini amalga oshirdi. Chiptalar 159,5 ming so‘mdan boshlanadi (oldinroq xaridda, bagajsiz). Shiori “Odamlar uchadi” bo‘lgan kompaniya kelasi yil xorijga ham reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari eksportini oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, dedi mamlakat sanoat va savdo vaziri Denis Manturov. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari yangi gaz konlarining ochilishi imkonini beradi.
“Hududgazta’minot” kompaniyasi O‘zbekistonda gaz to‘ldirish shoxobchalari uchun kiritilgan cheklovlar yumshatilganini ma’lum qildi. AGTKSHlar “mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida” ishini tiklaydi.
O‘zbekistonning ikki kompaniyasi — Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia Yaponiyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Avvalroq ularga qarshi AQSh va Yevropa Ittifoqi ham sanksiya qo‘llagandi.
O‘zbekistonda noyabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari oktabrga nisbatan deyarli o‘zgarmadi, biznesning kutilmalari esa sezilarli pasaydi. Ish haqi, nafaqalar oshishi narxlarga bosim o‘tkazishini qayd etganlar ko‘paydi. Inflyatsiya 8 foiz va undan kamroq bo‘lishini kutayotganlar ulushi poytaxtda eng kam bo‘ldi.
Prezident ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va O‘zbekistonda avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi, dedi “O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozuqulov. Unga ko‘ra, “dilerlik tizimini takomillashtirish va aholi e’tirozlarining oldini olish” ham topshirilgan.
Shavkat Mirziyoyev “O‘zavtosanoat”ni transformatsiya qilishni jadallashtirish, modellarni kengaytirish va mahsulot sifatini oshirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy korxonalar elektromobil ishlab chiqarish sohasini o‘zlashtirib, talablarga moslashmasa, kelajakda bozorda o‘rin topishda qiynaladi.
2024-yilgi hosil mavsumidan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tovar-xomashyo birjasi orqali tuziladi. Fermerlar ortiqcha xomashyoni, shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan yetishtirilgan paxtani erkin sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fermer va klasterlarni kreditlashning yangi tizimi joriy etiladi.
Benzinga talab ortib borishi fonida Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘i ishlab chiqarishni 21,2 foizga — 4 ming tonnagacha oshirdi. “O‘zbekneftgaz”, shuningdek, mahalliy SDK Group And kompaniyasi Rossiyadan Ai-92 K5 benzini importini oshirgani haqida xabar berdi.
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, bu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
S&P reyting agentligining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainadagi urushi salbiy ta’sirlariga yetarlicha yaxshi turib bermoqda, biroq davlat korxonalari qarzining davlat balansiga o‘tkazilishi, budjet taqchilligi, shuningdek, siyosiy qarorlarni bashorat qilish qiyinligi bilan bog‘liq risklar mavjud.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting