«Maroqand neft bazasi»ning Bulung‘ur va Jomboy filiallarida 73,7 mlrd so‘mlik talon-toroj va kamomad aniqlandi. Mazkur holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Davlat xavfsizlik xizmatiga taqdim etildi.
Markaziy bank O‘zbekistonda «Oriyonbank»ning (Tojikiston) vakolatxonasi akkreditatsiya qilinganligi haqida xabar berdi.
Prezident Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi qiymati 672 mln yevrolik quyuv prokat majmuasi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Uni 2024 yilda ishga tushirish, yiliga 1 mln tonna po‘lat listlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Davlat rahbari korxonani tezroq ishga tushirishni buyurdi.
2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Tojikistondan umumiy qiymati 17,3 mln dollar bo‘lgan 6,6 ming tonna paxta import qildi. Paxta importi hajmi sement hamda elektr energiyasidan ham ortib ketdi.
1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi mehnat resurslari soni 19 mln 453,3 ming kishiga yetdi. Shuni 2 mln nafardan ortig‘i xorijdagi mehnat migrantlari hisoblanadi. Mamlakatda ishga muhtojlar soni yil boshidagi 1,4 mln kishidan (9,6%) iyunga kelib 1,3 mln kishigacha (8,8%) kamaydi.
Davaktiv agentligi “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” hususiylashtirilishi yuzasidan konsultant kompaniyalar uchun tanlov e’lon qildi. Zavodning ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi sotiladi.
Germaniya va O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi sohasidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Loyihaning umumiy qiymati 10 mln yevro bo‘lib, 2022−2026-yillarda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Kriptoaktivlar aylanmasi sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mashhur kriptobirjalarning saytlariga kirish ularning faoliyat yuritish uchun litsenziyasi bo‘lmagani sababli bloklanganini ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘iston fermerlar kengashi paxta xomashyosining minimal narxlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ipoteka markazi ochildi. U poytaxtda qurilayotgan uylar, unga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida ma’lumotlar beradi. Qayd etilishicha, 2022 yilda ipoteka kreditlari uchun budjetdan 13 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Dori-Darmon» AJni xususiylashtirish uchun konsalting kompaniya jalb etishni rejalashtirmoqda. Korxonaning 51% aksiyalari paketi sotuvga qo‘yiladi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 24,00 so‘mga qimmatlab, 10 904,29 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham ko‘tarildi, rubl esa yana pasaydi.
May oyidan beri Toshkentdagi birlamchi va ikkilamchi bozordagi uy-joylar narxi arzonlashib bormoqda, deb ma’lum qildi Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti. Xususan, birlamchi bozorda 1 kv.m uchun may oyidagi $943,6 narx iyulda $919,9 ga, ikkilamchi bozorda esa $891,1 dan $882,6 gacha tushgan.
Toshkent viloyatining Qibray tumani uchun issiqlik energiyasiga yangi tariflar 25 avgustdan kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev eksportyorlar uchun eng maqbul yo‘nalishlarni ishlab chiqish va ularning transport xarajatlarini kamaytirish, eksport yuklarini Yevropaga olib o‘tish uchun qo‘shimcha ruxsatnomalar olish masalalarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shaxsni identifikatsiyalash uchun sinov tarzida Mobil-ID tizimi ishga tushirildi. Ushbu modul yordamida fuqarolar doimo yonida olib yuruvchi mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviydan tashqari) elektron raqamli imzosiz foydalanishlari mumkin.
Uzauto Motors oddiy aksiyalari «Toshkent» fond birjasining kotirovkalash varag‘iga kiritildi. Kompaniya aksiyalarini fond bozorida keng ommaga taklif etish jarayonlari 2022 yilning IV choragidan boshlanadi.
Iyul oyida aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari pasaydi. Shu bilan birga, respondentlar orasida yoqilg‘i narxining oshishi va valyuta kursining o‘zgarishini inflyatsiyaning asosiy omillari deb hisoblovchilar ulushi keskin oshgan.
Markaziy bank iste’molchi huquqlarini buzgani uchun 13 ta bankka ko‘rsatma berdi va 101 nafar bank xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘lladi.
Ukrainadagi mojarolar ortidan sanksiyalar ostida qolgan Rossiyada yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi yil boshidan beri keskin tushib ketdi. Buning natijasida O‘zbekiston mashina ishlab chiqarishda MDH mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi, deya qayd etdi «PromReyting» tadqiqotchilari.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting