O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari endi onlayn auksion orqali 30 yil muddatga ijaraga beriladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023-yilda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida bitimlar hajmi oshgani, Toshkent shahrida uy-joy ijarasi narxi 10,2 foizga pasaygani, ikkilamchi uy-joylar narxi o‘sish tendensiyasini saqlab qolganini ma’lum qildi. Mamlakatda yil davomida 272,4 mingta uy-joy sotilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoatchilik fikrini o‘rgangach, “Paxtakor” futbol klubini vaqtincha savdodan chiqardi. Avvalroq blogerlar klub va 24 gektar maydonda joylashgan stadionni birga sotmaslikni taklif qilgandi.
Prezident eksport masalasini “hayot-mamotimiz” deb atadi. “Agar valyuta balansi, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak”, — dedi u.
O‘zbekistonning turistik manzillarida mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat turizm markazlari quriladi. U yerda brend do‘konlar va “duty free”, to‘y marosimlari uchun hudud, “oltin yo‘lak” bo‘ladi. Qurilish maydonlari bosh vazir boshchiligida aniqlanadi.
Prezident mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni boshlash topshirig‘ini berdi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.
Prezident Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murat Mirzayevni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari tashkilot faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolganini tanqid qildi.
Prezident Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga eksportni kreditlashga va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotganini ta’kidladi. Imtiyozli shartlarda ajratilgan har 1 dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelmoqda.
Prezident ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga mutasaddilar yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli ekani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari bor.
O‘zbekistonda chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda. Hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora — bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.
O‘zbekistonda 2023-yilda 1,69 mln dona avtotransport vositasi sotildi, bu 2022-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p. Elektromobillar savdosi 4,3 borabarga oshib, 25,7 mingta elektrokarni tashkil etdi. Elektromobillarning 71 foizi poytaxtda sotildi.
Abdulla Aripovga eksport hajmlari kamaygani uchun Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Prezident 33 ta don korxonalarini xususiylashtirishni tezlatish bo‘yicha topshiriq berdi. U vazirlik va hokimliklar aktivlari sotuvining sustlashib borayotganini tanqid qildi. Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksionga qo‘yilib, keyin qaytarib olingani sababli budjetga 600 mlrd so‘m kelib tushmagan.
Prezident bosh vazir o‘rinbosariga yil oxirigacha 70 ta, 2025-yilda esa O‘zbekistonning barcha tumanlari bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, u ba’zi hokimlar paxta maydonlarini elektron platformaga integratsiya qilish to‘g‘risidagi farmoniga zid ish tutayotganini aytdi.
2021-yilda tashkil topgan Fly Khiva aviakompaniyasi Toshkent aeroportiga birinchi Boeing 767−304 yuk samolyotini qabul qilib oldi. Kompaniya Dubay, Istanbul, Dehli va Gonkongga yuk reyslarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Prezident bog‘chalarni tekshirishda “dejurniy kamchiliklar”ni aniqlaydigan Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (KRU) faoliyatini “mutlaqo qoniqarsiz” deb atadi. “259 ta bog‘chada aniqlangan 10 mlrd so‘mlik kamchilik aslida 100 mlrd so‘mlik bo‘lgan”. Davlat rahbari tizimda korrupsiya yuqoriligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotdan davlat budjetiga 30 trln so‘m, yalpi ichki mahsulotga 135 trln so‘m zarar yetkazilgan. Deyarli 11 mingta korxona (41 foiz) hisobotlarida faqat 1 kishini ishchi sifatida ko‘rsatgan. “Yashirin iqtisodiyot to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlarga katta to‘siq bo‘lyapti”, — dedi prezident.
Davaktiv “Paxtakor futbol klubi” MCHJning 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini ma’lum qildi. Klubning yangi egasi akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘ladi.
Sharof Rashidov, Pastdarg‘om, Angor tumanlari, Andijon va Termiz shaharlaridagi 123 nafar hokim yordamchisi ishdan bo‘shatiladi. Ular aholini tadbirkorlikka jalb qilish ishlarini qoniqarsiz tashkil etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting