O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab davlat-boshqaruv, harbiy, ilmiy va sanoat turizmi kabi turizmning yangi turlari joriy qilinadi. Shuningdek, Tourist map interaktiv portali ishga tushiriladi. Paypal, Apple Pay, Google Pay kabi to‘lov kompaniyalari O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulanadi.
Prokurorlar yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararni qoplash va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud ishlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Samarqand shahrida tormozi ishlamay qolgan “KamAZ” oldindagi 7 ta yengil avtomashinaga urilib, ularni surib ketdi. Hodisa oqibatida jarohat olganlar bo‘lmagan, hozirda surishtiruv olib borilmoqda.
Isroil Eronning ommaviy raketa hujumlariga “muhim javob zarbasi”ni tayyorlamoqda. Ehtimoliy nishonlar Eronning neft va yadroviy obyektlari bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda G‘arb OAV.
Olmazor tumanidagi maktabda tunda futbol o‘ynagani borgan bolalardan biri darvoza to‘siniga osilib, undan yiqilib tushdi. 17 yoshli yigit yiqilganidan so‘ng uning ustiga darvoza to‘sini qulashi ortidan vafot etdi. Olmazor tumani prokuraturasi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston senatorlari fermerlarning birlashishi va hamkorlikda faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi yangi qonunni ma’qulladi. Amaldagi qonun 1998-yildan buyon kuchda bo‘lib kelmoqda.
Namangan viloyatidagi Axsikent yodgorligida arxeologlar tomonidan ikkita noyob yerosti yo‘llari, qadimiy rakovina, pol osti isitish tizimi, sopol quvurlar topildi. Hokimlik matbuot xizmati yodgorlik va undagi so‘nggi topilmalar haqida National Geographic hujjatli film suratga olishini ma’lum qildi.
Senat majlisida “Afrosiyob” poyezdida ayrim yo‘nalish chiptasi aviachiptadan qimmatligi, xizmat ko‘rsatish sifati pastligi aytildi. Transport vaziri poyezdlarda mobillik va xizmat sifatini oshirish bo‘yicha rejalar haqida so‘zladi. Shuningdek, 1-yanvardan tezyurar poyezdlarda dinamik narxlar bo‘lishi ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda so‘m dollarga nisbatan ketma-ket ikkinchi oy biroz qadrsizlandi. sentabr oxirida dollar milliy valyutaga nisbatan 90 so‘mga (+0,71%) mustahkamlandi. Umuman olganda, yil boshidan buyon milliy valyuta 3,1 foizga qadrsizlandi.
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi negizida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, issiqxona xo‘jaliklari hamda agentlik manfaatlarini ko‘zlab sudga kiritilgan da’volar va shikoyatlar yuzasidan boj to‘lamaydi.
Oliy Majlis deputatlari va senatorlari 1 kunning o‘zida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi va ma’qulladi. Unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilangan, sohani rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi va kreativ industriya parklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oliygohning qurilishi tugallanmagan faollar zalidan kelib chiqqani aytilmoqda. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi aniqlanmoqda.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Tel-Avivdan Samarqand va Toshkentga uchishi rejalashtirilgan reysi Eronning Isroil hududini o‘qqa tutgani sabab kechiktirildi. Taxminan ikki soatlik kechikishdan so‘ng samolyot O‘zbekistonga yetib keldi.
Seshanba kuni kechqurun Eron Isroilga 181 ta ballistik raketa uchirdi. 3 kishi yaralangani xabar qilingan. O‘zbekiston elchixonasi vatandoshlarni raketa otishmalari vaqtida bomba boshpanalariga kirish va har doim o‘zlari bilan hujjatlarini olib yurishga chaqirdi.
Xitoy − Qirg‘iziston − O‘zbekiston temiryo‘lini qurish kompaniyasi ofisi Bishkekda tashkil etildi. Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov loyihani “asr qurilishi” deb atadi.
Sentabrda O‘zbekistonda inflyatsiya 1,23 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya biroz pasayib, 10,46 foiz bo‘ldi. Propan narxi yuqori sur’atlarda — 15,7 foizga (yil davomida — 52,1 foizga) o‘sishda davom etmoqda. Mol va qo‘y go‘shti yil boshidan buyon 11,3 — 11,9 foizga, dorilar esa qariyb 25 foizga qimmatlashdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets JCH-2026 saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi Eron va BAAga qarshi o‘yinlar uchun qaydnomasini e’lon qildi.
Bir qator ommaviy axborot vositalari Isroil Livan janubida harbiy operatsiya boshlaganini ma’lum qildi. Isroilning o‘zi esa bu “Hizbulloh” infratuzilmasiga qaratilgan cheklangan operatsiya ekanini ta’kidlamoqda. Reuters Livandagi qochqinlar lageriga zarba berilganini yozdi.
Toshkent davlat agrar universiteti 30-sentabr kuni universitet hududida kelib chiqqan yong‘in O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Agentlik buni rad etib, yong‘in asli qayerdan boshlangani bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini aytdi.
Navoiy viloyatida Zarafshon daryosidan elektr qarmoq yordamida baliq ovlab, tabiatga 6,3 mlrd so‘m zarar yetkazgan shaxslar ushlandi. Ular jami 400 ga yaqin, jumladan, Qizil kitobga kiritilgan baliqni tutgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting