O‘zbekiston Bagama orollari bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. U O‘zbekiston bilan munosabatlar o‘rnatgan 155-davlat bo‘ldi.
Poytaxtda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Unda muhandislik, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari o‘qitiladi. 2024/2025 o‘quv yilida Xalqaro savdo va Dasturiy muhandislik yo‘nalishida o‘qish boshlanadi.
Qorako‘l tumanida Lacetti tunda piyodalar o‘tish joyida qizil chiroqda o‘tayotgan 3 nafar o‘quvchi qizning 2 nafarini urib yubordi. Hodisa oqibatida ulardan biri vafot etdi, boshqasi shifoxonada davolanmoqda.
Piskent tumanidagi ko‘prik ustidan yuk mashinasi o‘tayotgan vaqtda qulab tushdi. Hodisa vaqtida ko‘prikda odamlar bo‘lmagan. Yuk mashina haydovchisi sog‘lig‘iga ziyon yetmagan.
Uzbekistan Airways Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat sabab “xavfsizlikni ta’minlash maqsadida” parvozlarni Iroq va Eron havo hududlarini aylanib o‘tgan holda amalga oshiradi.
Buyuk Britaniyaning oxirgi ko‘mir elektr stansiyasi yopildi. Mamlakat “Katta yettilik” orasida elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanishdan butunlay voz kechgan ilk davlat bo‘ldi.
Transport vazirligi va Koreya aviatsiya ma’muriyati ikki davlat o‘rtasida belgilangan aviakompaniyalar soniga cheklovlarni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqadi. Uzbekistan Airways va Qanot Sharq bilan bir qatorda Air Samarkand va yuk tashuvchi My Freighter ham Janubiy Koreyaga parvoz qila oladi.
Toshkent shahri Chilonzor tumanida AQShga, Samarqandning Qo‘shrabot tumanida esa Angliyaga ishga yuborish uchun fuqarolardan jami 16 500 dollar olgan shaxslar qo‘lga tushdi.
Qirg‘izistonda go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi ushbu mahsulotlarning O‘zbekistonga eksporti ortishi bilan bog‘landi. Shu sababli mamlakatda go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. O‘zbekiston ichki bozorda narxi o‘sishi fonida go‘sht mahsulotlari importini oshirgandi.
Senatorlar bozor modeliga asoslangan tizimli temiryo‘l transportiga oid yangi qonunni ma’qulladi. Davlat tezyurar poyezdlarda tariflarni tartibga solmaydi, ammo oddiy poyezdlar narxi ustidan nazoratni saqlab qoladi. 2025-yilda davlat kompaniyalari yo‘qotishlarni qoplash uchun 1,7 trln so‘m ajratadi.
Ukraina Donetsk viloyati janubi-g‘arbidagi Ugledardan qo‘shinlarini olib chiqdi, shahar Rossiya nazoratida bo‘lib turibdi. Aholi punkti uchun janglar so‘nggi ikki yildan beri davom etmoqda, hudud butunlay vayron bo‘lgan.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Hududgazta’minot” hamda Climate Compass shu’ba korxonasi GasGreen Asia’ning qo‘shma loyihasi natijalarini e’tirof etdi. 2023-yil mart oyidan buyon 50 mingdan ortiq metan sizib chiqishi bartaraf etildi, shu sabab chiqindi hajmi qisqardi va millionlab dollar iqtisod qilindi.
O‘zbekiston Shveysariyaning Stadler kompaniyasidan ikkita poyezd sotib olishni rejalashtirmoqda. Ular O‘zbekiston temir yo‘llarida sinovdan o‘tkaziladi, so‘ngra poyezdlarning katta partiyasini xarid qilish imkoniyati ko‘rib chiqiladi, deya ta’kidladi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
Flynas va Qeshm Air aviakompaniyalari Eron ustidagi havo hududi yopilgani sababli O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Xususan, chorshanba kunidagi Jidda — Toshkent — Jidda va Tehron — Toshkent — Tehron parvozlari bekor qilindi.
O‘zbekistonda oktabr oyi iliq ob-havo bilan boshlanadi, 5-oktabrdan esa harorat foni pasaya boshlaydi, yomg‘ir yog‘adi. Oy davomida harorat kechalari +8…+15, kunduz kunlari +15…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda 2024-yil yakunigacha PayPal, Alipay, UniPay, Apple Pay, Google Pay kabi xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari mamlakat to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulash rejalashtirilmoqda. Hukumat qaroriga ko‘ra, zarur hollarda, bu uchun milliy qonunchilik talablari qayta ko‘rib chiqiladi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilda persona non grata deb e’lon qilindi. Bu bilan Guterrishning Isroilga kirishi ta’qiqlandi. Isroil tashqi ishlar vaziri buning sababi sifatida bosh kotib Eronning Isroilga qilgan hujumini “qat’iy qoralay olmagani”ni keltirdi.
O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab davlat-boshqaruv, harbiy, ilmiy va sanoat turizmi kabi turizmning yangi turlari joriy qilinadi. Shuningdek, Tourist map interaktiv portali ishga tushiriladi. Paypal, Apple Pay, Google Pay kabi to‘lov kompaniyalari O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulanadi.
Prokurorlar yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararni qoplash va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud ishlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Samarqand shahrida tormozi ishlamay qolgan “KamAZ” oldindagi 7 ta yengil avtomashinaga urilib, ularni surib ketdi. Hodisa oqibatida jarohat olganlar bo‘lmagan, hozirda surishtiruv olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting