Chet eldan vatandoshlarni olib kelish uchun yana 17 ta charter reysi jadvali e’lon qilindi. Keyingi ikki hafta ichida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Rostov-Donu, Istambul, Qohira va Sharjadan O‘zbekiston fuqarolarini olib keladi.
Toshkentdagi «O‘rikzor» savdo majmuasida sotuvchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi.
Musulmonlar idorasi nima uchun karantin vaqtida Ramazon hayiti namozini o‘qish musulmonlar zimmasidan soqit bo‘lishiga aniqlik kiritdi. Shuningdek, koronavirus yuqtirish ehtimoli borligi uchun hayit bayramini nishonlashda karantin choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.
Bitiruvchilar uchun «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri bu yil onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi, uni Uzreport TV telekanali, Toshkent shahar hokimligi va Xalq ta’limi vazirligi tashkillashtirishmoqda. Tadbirni 25 may soat 8:30 dan boshlab tomosha qilish mumkin bo‘ladi.
Sement importi bo‘yicha qo‘yilgan cheklov bir oy o‘tib olib tashlandi.
Bosh prokuratura Sardoba suv ombori bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ikki kishining gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb etilganini ma’lum qildi. Ular qamoqqa olingan.
Toshkentda yer usti metrosi ustunlari yaqinida yer o‘pirilishiga suv quvuri ustiga o‘rnatilgan P shaklidagi himoyalovchi beton plitaning yuk mashinalari og‘irligini ko‘tara olmasdan sinib ketgani sabab qilib ko‘rsatildi.
O‘zbekistonda tasdiqlangan koronavirus holatlari soni 8 taga ko‘payib, jami 3036 taga yetdi. Kun davomida 69 ta yangi COVID-19 holati qayd etilgan bo‘lsa, 46 tasi aholi orasida aniqlandi.
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani markazi Juma shahrida harakat vaqtincha to‘xtatildi. Mazkur qaror koronavirus tuman bo‘ylab tarqalmasligi maqsadida qabul qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiy viloyatida koronavirusga chalinish holatlari soni ortganini xabar qildi. Viloyatda 66 ta holat tasdiqlangan bo‘lsa, infeksiya yuqtirganlar orasida xorijdan kelganlar yo‘q. Asosiy o‘choq — Zarafshon shahri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda Andijon viloyatida 642 kilometr avtomobil yo‘li, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Andijonda dron yordamida klip olmoqchi bo‘lgan videooperator bir yil sinov muddati bilan shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Deputat Rasul Kusherbayev sudlanuvchining jinoyatini istehzo bilan “Yil jinoyati” deb ta’rifladi va bu kabi jazolarni jinoyat qonunchiligidan butunlay chiqarib tashlash kerakligini ta’kidladi.
Pokistonda ichki reysni amalga oshirayotgan samolyot aholi yashaydigan hududga qulab tushdi. Samolyotda kamida 90 nafar yo‘lovchi bo‘lganligi aytilmoqda.
AQSH hukumati COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratadi. Vashingtonning O‘zbekistonda koronavirusga qarshi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda ko‘rsatgan bevosita yordami ja’mi 5,92 mln dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi qaytarib bermaslik asosida Davlat byudjetiga 100 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘lar ajratadi. Bu mablag‘lar Sirdaryodagi suv toshqini oqibatida jabrlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Dam olish kunlari issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +35…+37, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa +40 darajagacha ko‘tariladi. Shamol tezligi kuchayishi mumkin.
Buxoro viloyatida davolanayotgan so‘nggi 2 nafar COVID-19 bemori ham to‘liq sog‘aydi. Respublika bo‘yicha tuzalganlar soni 2438 nafarga yetdi.
Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatidagi yig‘ilish davomida endilikda har bir sektorda “Kambag‘allikni qisqartirish shtabi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Mazkur shtablarga iqtisodiyot, moliya, mehnat, investitsiya, soliq idoralari va bank vakillari biriktirilishi va ularning ish haqi miqdori erishilgan natijalarga bog‘liq bo‘lishi ta’kidlandi.
Buxoro viloyat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi va vrach-dezinfeksionisti inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan juda ko‘p miqdordagi pullarni talon-taroj qilgani aniqlandi.
Milliarder Alisher Usmonov Hayit bayrami arafasida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1004 ta ehtiyojmand oilaga 2,51 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ajratdi. Bu pullar har bir oilaga qariyb 2,5 million so‘mdan taqsimlab berildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting