Markaziy bank Brio Group MCHJning (Oson brendi) to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasini tikladi. Kompaniya litsenziyasining amal qilish muddati 17-oktabrda to‘xtatib qo‘yilgandi. Undan avval esa Oson`ga qonun talablarini buzgani uchun jarima sanksiyasi qo‘llangan.
Xitoyning Xanchjou shahrida XIX Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi”ni 86 mingdan ortiq kishi tomosha qildi. Unda O‘zbekistonning 20 ta muzey eksponati, jumladan, an’anaviy o‘zbek so‘zanasi, chopon va zargarlik buyumlari namoyish etildi.
Antikorrupsiya agentligi 93 ta vazirlik, idora va hokimlikda e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning faqat 52 foizi ochiqlanayotganini aniqladi. Aksariyat hollarda budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar xarajatlariga oid ma’lumotlar bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bilan urushda 70 ming Ukraina askari halok bo‘lgan, yana 120 ming nafari yaralangan. The Economist maqolasida Ukrainada ishsizlik urushdan oldingi darajadan yuqoriligicha qolayotgani, qurilish, tog‘-kon sanoatida ko‘proq xotin-qizlarning mehnatga kirib kelayotgani qayd etilgan.
Mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini ochgan tadbirkorlarga davlat granti ajratilib, 1 nafar ayol uchun 3 mln so‘mdan oshmagan miqdorda pul to‘lanadi. Mablag‘lar Oila va xotin-qizlar jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Uzum Market`da 11.11 aksiyasining birinchi kunlari natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilar 130 mingdan ortiq buyurtma rasmiylashtirishgan. Buyurtmalar ko‘proq Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Buxoro aholisi tomonidan berilgan.
Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Birlashgan Qirollikning yangi tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi. U 2010−2016-yillarda Britaniya hukumatini boshqargan va Brexit to‘g‘risidagi referendumdan so‘ng iste’foga chiqqan edi.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari aholi bilim olish va sayohatga ko‘proq mablag‘ sarflay boshlaganini ko‘rsatdi. Respondentlarning kelajakdagi xarajatlari tarkibida ta’lim birinchi o‘rinni egalladi.
“Gazeta.uz”ning O‘zbekistonda saraton bilan og‘riganlar qanday vafot etayotgani haqidagi maqolasidan so‘ng Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkentdagi kattalar hospisi qurilishiga hamda Taskin bolalar hospisiga tashrif buyurdi. Ular hospis va palliativ yordam parlament nazoratiga olinishiga ishontirishdi.
O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi vositalarni joriy etish maqsadida biznesni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilmoqda. U kapitalni moliyalashtirish, xizmat ipotekasi va boshqa yordamlarni ko‘rsatadi. Kompaniya budjetdan 1,2 trln so‘m va 100 mln dollarlik kreditlar oladi.
O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga 19 ta tur qo‘shildi. Milliy taqinchoqlar, atlas va adras ishlab chiqarish, qo‘ziqorinlarni yig‘ish, uyda yetishtirish va sotish va boshqalar shular jumlasidan.
Yangihayot tumanida “12-Avtobus saroyi”ga tegishli MAN avtobusi yonib ketdi. Hodisaga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan.
Chexiya va O‘monning O‘zbekistondagi yangi elchilari TIV rahbari Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
8-dekabrgacha Asakabank`da milliy valyutadagi depozitlarga oshirilgan foiz stavkalari amal qiladi.
8-dekabrgacha Asakabank`da milliy valyutadagi depozitlarga oshirilgan foiz stavkalari amal qiladi.
Kitob tumanida fuqaro 21 tup qayrag‘och daraxtini noqonuniy ravishda kesib tashlagani aniqlandi. Holat bo‘yicha 180 mln 840 ming so‘m zarar belgilandi.
Saudiya Arabistonida o‘tgan Arab-islom sammitida G‘azodagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatish muhokama qilindi. Unda qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov a’zo davlatlarni Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa maskanlar daxlsizligini ta’minlashda imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirdi.
Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov mamlakatning g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘li qurilishini ma’lum qildi. Bu yo‘l Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi shakllantirishni yakunlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi 1−2-dekabr kunlari Dubay shahrida o‘tkaziladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha jahon sammitida ishtirok etadi. Unda O‘zbekiston milliy, mintaqaviy va global darajada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.
Dushanba kuni Toshkentdagi “Chuqursoy” podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik sababli Yunusobod, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida issiq suv va isitish tizimi vaqtincha o‘chiriladi. Hokimlik ta’minot yarim tunga qadar tiklanishini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting