Yangi yilda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashga 14% ko‘proq mablag‘ ajratiladi. Qoraqalpog‘iston va besh viloyatda davlat tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha tajriba loyihalari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlari ish haqi oshishi kutilmoqda. Oilaviy shifokorlarga esa mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident farmoni bilan besh kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun 2025-yil 4-yanvar (shanba) kunidagi dam 2-yanvarga (payshanba) ko‘chirildi. Olti kunlik ish kunidagi xodimlar uchun 2-yanvar qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. Shu tariqa birinchi guruh olti, ikkinchisi esa ketma-ket besh kun dam oladi.
Prezidentga maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish rejalari olib kirildi. 2025-yilda 100 dan ortiq maktab qurish, malaka toifasi berishda yangi tizimga o‘tish, harbiy vatanparvarlik darsliklarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari ta’lim sifatini, ayniqsa, chekka tumanlarda yaxshilashni buyurdi.
Toshkent viloyatining Piskent tumanida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Qirqqizobod qishlog‘ida daydib yurgan och bo‘rilarni qidirish va zararsizlantirish ishlari boshlandi. Jonzotlarni hayvonot bog‘iga o‘tkazish rejalashtirilgan, dedi tuman hokimligi.
O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati to‘xtatilishi sabablari va ularni demontaj qilish talabiga oydinlik kiritishni so‘rab deputatlik so‘rovi yubordi.
Tuman va shaharlar hokimliklari sakkizta vazirlik va idoraning bo‘lim rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish, shuningdek, ularni rag‘batlantirish va jazolash huquqiga ega bo‘ladi. 15 ta tumanda “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” huquqiy eksperimenti o‘tkaziladi.
UZTELECOM 200 ming so‘m evaziga “Hammasi Birga 3+Mobile” tarifini taqdim etmoqda.
O‘zbekistonda elektr, gaz va suv hisoblagichlarini tekshirish bo‘yicha davlat xizmatlari proaktiv formatga o‘tkazilmoqda. Ya’ni ular fuqarolarning murojaatlarisiz tekshiriladi. Yana oltita xizmat kompozit formatda taqdim etiladi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bosh direktori Quvondiq Sanaqulov O‘zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga O‘zbekistonda hokimliklar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Viloyatlar hokimliklari boshqaruv apparatining yangi namunaviy tuzilmasi tasdiqlanmoqda.
Tataristonda ishchilarning vaqtinchalik yashash uyi yonib ketdi. U yerdan 6 erkakning jasadi topildi, ularning 5 nafari o‘zbekistonlik. Qozondagi Bosh konsulxona diplomatlarni voqea joyiga jo‘natdi va vaziyatni nazoratga oldi.
Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroporti hududida joylashgan maydonlarni ijaraga berish uchun tegishli lotlarni auksionga joylashtirdi. Tez kunlarda poytaxt aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida kitob do‘koni tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Adliya vazirligida “Advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlarni taqdim qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlar har bir hisobot davri uchun taqdim etiladi.
FVV xodimlari Bo‘stonliqdagi tog‘da adashib qolgan 5 kishini qutqardi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 83 yoshda vafot etdi. U “Masxaraboz”, “Sevginator”, “Sehrli qalpoqcha” kabi filmlar va ko‘plab spektakllarda rol o‘ynagan.
Shavkat Mirziyoyev 25−26-dekabr kunlari MDH va YOII sammitlarida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi. Yig‘ilishlarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashiladi.
Albaniya hukumati ijtimoiy tarmoqdagi janjaldan so‘ng 14 yoshli o‘smirning o‘ldirilishi ortidan TikTok faoliyatini taqiqladi. Cheklov 2025-yil boshida kuchga kiradi va bir yil amalda bo‘ladi. Platformaning o‘zi qotillik va TikTok`ning bog‘liqligini rad etmoqda.
Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilib, takliflar tayyorlanadi va hokimlarga yetkaziladi. Prezident ko‘p energiya talab qiluvchi yirik loyihalarni ushbu hududda joylashtirish kerakligini ta’kidladi.
AQSh hukumati joriy yilning 9 oyida 572 nafar O‘zbekiston fuqarosini vataniga deportatsiya qildi. Bu 2023-yilning shu davridagidan 6,5 barobar ko‘p.
Yirik miqdorda to‘lov evaziga O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Ulardan biri tanishidan AQShga ishlashga jo‘natish uchun 9000 dollar, ikkinchisi esa Polshaga yuborish uchun 1000 dollar va 6,3 mln so‘m olgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting