Shavkat Mirziyoyev prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 1-yalpi majlisida qonun ustuvorligi, bank-moliya, xususiylashtirish, tabiiy resurslardan foydalanish, raqamlashtirish va yashil iqtisodiyot sohalariga chel ellik sarmoyadorlar va tadbirkorlarni hamkorlik qilishga chaqirdi.
Yanvar-oktabr oylarida Toshkent viloyatida jami 310 kg giyohvand moddalarining muomalaga kiritilishining oldi olindi. Shundan 70,1 kgmi o‘tgan oyda musodara qilindi.
DXX tomonidan «Sirdaryo suv ta’minoti» kompaniyasining Guliston shahridagi nazoratchi-inspektori fuqaroning ichimlik suvidan 3,7 mln so‘mlik qarzdorligini yopib berish evaziga 1,7 mln so‘m olgan vaqtda ushlandi.
Buxoro shahridagi 4-maktabda dars vaqtida sinfdagi barcha o‘quvchilarni kaltaklagan o‘qituvchi o‘z arizasi bilan ishdan bo‘shatildi. Holat bo‘yicha o‘rganish ishlari huquq-tartibot idoralari hamkorligida davom etmoqda.
Sariosiyo tumanida o‘lik bo‘rini daraxtga osib qo‘yib, terisini shilayotganlar videosi tarqaldi. Aybdor topilib, unga nisbatan BHMning 10 baravari miqdorida jarima belgilandi.
Namangan shahrida prezidentning Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida shoirning haykali o‘rnatildi. Qarorda, shuningdek, Toshkent va Namangandagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomini berish ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari, “yashil” taraqqiyot kabi yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, Samarqandda bank boshqaruvchilarining yillik yig‘ilishini o‘tkazish muhokama qilindi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev elektr energiyasidagi uzilishlarning sababini stansiyalarda elektr ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligi bilan izohladi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda mavjud elektrning 85 foizi tabiiy gaz vositasida ishlab chiqariladi.
Tarmoqlardagi «odob-axloq qoidalariga zid va fuqarolarning da’volariga sabab bo‘lgan» video va fotosuratlari sabab qamalgan insta-bloger apellyatsiyadan so‘ng ozod qilindi. Toshkent shahar sudining ajrimi bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi 4 sutkaga o‘zgartirildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Akbar Toshqulov Adliya vazirligiga rahbar bo‘ldi. U shu kunlarda prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Ruslanbek Davletovning o‘rnini egalladi.
Dehqonobod tumani hokimi yordamchisi tadbirkorlar bilan kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hokim yordamchisiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Toshkent viloyatidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lida Nexia-2 «KamAZ» bilan to‘qnashdi. Zarb oqibatida Nexia-2 yonib ketdi.
16 noyabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursi 11 170,65 so‘m etib belgiladi. Tijorat banklari ham dollarning sotish va sotib olish bo‘yicha yangi qiymatini e’lon qildi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva Sharm al-Shayxda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasi (COP27)da nutq so‘zladi. U Mintaqaviy iqlim kengashini tuzishni taklif qildi va O‘zbekiston «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishishni maqsad qilganini ta’kidladi.
Tarmoqlarda Termizdagi harbiy qismlarning birida xizmat o‘tayotgan qarshilik yigit vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Mudofaa vazirligi uning sog‘ligidagi shikoyat uchun klinik gospitalga yotqizilgani va operatsiyadan so‘ng yigitda biologik o‘lim qayd etilganini ma’lum qildi.
Rossiya O‘zbekistondan qurilish, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoatga tashkiliy tarzda yollash orqali jalb qilingan mehnat muhojirlari soniga cheklov, shuningdek, majburiy emlash talabini olib tashladi.
Poytaxtning Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida qariyb 4,4 tonna iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini saqlash va sotishga urinish holatlari aniqlandi.
Qirg‘iziston O‘zbekistonga So‘x anklaviga alohida koridor ajratmaydi, biroq davlatlar chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirishga kelishib oldi, deya ma’lum qildi bosh vazir Abdulla Aripov. Xususan, ID-kartalar bilan (pasportsiz) harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi Jonatan Xenik O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Vladimir Norov unga yangi lavozimida muvaffaqiyatlar tiladi.
Prezident 2016 yil dekabrdan buyon fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Tursinxan Xudaybergenovni o‘zining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari buyicha maslahatchisi etib tayinladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting