Toshkentdagi Adju universiteti, Toshkent farmatsevtika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga yangi rektorlar tayinlandi.
Prezident qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining 4 nafar o‘rinbosari tayinlandi. Bular moliya vaziri o‘rinbosari Shohruh Shorahmedov, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi direktori Ulug‘bek Sobirov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulla Azizovlar.
Yil boshidan buyon o‘zbek korxonalari 6,1 mlrd dollarlik mahsulotlarni eksport qildi, biroq global bozorda talab va taklifning pasayishi qayd etilmoqda. Prezident pandemiyaning tashqi iqtisodiy faoliyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ushbu choralar hisobiga eksport yil yakunlari bo‘yicha 17,1 mlrd dollarga yetishi mumkin.
Jahon banki ishtirokida COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun, bank tomonidan 95 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratilib, bu mablag‘larga sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash hamda kam ta’minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish ko‘zda tutilgan.
Sardor Abdullayev Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Hukumat qarori bilan Sardor Radjabov Davlat test markazi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u markazning boshqarma boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan edi.
Hindiston elchisi Santosh Ja O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi.
O‘zbekistonda birinchi marta elektron qonun hujjati qabul qilindi. Mazkur hujjat sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini emas, balki uning tarkibidagi ta’sir qiluvchi moddalarni yozish talab etiladi.
Farhod Mahmudov Milliy teleradiokompaniya raisining birinchi o‘rinbosari, Xayrulla Nuritdinov esa “O‘zbekiston 24” telekanali direktori etib tayinlandi. Prezident administratsiyasida ham bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.
O‘zbekistondagi taniqli bloger va Mass-media fondi direktori Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi. Ta’kidlashicha, X.Xudoyberdiyev Mass-media fondining direktori lavozimini tark etadi.
Italiyalik Marko Mantovanelli Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga rahbar etib tayinlandi. U iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha Lotin Amerikasi, Afrika va Yevropada 20 yildan ortiq tajribaga ega.
Prezident qaroriga binoan “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ faoliyati tugatiladi. Aksiadorlik jamiyatning tugatish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ikki hafta muddatda tasdiqlanadi va bajarilishi ta’minlanadi. Xoldingga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar belgilangan muddat tugagunga qadar saqlab qolinadi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Markaziy Osiyo — AQSH» («C5+1») videokonferensiyasida ishtirok etdi. Tadbirda ishtirokchilar tomonidan bir qator mintaqaviy masalalar muhokama qilindi va alohida urg‘u Markaziy Osiyoning ekologik ahvolini yaxshilashga berildi.
Huquqni muhofaza qilish organlari rahbar xodimlari “Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat” maxsus kursi bo‘yicha o‘qitiladi, deyiladi prezident ishtirokidagi yig‘ilishda. Davlat rahbari sud tizimini “bir sud — bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish, “nazorat tartibida ishlarni ko‘rish” amaliyotidan voz kechish, yerga bo‘lgan huquqlar kafolatini kuchaytirish, odil sudlov va korrupsiya reytingini joriy etish, advokatlar rolini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi yangi organ — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Davlat xizmatlari agentligi direktori bo‘lib ishlab kelayotgan Xalilillo To‘raxo‘jayev Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori lavozimida ishlagan O‘ktam Salomov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
1 iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bir qator cheklovlar joriy etilib, karantin choralari kuchaytiriladi. Xususan, koronavirus bemorlari toifalanadi va yangicha tartibda davolantiriladi, yirik buyum bozorlari shanba va yakshanba kunlari dezinfeksiya uchun yopiladi, «Qizil» va «sariq» hududlarda ayrim soatlarda jamoat joylarida harakat kamaytiriladi va jamoat transporti harakati kamaytiriladi.
30 iyun kunidan boshlab Nukus shahri “qizil” toifali hududga kiritilishi sababli shaharda bir qator cheklovlar qayta joriy qilinib, karantin choralari kuchaytiriladi. Xususan, shaharda jamoat transporti, buyum bozorlari, kafe-restoranlar, sartaroshxonalar, avtomaktablar faoliyati taqiqlanadi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun alohida organ tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi prezidentga bo‘ysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisob beradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting