Shuxrat Xalmuxamedov mudofaa vaziri etib tayinlandi. U bungacha vazirlik rahbarining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Mudofaa vaziri lavozimida ishlagan general-leytenant Bahodir Qurbonov prezident farmoni bilan O‘zbekiston DXX raisi etib tayinlandi. DXXning sobiq rahbari general-leytenant Abdusalom Azizov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashiga ixtiyoriga o‘tkazildi.
Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov lavozimidan olindi. U 2019-yildan beri bu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgandi.
Prezident Toshkent atrofida “yashil belbog‘” barpo etish loyihasi doirasida daraxt o‘tqazdi. Yangi bog‘ poytaxt halqa yo‘li bo‘ylab yaratilmoqda. Tadbirda hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar ishtirok etdi. Ayni paytda boshqa hududlarda ham shunday bog‘lar barpo etilmoqda.
Sanjar Sattarov “Toshshahartransxizmat” rahbari v.b. etib tayinlandi. Tashkilotining avvalgi rahbari Anvar Jo‘rayev ustidan sud ishi ketmoqda. Shuningdek, Mirakbar Ikramov Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi.
Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasining 2030-yilgacha bo‘lgan Harakat dasturini taqdim etdi. “Hukumatni chinakam xalq xizmatchisiga aylantirish, oddiy insonlarning muammolarini hal etish — faoliyatimizning asosiy mezoni”, — dedi u. “Gazeta.uz” hukumat rahbarining nutqidagi asosiy tezislarni keltiradi.
Prezident Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar ikki mamlakat bosh prokuraturalarining terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorligi masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov bir vaqtning o‘zida Niderlandiyadagi elchi etib ham tayinlandi. U Niderlandiya TIV Protokol departamenti direktori Xans Akerbumga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hukumat a’zoligiga 24 nafar nomzodlarni ma’qulladi (to‘liq ro‘yxat). Prezident Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlash to‘g‘risida farmonni imzoladi.
Prezident yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. “Bizning ikkita o‘q tomirimiz, tayanch ustunimiz bor: iqtisodiyot va ma’naviyat. Ma’naviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”, — dedi u. Mirziyoyev so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi ishlar davom etishini ham aytdi.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov O‘zbekiston shu darajaga kelishida Shavkat Mirziyoyevning beqiyos o‘rni borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident siyosiy irodasi bilan O‘zbekiston dunyo miqyosida ishonchli hamkor sifatida tanilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb nomlanishiga izoh berdi. “Yilni shunga bag‘ishlab, qonunlarni charxlab, ishlarni saranjom qilib olamiz. Har bir qaror, farmonni yashillikka olib borsak, yaxshi bo‘ladi”, dedi u.
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mamlakatning Kubadagi birinchi elchisi sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Davlatlar diplomatik munosabatlarni 2006-yilda o‘rnatgan.
Prezident qonunosti hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda har doim ham qonun talablariga rioya etilmayotganidan noroziligini bildirdi. 2018-yilda barcha hujjatlar loyihalarini majburiy jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish talabi kiritilgandi, ammo 2022-yil mart oyida bu talab o‘zgartirilgan.
Prezident vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rinbosarlariga parlament quyi palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik qilish mas’uliyatini yuklashni taklif qildi. Shuningdek, u parlament va hukumat o‘rtasidagi munosabatlar qarama-qarshilikka emas, balki konstruktiv muloqotga asoslanishi zarurligini eslatdi.
Deputat Akmal Saidov Qonunchilik palatasining yangi tarkibidagi birinchi majlisida Shavkat Mirziyoyevni Yangi O‘zbekiston parlamenti me’mori, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning butun faoliyati davomida parlament har doim uning diqqat markazida turadi.
Prezident avvalgi hukumat ishiga baho berib, kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Ular orasida 2030-yilgacha YAIMni 160 mlrd dollarga yetkazish, inflyatsiyani 5−6 foizda ushlab turish, 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish, ijtimoiy sohada islohotlar o‘tkazish va boshqalar bor.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Majlisda yig‘ilganlar bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.
Qonunchilik palatasida deputatlar Abdulla Aripov nomzodini O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga ma’qulladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting