1 iyuldan energiya va gaz narxini oshirish taklif etilgani, muhokamaga qo‘yilgan tadbirkorlik kodeksi loyihasi, O‘zbekistonga kelishi kutilayotgan Tojikiston prezidenti, tunda ishlashiga ruhsat berilgan muzeylar, aholidan tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib oladigan davlat, 2023 yilgacha bojxona bojlaridan ozod etiladigan 22 xil oziq-ovqat va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 31 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ichki ishlar xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi va muhokama qilinishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbuskorlardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘ralgan, shunga ko‘ra hujjatga o‘zgarishlar kiritiladi. «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qonunchiligimizda juda ko‘p bo‘shliqlar bor. Kerak bo‘lsa ziddiyatlar ham bor, uni ham tan olishimiz kerak», — dedi u.
3 iyundan boshlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan «Mehribon taksi» xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Mashinalar ko‘chma pandus bilan jihozlangan. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, xizmatdan tushgan mablag‘ning bir qismi hayriyaga yo‘naltiriladi, nogironligi bor shaxslar ham ishga jalb qilinadi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi gaz va elektr energiyasining yangi tariflari bo‘yicha aholining xarajatlari qanchaga oshishini hisoblab chiqdi. Agar energoresurslar iste’moli tabaqalashtirilgan tariflar doirasida qolsa, xarajatlar 8−10 foizga oshadi, deb ma’lum qildi vazirlik.
«Hududgaztaminot» iste’molchilar murojaatiga ko‘ra, suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibini yangiladi. Bundan buyon kompaniya gaz ballonini olish bo‘yicha har bir murojaatni joyiga chiqib o‘rganadi. Oila a’zolari ko‘p xonadonlar ID-karta orqali ikki marotaba gaz olishlari mumkin bo‘ladi. Kompaniya shu yo‘l orqali olib sotarlarga qarshi kurashishni maqsad qilgan.
2−4 iyun kunlari O‘zbekistonning 9 ta viloyatining tog‘li hududlarida yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sel-suv toshqinlari yuz berishi xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda. Qolaversa, haftaning ikkinchi yarmida ayrim hududlarda shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda esa chang to‘zoni kuzatilishi mumkin.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ta’lim darajasiga qarab ish haqi o‘sishini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqidagi ustama fan doktori (DSc) ilmiy unvoni uchun 61% dan, PhD yoki fan nomzodi uchun 41% dan yuqori ekanligi, shu bilan birga bakalavr bosqichining imtiyozli diplomiga ega xodimlar mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga qaraganda 8,5% ko‘proq maosh olishi ma’lum bo‘ldi.
Adliya vazirligi 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihasi va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlarini yaxlitlashtiruvchi Tadbirkorlik kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda. Qolaversa, kodeksdan subsidiya berish va moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartiblari, «xo‘jalik shirkati» shaklini bekor qilish ham o‘rin olgan.
O‘zbekistonda 1 iyuldan «Milliy merosga mening hissam!» umumxalq aksiyasi tashkil etiladi. Uning doirasida aholidan mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega tasviriy va amaliy san’at asarlari xarid qilinadi. Buning uchun har yili 3,5 mlrd so‘m, talabga ko‘ra undan ham ko‘proq mablag‘ ajratib boriladi. Qolaversa, «Moziyga sayohat» dasturi ham o‘tkaziladi, daftarlarga kiritilgan fuqarolar uchun muzeylarga kirish bepul bo‘ladi.
Prezident qarori bilan 1 iyuldan boshlab davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 ga qadar hamda tungi vaqtlarda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi. Qolaversa, turkiyalik mutaxassislar ishtirokida uchta muzey rekonstruksiya qilinadi.
Toshkent, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan besh nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular jami 9100 dollarni 100 mln so‘mga sotishga urinishgani aytilmoqda. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Lola Murotovaning vafotiga hamdardlik bildirgan prezident, xalqaro musobaqa g‘olibi Nodirbek Abdusattorov, Toshkentda mushukni derazadan uloqtirgan bola, bolalar kuniga 200 ming so‘mdan pul tarqatilayotgani haqida tarqalgan yolg‘on xabarlar, chek bo‘yicha tadbirkorlarni tekshirish qoidalarini yumshatgan Soliq qo‘mitasi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 30 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident farmoni bilan 1 oktabrdan respublikadagi ko‘p kvartirali uy-joylar zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazilib, ular natijalariga ko‘ra seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan uylar o‘rniga yangilari quriladi. Shuningdek, 2023 yildan boshlab 9 va undan yuqori qavatli yangi qurilayotgan binolarda vibrodinamik uskuna yoki maxsus asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv o‘tkazib boriladi.
Taniqli sport jurnalisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Imomxo‘jayev 86 yoshda hayotdan ko‘z yumdi.
Hozirgi davrda prokrastinatsiyaga duch kelmagan, bundan aziyat chekmagan insonlar juda kam bo‘lsa kerak. Ammo biz uning sabablarini, aslida qanday oqibatlarga olib kelishini bilamizmi?
O‘zgidromet kelayotgan yoz anomal issiq bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlarni rad etdi. Biroq ob-havoning o‘ta issiq bo‘lishi ham istisno qilinmaydi, bu — O‘zbekiston iqlimining o‘ziga xos xususiyatlaridir, deya ta’kidladi sinoptiklar. Iyun oyi bo‘yicha ob-havo prognozi.
2023 yil 1 yanvardan advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish onlayn tarzda amalga amalga oshiriladi. Shuningdek, advokat bilan masofadan bitim tuzish va undan onlayn yuridik yordam olish imkoniyati yaratiladi. Davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Samarqand tumanida fuqaro boshqa fuqaroga qarashli issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix yer maydonining 5 sotixini 100 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan tezkor tadbirda u 70 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
IIV YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolashga oid qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi. XPD fraksiyasi takliflar bo‘yicha sabablar asosli ochib berilmaganligi uchun mazkur qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rad etib, uni kun tartibidan chiqarib tashladi. Bu xodimlarni tasvirga olishni taqiqlashga bo‘lgan navbatdagi urinish, avvalroq vazirlik taklif etgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Tarmoqlarda Bahmal tumanida ikki nafar shaxs uchta bo‘ri bolasini sotish bo‘yicha e’lon bergani haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax Ekologiya boshqarmasi xodimlari bo‘ri bolalarini ularning mashinasidan topdi. Huquqbuzarlar esa jarimaga tortildi. Bo‘ri bolalarini ekologlar parvarishlamoqda, ular yaqin fursatlarda tabiat qo‘yniga qaytariladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting