Qozog‘iston hukumati TikTok platformasini bloklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ularning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar orasida mamlakatda tarqatish taqiqlangan materiallar soni bo‘yicha aynan TikTok yetakchilik qilmoqda.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotda Qozog‘istonning qator viloyatlarida sodir bo‘lgan suv toshqinlari munosabati bilan ko‘rsatilayotgan yordam va birodarlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Rossiya harbiylari Ukrainaning Xarkov shahridagi teleminoraga raketa hujumi uyushtirdi. Videotasvirlardan teleminoraning yuqori qismi qanday qulab tushganini ko‘rish mumkin.
Qozog‘iston prezidenti chekilmaydigan tamaki mahsulotlari va elektron sigaretalar, ularning suyuqliklarini olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni, shuningdek, reklama qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.
Hindistonda 44 kun davom etadigan parlament saylovlari boshlandi, unda salkam 1 mlrd saylovchi ishtirok etadi. So‘rovlar bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi hukmron Bharatiya Janata partiyasi g‘alaba qozonishini bashorat qilmoqda, shunday bo‘lsa, Modi ketma-ket uchinchi muddatga qayta saylanishi mumkin.
2023-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 6,8 foizga o‘sib, 2,44 trln dollardan ortiqni tashkil etdi, deyiladi SIPRI hisobotida. AQSh, Xitoy va Rossiya eng ko‘p harbiy xarajat qilgan davlatlar bo‘ldi. Rossiyaning xarajatlari SSSR parchalanganidan buyon eng yuqori darajaga yetdi.
JSSTning ta’kidlashicha, parranda grippi virusining sutemizuvchilar, jumladan, odamlar orasida tarqalishi jiddiy muammo tug‘diradi. Infeksiya odamdan odamga yuqmaydi, lekin uni yuqtirgan odamlar orasida o‘lim darajasi yuqori hisoblanadi.
Xitoy hukumati talabi bilan Apple WhatsApp, Telegram, Signal, Line va Threads messenjerlarini App Store’dan olib tashladi. The Wall Street Journal’ning ta’kidlashicha, ilovalar ularda XXR yetakchisiga nisbatan “shubhali” havolalar borligi sabab o‘chirilgan.
AQSh BMT Xavfsizlik Kengashining Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zoligiga oid rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi. Falastin ayni damda BMTda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
Isroil dronlar orqali, Eron rasmiylariga ko‘ra, Isfahon shahri yaqinidagi harbiy havo bazasiga zarba berdi. Hujum paytida portlash ovozlari eshitilgan, hududdagi yadroviy inshootlarga zarar yetmagan. Isroil mudofaa kuchlari bu zarbaga izoh bermadi.
Rossiyaning raketa hujumlari oqibatida Ukraina deyarli barcha issiqlik elektr stansiyalarini yo‘qotdi, atom elektr stansiyalari esa o‘qqa tutilish xavfi ostida, dedi prezident Vladimir Zelenskiy. U yana ittifoqchilarni mamlakatni havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida odamlar va kontrabanda tovarlarni qo‘shni davlatga noqonuniy olib o‘tishda foydalanilgan yerosti tunneli aniqlandi. U yerdan o‘tayotgan ikki davlat fuqarolari qo‘lga olindi.
Gruziya parlamenti mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Prezident Salome Zurabishvili veto qo‘yishga va’da berdi, ammo hukmron partiya uni chetlab o‘tishi mumkin.
BAAda so‘nggi 75 yil ichida rekord darajada yog‘ingarchilik kuzatildi. Dubay bundan eng ko‘p zarar ko‘rdi — ko‘cha, uylar, savdo markazlari va aeroport suv ostida qoldi. Hodisani hukumat qurg‘oqchil iqlimda yomg‘ir chaqirish uchun foydalanadigan bulut ekish ishlari keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin, deb yozdi Bloomberg.
Rossiya Ukrainaning Chernigov shahri markaziga raketa hujumini uyushtirdi, oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rasmiylar turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rganini bildirdi.
Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyoda demokratik ko‘rsatkichlar pasayishda davom etmoqda, Ukrainadagi urush va boshqa mojarolar esa mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlarni tezlashtirdi, deya ta’kidladi Freedom House. O‘zbekistondagi demokratiya darajasi 7 dan 1,18 ball sifatida baholandi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatdagi eng yirik suv toshqinlari fonida hukumatga budjet mablag‘larini tejash maqsadida imidj yaratish va yirik tadbirlarni o‘tkazishdan voz kechishni buyurdi.
Minglab odamlar Gruziya parlamenti binosi yaqiniga “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga norozilik bildirish maqsadida yig‘ildi. Ularning fikricha, qonun Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshash. Hujjat o‘tgan yili muhokamaga qo‘yilgan, biroq namoyishlardan so‘ng qaytarib olingandi.
Nyu-Yorkda Donald Trampning sukut saqlashi uchun pornoaktrisaga pul to‘lagani bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Tarixda ilk bor AQSh sobiq prezidenti jinoiy ish bo‘yicha sudda ishtirok etmoqda. Siyosatchi o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olmayapti.
Singapur bosh vaziri Li Syan Lun yigirma yillik hokimiyatdan so‘ng 15-may kuni o‘z lavozimini tark etadi. Uning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri Lorens Vong tayinlanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting