G‘azodagi havo hujumida World Central Kitchen oziq-ovqat tashkilotining yetti xodimi halok bo‘ldi. Tashkilot bunda Isroilni aybladi, ammo Isroil armiyasi zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. WCK sektordagi ishini to‘xtatmoqda. G‘azoning 300 mingga yaqin aholisi yaqin orada ochlikdan o‘lim topishi mumkin.
O‘n minglab odamlar Tel-Aviv va Quddus ko‘chalariga chiqib, Isroilda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish va HAMAS garovidagilarni ozod qilishni talab qildi. Bu namoyishlar G‘azo urushi boshlanganidan beri mamlakatdagi eng yiriklari bo‘ldi. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlardan foydalandi.
Turkiyadagi munitsipal saylovda 20 yil ichida ilk bor muxolif partiya g‘olib bo‘ldi. Barcha yirik shaharlar, jumladan, Anqara va Istanbulda muxolifat nomzodlari g‘alaba qozondi. Prezident Erdo‘g‘an partiyasi mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi va xalq irodasini e’tiborsiz qoldirmaslikka va’da berdi.
Rossiyaning Oltoy o‘lkasida O‘zbekiston fuqarosi Moskvadagi “Krokus Siti Holl”da sodir etilgan terakt haqida omma oldida aytgan fikrlari uchun terrorizmni oqlaganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Unga besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Nyu-York sudi FTX kriptobirjasi asoschisi Sem Benkman-Fridni mijozlardan milliardlab dollar o‘g‘irlagani uchun 25 yilga ozodlikdan mahrum qildi. AQSh prokuraturasi buni Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng yirik moliyaviy firibgarliklardan biri deb atadi.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Rossiya xavfsizlik kuchlari bilan birgalikda ISHID va “Krokus siti holl” konsert zaliga hujum qilganlarga aloqadorlikda gumon qilingan to‘qqiz nafar shaxsni qo‘lga oldi. Teraktda jarohatlanganlar soni 380 nafardan ortdi.
Kaliforniya universiteti (AQSh) yangi tadqiqotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida qutb muzliklarining erishi Yerning aylanish tezligiga ta’sir qilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, global vaqt hisobini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Latviya tashqi ishlar vaziri Krishyanis Karinsh bosh vazir bo‘lgan vaqtida budjet hisobidan shaxsiy samolyotlarda uchgani bilan bog‘liq mojaro tufayli o‘z lavozimini tark etishini e’lon qildi. U bosh vazirlik paytida 32 marta shaxsiy samolyotlarda chet el safarlariga borgan va bu budjetga 613 ming yevroga tushgan.
Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi yangi yirik hujumni boshlashi mumkin, Kiyevning unga bardosh bera olish qobiliyati esa bir yil avvalgiga nisbatan “ishonchsizroq ko‘rinmoqda”, deb yozdi Economist. Ukraina zudlik bilan ko‘proq qo‘shin mobilizatsiya qilishi va ishonchli mudofaa chizig‘i qurishi kerak.
Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Rossiyadagi “Krokus siti holl”da sodir etilgan teraktdan keyin mamlakatning barcha yirik savdo markazlari, konsert zallari va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarini tekshiradi.
Qirg‘iziston maxsus xizmatlari bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimovni jinoiy daromadlarni legallashtirishda gumonlab qo‘lga oldi. Sobiq amaldor Bokudan Bishkekka ekstraditsiya qilindi. Matraimovning “qonundagi o‘g‘ri”, marhum Qamchi Ko‘lboyev bilan aloqasi bo‘lgani da’vo qilinmoqda.
Psixolog va iqtisodchi, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, xulq-atvor iqtisodiyoti asoschilaridan biri Daniel Kaneman 90 yoshida vafot etdi.
Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Moskva yaqinidagi “Krokus”da terakt sodir etishda ayblanayotgani fonida Rossiyada muhojirlarga qarshi choralar, xususan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarlik uchun deportatsiya qilish hamda patentlar bo‘yicha cheklovlar muhokamasi avj oldi.
Dunyo bo‘ylab yoshlar saratonga chalinish ehtimoli ko‘paymoqda va 2030-yilga kelib erta onkologiya holatlari yana 30 foizga oshishi kutilmoqda. Olimlar bu tendensiyani hali tushuntirib bera olmaydi va eng ehtimoliy omillar — semirish va saraton kasalligining erta skriningi to‘liq tasvirni ochib berolmaydi.
Boeing rahbarlari kompaniyaning eng katta inqiroziga olib kelgan samolyotlar xavfsizligi bo‘yicha bir qator mojarolardan so‘ng iste’foga chiqadi. So‘nggi baxtsiz hodisa yanvar oyida bo‘lgan: Alaska Air aviakompaniyasining 737 MAX 9 samolyotidagi eshik paneli parvoz paytida chiqib ketgandi.
BMT Xavfsizlik Kengashi ilk bor G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 14 davlat qo‘llab-quvvatladi, AQSh betaraf qoldi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga zarurat bo‘lmaganda Rossiyaga vaqtincha bormaslikni tavsiya qildi. Rossiyadagi fuqarolardan odamlar gavjum joylarda harakatlanmaslik so‘raldi.
AQSh ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun emissiya standartlarini kuchaytirdi. Shu yo‘l bilan Amerika hukumati elektr va gibrid avtomobillarga o‘tishni rag‘batlantirishga umid qilmoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasi “Krokus Siti Holl”ga uyushtirilgan hujumda ishtirok etgan 4 kishi hibsga olingani, shuningdek, terakt qurbonlari soni 93 kishiga yetganini ma’lum qildi. “O‘lganlar soni yana ortishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
IShID-Xuroson (IShID-K) Moskva yaqinidagi terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi, deb yozmoqda The New York Times. Bu ma’lumotni AQSh razvedka xizmatlari tasdiqladi. Ular Rossiyani mart oyi boshida ehtimoliy hujum haqida ogohlantirgan, bir necha kun oldin esa Vladimir Putin buni “shantaj” deb atagandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting